Dunyo

1-noyabrdan Misrga kirish o‘zbekistonliklar uchun qiyinlashadi

Bu haqda O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi diplomatik kanallar orqali olingan ma’lumotlarga tayanib xabar berdi

1-noyabrdan o‘zbekistonliklar uchun Misrga kirish qiyinlashadi

2026-yil 1-noyabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolarining Misrga kirishi uchun yangi tartib amal qiladi. Yangi talablar viza olish, turistik safarni tashkil etish, sayyohning yoshi hamda moliyaviy ta’minotiga tegishli. Bu haqda O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi diplomatik kanallar orqali olingan ma’lumotlarga tayangan holda xabar berdi.

Yangi tartibga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolari Misrga jo‘nashdan oldin kirish vizasini Misrning diplomatik vakolatxonalari orqali oldindan rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi. Turistik safarlar esa vakolatli turoperatorlar orqali tashkil etilishi shart.

Eng muhim o‘zgarishlardan biri yosh bilan bog‘liq. 40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar Misrga faqat yaqin oila a’zolari — ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki farzandlari bilan birga borishi mumkin. Bunda oila safar davomida kamida 5 ming AQSh dollari miqdorida naqd pulga ega bo‘lishi talab etiladi.

40 yoshdan yuqori bo‘lgan va mustaqil safar qilayotgan fuqarolar esa kamida 3 ming dollar naqd mablag‘ bilan kirishi lozim.

Misr chegarasidan o‘tish chog‘ida sayyohlardan mehmonxona bron qilinganini tasdiqlovchi hujjat, mobil aloqa ma’lumotlari va yetarli moliyaviy mablag‘ mavjudligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni ham taqdim etish talab qilinadi.

Yana bir o‘zgarish shuki, Misr hududida bo‘lgan paytda turistik vizani boshqa turdagi vizaga o‘zgartirish bo‘yicha arizalar qabul qilinmaydi.

Talab etiladigan hujjatlar va ma’lumotlarni to‘liq taqdim eta olmagan fuqaroning Misrga kirishi rad etilishi mumkin. Bunday holatda sayyoh uni mamlakatga olib kelgan aviakompaniya orqali ortga qaytariladi.

O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi Misrga safar qilishni rejalashtirayotgan fuqarolarni 1 noyabrdan kuchga kiradigan yangi talablarni oldindan inobatga olishga chaqirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.