Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun kirish qoidalarini o‘zgartiradi
15 sentyabrdan O‘zbekiston fuqarolari Tailandga turistik safar uchun vizani oldindan olishi kerak bo‘ladi. Vizasiz 60 kunlik rejim bekor qilinadi.

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun kirish tartibini o‘zgartirmoqda.
2026-yil 15-sentyabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Tailandga sayyohlik maqsadida borish uchun vizani oldindan olishlari shart bo‘ladi. Shu sanadan boshlab amaldagi 60 kunlik vizasiz kirish imkoniyati va kelganda viza olish (Visa on Arrival) tartibi bekor qilinadi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati ma’lum qildi.
14-sentyabrga qadar O‘zbekiston fuqarolari Tailandga 60 kungacha vizasiz kirishlari mumkin.
Yangi qoidalar kuchga kirgach, sayyohlik vizasini safarga chiqishdan avval olish talab etiladi. Arizani, jumladan, thaievisa.go.th rasmiy tizimi orqali topshirish mumkin.
Shuni ta’kidlash kerakki, sayt orqali viza yig‘imini onlayn to‘lash imkoniyati mavjud emas. Yig‘imni AQSH dollarida Tailandning eng yaqin konsulxonasida to‘lash lozim.
Uzbekistan Airways HY531 reysi yo‘lovchilariga alohida e’tibor qaratishni so‘radi. Ushbu samolyot 14-sentyabr kuni Toshkentdan uchib, Bangkokka 15-sentyabr kuni yetib borishi rejalashtirilgan. Shu sababli, ushbu reys yo‘lovchilari yangi viza talablariga muvofiq bo‘lishlari kerak.
Yo‘lovchilarga safarlarni rejalashtirishda va aviachiptalarni xarid qilishda ushbu o‘zgarishlarni inobatga olish tavsiya etiladi. Yangi talablarga rioya qilmaslik reysga ro‘yxatdan o‘tish yoki Tailandga kirishning rad etilishiga olib kelishi mumkin.

