Oʻzbekistonning Osiyo oʻyinlariga borgan ikki vakilida doping aniqlandi
Ulardan biri allaqachon medal olgan, ikkinchisi bugungi musobaqalarda ishtirok etishi kerak edi.

Oʻzbekistonning Osiyo oʻyinlariga yoʻl olgan ikki vakilida doping aniqlandi
Oʻzbekiston delegatsiyasining ikki aʼzosi — kanoechi Pavel Eygel va sportning aralash yakkakurash turida qatnashgan Nodirbek Shavkatov — doping namunalarida taqiqlangan moddalar topilgani sababli 2026-yilgi Osiyo oʻyinlaridan vaqtincha chetlatildi.
Xalqaro doping-test agentligi (ITA) xabariga koʻra, Pavel Eygelning namunasida trimetazidin, Nodirbek Shavkatovnikida esa meldoniy aniqlangan. Ikkala modda ham WADA taqiqlagan moddalar roʻyxatiga kiritilgan.
Yakuniy qaror qabul qilinmaguncha, sportchilar musobaqalarda ishtirok eta olmaydi.
Qayd etilishicha, ular natijani qayta tekshirtirish uchun «B» namunasini tahlil qilishni soʻrashi va vaqtinchalik chetlatish qaroriga qarshi Sport arbitraj sudiga murojaat qilishi mumkin. Hozircha sportchilarga nisbatan yakuniy qaror chiqarilmagan.
Maʼlumot uchun, Nodirbek Shavkatov (-71 kg) 21-sentabr kuni aralash jang sanʼatining modern yoʻnalishida bronza medalni qoʻlga kiritgan, u yarimfinalda Qozogʻiston vakili Qodirbek Shinbayevga magʻlub boʻlgandi.
36 yoshli Pavel Eygel esa Rossiya fuqarosi hisoblanadi va 2018-yilgi jahon chempionatida bronza medal sovrindori boʻlgan. 2025-yil may oyida u sport fuqaroligini oʻzgartirib, 2026-yilgi Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston nomidan qatnashishga qaror qilgandi.
U turnirdagi ishtirokini bugun, 29-sentabr kuni boshlashi kutilayotgandi, biroq diskvalifikatsiyaga uchradi.

