O‘zbekistonlik yuk mashinasi haydovchilari Germaniyaga ishga taklif etilmoqda
Migratsiya agentligi va Germaniyaning RecruitMed kompaniyasi yuk mashinasi haydovchilari uchun 50 ta ish o‘rni taklif qilmoqda. Tanlovdan o‘tganlar Toshkentda olti oy davomida nemis tilini bepul o‘rganadi. Ish haqi oyiga 1800 yevroni tashkil etadi.

O‘zbekistonlik yuk mashinasi haydovchilari Germaniyada ishga taklif qilinmoqda
O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Germaniyaning RecruitMed kompaniyasi Germaniyada ishlashni istagan tajribali yuk mashinasi haydovchilari uchun 50 ta bo‘sh ish o‘rnini taklif etmoqda.
Tanlovda C va CE toifali haydovchilik guvohnomasiga ega, kamida ikki yillik ish tajribasi bor va 40 yoshdan oshmagan nomzodlar qatnasha oladi. Yevropa davlatlarida professional haydovchilik malakasini tasdiqlovchi 95-kod (Schlüsselzahl 95) sertifikatiga ega haydovchilar uchun yosh chegarasi 45 yoshgacha.
Tanlovdan o‘tganlar Toshkentdagi Intel xalqaro markazida olti oy davomida nemis tilini B1 darajasigacha bepul o‘rganadi. Ularga bepul yotoqxona ham berilishi aytilgan.
Nomzodlar Germaniyadagi ekspeditorlik va logistika kompaniyasida mahalliy hamda uzoq masofali yo‘nalishlarda yuk tashiydi. Ish haftasi besh kun bo‘lib, jami 40 soatni tashkil etadi. Ish o‘rni doimiy, sinov muddati esa olti oy etib belgilangan. E’londa ijtimoiy himoya va tibbiy sug‘urta ham taqdim etilishi qayd etilgan.
Malaka tan olingunga qadar oylik maosh 1800 yevro (netto) bo‘lishi, keyinchalik esa oshirib borilishi aytilgan.
Nemis ish beruvchilari bilan onlayn suhbatlar 2026-yil 6 va 10-noyabr kunlari o‘tkaziladi. Suhbatda tarjimon ham qatnashadi.

