O‘zbekistonda murojaatlarni baholash SMS-servisi ishga tushirildi
O‘zbekistonda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatishi, javobni baholashi va zaruratda qayta ko‘rib chiqishni so‘rashi mumkin.

**O‘zbekistonda murojaatlarni baholash uchun SMS-servis ishga tushirildi**
O‘zbekiston fuqarolari davlat organlariga yuborgan murojaatlarining ko‘rib chiqilish jarayonini internet orqali mustaqil kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Javob olgach, ular uni baholashi va zarurat tug‘ilganda murojaatni qayta ko‘rib chiqish uchun yo‘naltirishi mumkin. Bu haqda Prezidentning Xalq qabulxonasi ma’lum qildi.
Yangi fikr-mulohaza servisi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, SMS-xabarnomalar asosida ishlaydi. Murojaatni ko‘rib chiqishning har bir bosqichi haqidagi ma’lumot pm.gov.uz saytidagi shaxsiy kabinetda aks etadi, xabarnomalar esa fuqaroning ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamiga ham yuboriladi.
Murojaat ko‘rib chiqilib, unga javob tayyor bo‘lgach, fuqaroga maxsus havola ko‘rsatilgan SMS-xabar yuboriladi. Ushbu havola orqali shaxsiy kabinetga kirib, javob bilan tanishish va ko‘rib chiqish natijasini baholash mumkin.
Agar fuqaro olingan javobdan qoniqsa yoki muammo hal qilingan deb hisoblasa, u “Roziman” tugmasini bosadi. Agar javob uni qoniqtirmasa yoki masala hal etilmagan bo‘lsa, «Menda eʼtiroz bor» opsiyasi nazarda tutilgan. Bunday holatda murojaat qayta ko‘rib chiqish uchun ijroga qaytariladi.
Shu tariqa, yangi mexanizm fuqaroga murojaat yuborish va uni ko‘rib chiqishdan boshlab, javob olish hamda ko‘tarilgan muammoning qay darajada hal etilganini baholashgacha bo‘lgan butun jarayonni nazorat qilish imkonini beradi.

