Oʻzbekistonda er-xotinni yarashish muddatisiz ajratish taklif qilinmoqda
Yarashish muddati berilmasdan ajrashish uchun aniq asoslar belgilanadi. Bu haqda 11 sentyabr kuni Senat yigʻilishida Bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Dilnoza Kattaxonova maʼlum qildi.

Oʻzbekistonda er-xotinni yarashtirish muddatisiz ajratish taklif etilmoqda
Hukumat oilaviy munosabatlarni tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini tayyorladi. Hujjatda muayyan asoslardan biri mavjud boʻlgan taqdirda, nikohni bekor qilishda muddat belgilamaslik taklifi koʻzda tutilgan.
«Nikohni yarashtirish muddatini bermasdan bekor qilish uchun asos sifatida er-xotindan biri zoʻravonlik yoki tazyiqqa uchragan, spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalariga ruju qoʻygan, OITS yuqtirgan, shuningdek, er-xotin uzrli sabablarsiz uch yil davomida birga yashamagan holatlarni belgilash taklif etilmoqda»
Oila kodeksining 40-moddasida nikohni sud tartibida bekor qilish tartibi belgilangan. Bunda sud ishning koʻrilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muddat tayinlashi mumkin. Agar yangi qonun kuchga kirsa, ushbu moddaga oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Yigʻilishda Dilnoza Kattaxonova «mahalla yettiligi» ajrimlarga olib keluvchi omillarni bartaraf etish choralarini kuchaytirishi zarurligini taʼkidladi. Tahlillarga koʻra, sudlarga qilingan murojaatlarning 60 foizdan ortigʻida xarakterlarning toʻgʻri kelmasligi, oʻzaro ishonchsizlik yoki oilaviy hayotga tayyor emaslik kabi asossiz sabablar bilan ajrashish niyati koʻrsatilgan.
Hukumat vakilining maʼlum qilishicha, endilikda ajrashish yoqasiga kelib qolgan ayollar bilan individual tarzda ish olib boriladi. Maxsus dastur orqali nafaqat ayol, balki uning oilasining har bir aʼzosi qamrab olinadi. Ularga muammolarining yechimini topishda yordam beriladi. Masalan, agar ajrashish erkakning ishsizligi, yaʼni oiladagi iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bogʻliq boʻlsa, hokim yordamchisi erning bandligini taʼminlash choralarini koʻradi. Oʻz navbatida, oila farzandlarini taʼlim xizmatlari bilan qamrab olish ishlari tashkil etiladi.
«Agar ajrashish sababi bandlik, uy-joy, sogʻliq, psixologik yoki huquqiy muammolar bilan bogʻliq boʻlsa, oilaga tegishli xizmatlarni bir vaqtda va kompleks ravishda koʻrsatish vazifa qilib belgilandi»
Xabar qilinishicha, bugungi kunda Oʻzbekistonda 10,5 milliondan ortiq oila mavjud. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida mamlakatda 115 879 ta yangi nikoh qayd etilgan. Ushbu davrda 29 353 ta ajrim holati qayd etilgan. Ajrimlar 2025 yilning shu davriga nisbatan 1 470 taga (5 foizga) oshgan.
«Agar yanvarda ajrimlarning oʻsish surʼati 11 foizni tashkil etgan boʻlsa, iyulga kelib uning 5 foizgacha kamayganini kuzatmoqdamiz. Biroq Jizzax, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida ajrimlar soni ortib bormoqda. Namangan va Andijon viloyatlarida esa kamayish kuzatilmoqda»

