Mahalliy

Sergelidagi “gigant” maktab: 7000 nafardan oshiq o‘quvchi bir maktabda qanday o‘qimoqda?

Sergelidagi “gigant” maktab: 7000 nafardan oshiq o‘quvchi bir maktabda qanday o‘qimoqda?

Sergeli tumanidagi 300-maktab 2026-yilda 19 ta birinchi sinf va jami 665 nafar yangi o‘quvchini qabul qildi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in savollarni yuzaga chiqardi. O‘quvchilar sonining ko‘pligi ko‘pchilikda tabiiy savol uyg‘otadi: maktab shuncha bolani sig‘dira oladimi va sharoitlar qanday? “Daryo” muxbiri vaziyatni yaqindan ko‘rish uchun ushbu ta’lim muassasasida bo‘ldi.

Hozir maktabda 7 232 nafar bola 188 ta sinfga bo‘lingan holda ta’lim olmoqda. Ta’lim muassasasi 7 gektar maydonni egallaydi va 4 ta alohida binodan iborat. Boshlang‘ich sinflar, o‘zbek va rus guruhlari alohida binolarga joylashtirilgan. Yana bir bino fanlarni kichik guruhlarga bo‘lib o‘qitishga mo‘ljallangan. Ma’muriyatga ko‘ra, bu tartib koridorlarda tirbandlik yoki tartibsizlik yuzaga kelishining oldini oladi.

“Maktabda bola ko‘p, eshitgan odam hayratga tushadi. Ammo maktabimizda ko‘zga tashlanadigan hayratlanarli muammolar yo‘q. Bizda tizim yo‘lga qo‘yilgan. Agar bu jarayon bir tizimdek ketmasa, g‘ala-g‘ovurlar, jarayon buzilishi yuzaga kelishi mumkin. Ko‘z tegmasin bizda o‘quvchi ko‘p bo‘lsa ham hech qanday jinoyatlar bo‘lmagan”, deydi maktab direktori Nigora Saidxo‘jayeva.

Sport infratuzilmasi ham ancha keng: maktabda 5 tasi 18 ga 24 metrli va bittasi 18 ga 36 metr hajmdagi jami 6 ta sport zali, shuningdek, ochiq maydonchalar va trenajyor zallari faoliyat yuritmoqda.

O‘quvchilar uchun 2 ta oshxona, 1 ta bufet hamda ichki qismida issiq va sovuq suv ta’minoti mavjud hojatxonalar tashkil etilgan. Oshxonalarda o‘quvchilar uchun issiq ovqatlar ham tayyorlanadi.

Maktabda o‘quvchilar foydalanishi uchun kutubxona ham mavjud. Unda darsliklar va badiiy adabiyotlar jamlangan bo‘lib, bolalarga darsdan tashqari vaqtda kitob o‘qish uchun sharoit yaratilgan.

“O‘qituvchilarning yuklamasi me’yordan oshirilmaydi”

Maktabda jami 291 nafar o‘qituvchi ishlaydi. Faqat ingliz tili fanining o‘zida 43 nafar pedagog bor. Ma’muriyatning aytishicha, o‘qituvchilarning kundalik yuklamasi me’yoriy hujjatlar asosida taqsimlanadi va ortiqcha zo‘riqishga yo‘l qo‘yilmaydi.

“Hech qachon o‘qituvchilarga ortiqcha yuklama berilmaydi. O‘qituvchilarga 1 yoki 1,5 stavkadan dars berilgan. Ba’zilari 25-26 yoki 30 soat dars olgan. Dars taqsimotining o‘zining me’yoriy hujjatlari mavjud va ana shu asosida taqsimlanadi”, deydi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Malika Abdullayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilarning asosiy dars soatlaridan tashqari qo‘shimcha mashg‘ulotlari ham bor. Bunday mashg‘ulotlar uchun pedagoglarga ishlagan soatiga qarab haq to‘lanadi.

Dars sifatini oshirish va vaqtni tejash maqsadida barcha sinfxonalar elektron doskalar bilan jihozlangan. Har bir mavzu va dars bosqichlari bo‘yicha tayyor elektron materiallar oldindan shakllantirilgan.

“Har bir mavzu bo‘yicha materiallar tayyor. O‘qituvchi kiradi, elektron doskani ochadi va darsni boshlaydi. 45 daqiqaning har bir bosqichi, har bir vazifasiga juda katta e’tibor qaratamiz. Agar 45 daqiqa reja bo‘yicha ketmasa, hammasi o‘zgarib ketdi va ulgurmaydi”, deydi direktor o‘rinbosari.

Darsliklar bo‘yicha muammo bormi?

Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan o‘quvchilarni darsliklar bilan ta’minlash masalasi ham dolzarb bo‘ladi. Maktab ma’muriyati darsliklar bo‘yicha jiddiy muammo yo‘qligini bildirdi.

“Darsliklar bo‘yicha muammo yo‘q. Yetishmagan adabiyotlar hozir ham yetkazib berilmoqda. Bu masala 15–20-sentyabrgacha oxiriga yetadi”, deydi Malika Abdullayeva.

Maktabda xorijlik o‘qituvchilar ham dars beradi

300-maktabda til o‘qitish sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotgani aytildi. O‘tgan yili 3 nafar xorijiy mutaxassis jalb qilingan bo‘lsa, bu yil ularning soni 5 nafarga yetkazilgan. Ular asosan o‘quvchilarning og‘zaki nutqini rivojlantirishga mas’ul. Qayd etilishicha, o‘tgan o‘quv yilida maktabning 461 nafar bitiruvchisidan 344 nafari milliy yoki xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan, oliy ta’limga qamrov ko‘rsatkichi esa 85–87 foizni tashkil etmoqda.

Maktabda “Maktab-kichik akademiyasi” faoliyat yuritadi

Ta’lim muassasasida o‘quvchilarning iqtidorini yuzaga chiqarish uchun “Maktab-kichik akademiyasi” ishlaydi. Unda bolalar fan olimpiadalari, dasturlash, robototexnika, ilmiy loyihalar va san’at yo‘nalishlarida o‘z ishlarini himoya qiladi.

Maktabga qiziqish juda yuqori. Hozirning o‘zida elektron platforma orqali qabul qilinmay qolgan 2 500 ta ariza navbatda turibdi. Qabul jarayonlari esa to‘liq raqamlashgan bo‘lib, bo‘sh o‘rinlar mavjudligiga qarab avtomatik tarzda amalga oshiriladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.