“Arsenal” “Barselona” himoyachisini sotib olishi mumkin

“Arsenal” “Barselona” himoyachisi Jyul Kundeni sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda El Nacional nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, agar “Barselona” himoyachisi Jyul Kunde asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotsa, klubni tark etishi mumkin. Fransiyalik futbolchi o‘z kelajagi borasida yakuniy qaror qabul qilishdan avval bosh murabbiy Hansi Flik bilan shaxsan uchrashishni rejalashtirmoqda. Kunde nemis mutaxassisi uni yangi mavsumda qanday rolda ko‘rayotganini bilmoqchi.
27 yoshli himoyachi uchun o‘ng qanotdagi raqobat tobora kuchaymoqda. Flik ushbu pozitsiyada Erik Garsiyadan faol foydalanmoqda. Shuningdek, 19 yoshli Xavi Espart mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida murabbiylar shtabida yaxshi taassurot qoldirgan.
Kundening o‘zi hozircha “Barselona”ni tark etishga shoshilmayapti. U yaqinda kataloniyaliklar bilan shartnomasini uzaytirgan. Biroq futbolchi zaxira o‘yinchisi maqomida qolishni istamaydi. Agar Flik uni asosiy tarkibning muhim futbolchisi sifatida ko‘rmasligini bildirsa, Kunde boshqa klublardan tushadigan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor.
Vaziyatni “Arsenal” ham diqqat bilan kuzatmoqda. London klubi Kundening universalligini yuqori baholamoqda. Fransiyalik futbolchi himoyaning o‘ng qanotida ham, markazida ham samarali o‘ynay oladi. O‘z navbatida, “Barselona” ham futbolchi uchun jiddiy taklif tushgan taqdirda, uni sotish variantini ko‘rib chiqishi mumkin.
Shu bois Kundening kelajagi, avvalo, uning Hansi Flik bilan uchrashuvidan so‘ng oydinlashadi. Agar murabbiy unga asosiy tarkibdan kafolatlangan joy bermasa, fransiyalik himoyachi yozgi transfer oynasi yakuniga qadar boshqa klubga o‘tishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Jyul Kunde “Barselona” safida uch bor Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, uning klub miqyosidagi sovrinlari orasida Ispaniya Kubogi va uchta Ispaniya Superkubogi bor. Fransiya terma jamoasi bilan esa u 2022-yilgi Jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan.

