Dunyo

Qirg‘izistonda xorijliklarni ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalari yangilandi. O‘zbekistonliklar uchun nima o‘zgaradi?

Qirg‘izistonda xorijiy fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi yangilandi. Bu o‘zbekistonliklarga qanday ta’sir qiladi?

Qirg‘izistonda xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi. Ushbu o‘zgarish O‘zbekiston fuqarolarining mamlakatda bo‘lish qoidalariga ham taalluqli.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi fuqarolari belgilangan muddat ichida ro‘yxatdan o‘tishdan ozod etiladigan 92 ta davlat ro‘yxatini ma’qulladi. Yangi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari hech qanday qo‘shimcha hujjat rasmiylashtirmasdan, vizasiz rejimda har 120 kunlik (4 oylik) davr ichida jami 60 kungacha Qirg‘izistonda bo‘lishi mumkin. Ilgari ham o‘zbekistonliklar uchun shu muddat amal qilgan, biroq uni chegaradan chiqib, qayta kirish orqali yangilab turish mumkin edi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII)ga a’zo davlatlar — Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Rossiya — fuqarolari Qirg‘izistonga kirgan kundan boshlab har 180 kunlik davr ichida jami 90 kungacha qolishi mumkin. Xuddi shu muddat Serbiya, Turkiya, Ukraina, Mo‘g‘uliston va Moldova fuqarolariga ham tegishli.

Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Kuvayt, Ummon va Bahrayn fuqarolariga har 360 kunlik davrda jami 180 kungacha vizasiz qolish imkoniyati berilgan. Muddat aniq ko‘rsatilmagan davlatlar uchun esa o‘zarolik prinsipi qo‘llanadi.

Qirg‘iziston fuqarosining xorijlik turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandlari mamlakatda bo‘lish muddatini o‘tkazib yuborsa, qarindoshlik aloqalarini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgan holda huquqiy maqomini qonuniylashtirish uchun Qirg‘izistonga 1 marta kirish huquqiga ega bo‘ladi. Ular kirgach, 30 ish kuni ichida hujjatlarini rasmiylashtirishi kerak.

Chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olish jarayoni Tashqi migratsiyani hisobga olish yagona tizimi (ESUVM) orqali amalga oshiriladi. Hujjatlarni oflayn, onlayn yoki maxsus mobil ilova orqali rasmiylashtirish mumkin. Ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxsning Qirg‘iziston fuqarosi emasligi ham aynan ESUVM tizimi orqali tekshiriladi. Agar xorijiy fuqaro bir nechta davlat fuqaroligiga ega bo‘lsa, u Qirg‘izistonga kirib kelgan chet el pasporti ma’lumotlari asosida ro‘yxatga olinadi.

Yangi tartib turar joylarda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘lgan chet elliklar soniga qat’iy cheklovlar kiritadi. Endilikda uy yoki kvartirada ro‘yxatga olinadigan xorijliklar soni har bir kishiga kamida 12 kvadrat metr yashash maydoni to‘g‘ri kelishi sharti asosida belgilanadi. Bundan tashqari, bitta turar joyda ro‘yxatda turgan xorijliklarning umumiy soni 10 kishidan oshmasligi kerak. Biroq yaqin qarindoshlar bundan mustasno.

2025-yil 31-dekabrdan ayrim davlatlar fuqarolari uchun 60 kungacha bir tomonlama vizasiz rejimni nazarda tutuvchi qonun o‘z kuchini yo‘qotgan. Yangi qoidalar tegishli mamlakatlar fuqarolari uchun Qirg‘izistonda bo‘lish muddatlarini muvofiqlashtirish va qisqartirishni ko‘zda tutadi.

Hukumat bu yangilik davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini avtomatlashtirish, inson omili hamda korrupsiya xavfini kamaytirish va jarayonni soddalashtirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Qirg‘iziston ikki mamlakat fuqarolarini chegaradan o‘tgandan so‘ng 15 kun davomida majburiy ro‘yxatdan o‘tishdan ozod qilishga kelishib olgan. O‘zbekistonliklar eng ko‘p tashrif buyurgan sayyohlik yo‘nalishlari orasida Qirg‘iziston yetakchilik qilmoqda. Yarim yil ichida qo‘shni respublikaga 1 981 542 nafar fuqaro turistik maqsadlarda borgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.