O‘zbekistonliklar uchun Misrga kirishning yangi qoidalari 2027-yil martgacha qoldirildi
O‘zbekistonliklar uchun Misrga kirish talablarini qat’iylashtirish muddati muzokaralar tufayli 2027-yil 1-martgacha kechiktirildi. Bu muddatgacha sayyohlar Sharm-al-Shayx va Sinay yarimoroliga viza olmasdan, amaldagi tartibda sayohat qilishda davom eta oladi.

O‘zbekiston fuqarolari uchun Misrga kirish bo‘yicha yangi qoidalar 2027-yil martigacha kechiktirildi
O‘zbekiston fuqarolarining Misrga kirishiga doir yangi tartiblarni joriy etish muddati 2027-yil 1-martga qadar surildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Qayd etilishicha, TIV va O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi tomonidan Misr tomoni bilan bevosita olib borilgan muzokaralar natijasida O‘zbekiston fuqarolarining ushbu hududga kirish tartibini qat’iylashtirish bo‘yicha avval qabul qilingan qarorni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Shu tariqa, yangi qoidalar kuchga kirguniga qadar fuqarolar Misrga amaldagi tartib asosida safar qilishlari mumkin.
Shu bilan birga, O‘zbekiston TIV xorijiy hamkorlar bilan fuqarolarning chet elga safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, vizasiz rejimlarni joriy etish hamda boshqa xorijiy davlatlar bilan mavjud safar tartib-taomillarini soddalashtirish borasida izchil ishlarni davom ettirmoqda, deyiladi xabarda.
O‘z navbatida, fuqarolar xorijiy davlatlarga safar qilayotganda mahalliy qonunchilik va belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya etish, viza va migratsiya talablarini bajarish, shuningdek, borilayotgan mamlakatning milliy qadriyatlari, an’analari va jamoat tartibini hurmat qilishga chaqirildi.
“Har bir fuqaroning xorijda mas’uliyatli xulq-atvor namoyon etishi O‘zbekistonning ijobiy imijini mustahkamlash va mamlakatimizning xalqaro hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi”, — deyiladi idora xabarida.

