O‘zbekistonda “Ijtimoiy reyestr”ga kiritish rad etilgani ustidan onlayn shikoyat qilish mumkin bo‘ldi
Fuqarolar “mahalla yettiligi” tomonidan rasmiylashtirilgan xulosa va dalolatnomalardan ham norozi bo‘lsa, my.gov.uz orqali Apellyatsiya kengashiga murojaat qilishi mumkin. Shikoyatlar 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekistonda “Ijtimoiy reyestr”ga kiritish rad etilgani ustidan onlayn shikoyat qilish imkoniyati paydo bo‘ldi
O‘zbekistonda fuqarolarga oilasini “Ijtimoiy reyestr”ga kiritish rad etilgani yoki “mahalla yettiligi” qarorlaridan norozi bo‘lganda elektron shikoyat yuborish imkoniyati yaratildi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-son qaroriga binoan, fuqarolar tuman va shahar hokimliklari huzuridagi Apellyatsiya kengashlariga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali masofadan murojaat qilishi mumkin.
Apellyatsiya kengashi quyidagi masalalar bo‘yicha shikoyatlarni ko‘rib chiqadi:
- oilani “Ijtimoiy reyestr”ga kiritish rad etilgani yuzasidan murojaatlar;
- “mahalla yettiligi” tomonidan rasmiylashtirilgan savolnoma, xulosa va dalolatnomalarni qisman yoki to‘liq bekor qilish;
- tegishli hujjatlarga o‘zgartirish kiritish majburiyatini “mahalla yettiligi” zimmasiga yuklash haqidagi murojaatlar.
Belgilangan tartibga ko‘ra, shikoyatlar kelib tushgan kundan boshlab 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Apellyatsiya kengashining majlislari zaruratga qarab tashkil etiladi. Biroq ular kamida oyiga bir marta o‘tkazilishi kerak. Yangi imkoniyat orqali fuqarolar tegishli hokimlikka shaxsan bormasdan, elektron shaklda shikoyat yuborishi mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonda Majburiy ijro byurosi (MIB) tomonidan yuritilayotgan ijro ishlariga asos bo‘lgan hujjatlar bilan ham my.gov.uz orqali onlayn tanishish imkoniyati yaratilgandi. Mazkur xizmatdan foydalanish uchun portalning “Jarimalar” bo‘limidan “Ijro hujjatlari (MIB)” xizmatini tanlash mumkin.

