Maosh 2,5 ming yevro: Germaniyadagi qurilishda o‘zbekistonliklar uchun ish taklif qilindi

Maosh 2,5 ming yevro: Germaniyadagi qurilishda o‘zbekistonliklar uchun ish taklif qilindi
Migratsiya agentligi va RRG AG tashkiloti O‘zbekistondagi qurilish sohasi mutaxassislarini Germaniyada ishlashga chaqirdi.
Agentlik bergan ma’lumotga ko‘ra, jami 200 ta ish o‘rni mavjud bo‘lib, oylik maosh 2 500 yevroni tashkil etadi (qo‘lga tegadigan). Ish haftasiga 5 kun, 40 soatdan iborat. Ish haqi, ustamalar, sug‘urta, ta’til va boshqa imtiyozlar Germaniyadagi xodimlar bilan teng sharoitda belgilanadi. Nomzodlar bilan 6 oylik sinov muddatini o‘z ichiga olgan muddatsiz mehnat shartnomasi tuziladi.
18–39 yoshdagi, oliy yoki kasb-hunar ta’limi to‘g‘risidagi diplomga ega bo‘lgan nomzodlar ishga qabul qilinadi. Ulardan tegishli yo‘nalish bo‘yicha kamida 2 yillik texnikum yoki kollej diplomi, shuningdek, so‘nggi 5 yil ichida shu sohada kamida 2 yillik ish tajribasi talab etiladi.
Talabgorlar Toshkent shahridagi Berlitz o‘quv markazida 8 oy davomida A1 darajadan B1 darajagacha bepul nemis tili kursida o‘qitiladi. Xarajatlar Migratsiya agentligi va ish beruvchi tomonidan qoplanadi. Til sertifikati imtihoni, viza va aviachipta xarajatlari ham ish beruvchi hisobidan to‘lanadi. Germaniyada turar joy xarajati oyiga 300 yevro bo‘lib, oziq-ovqat xarajatlari nomzod hisobidan qoplanadi.
Quyidagi yo‘nalishlardan birini tanlab, 30-sentyabrga qadar ariza topshirish mumkin: g‘isht teruvchi; qurilish duradgor; qurilish chilangar; sanoat mexanigi; qurilish kran operatori; qurilish payvandchi; qurilish beton quyuvchi.
Ish beruvchilar bilan onlayn suhbatlar oktyabr oyidan boshlab har hafta o‘tkaziladi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar guruhlar shakllanishiga qarab o‘qishga jalb etiladi.

