O‘zbekistonda 19−25-oktabr kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi
Joriy hafta O‘zbekistonda yog‘ingarchiliksiz, ancha salqin va quruq ob-havo kuzatilishi kutilmoqda. Hafta o‘rtalarida harorat +17…+22, tunda esa +5 darajagacha pasayadi. Shamol susayishi sababli Toshkent va vodiyda havoning mayda chang zarralari bilan ifloslanish xavfi mavjud. Gazeta prognozi.

O‘zbekistonda 19−25-oktabr kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi
O‘zbekistonda haftaning ish kunlari ob-havosini markazida atmosfera bosimi 1045 gPa gacha ko‘tariluvchi sovuq antitsiklonning janubi-sharqiy, keyinroq janubiy chekkasi belgilaydi. Ayniqsa, hafta o‘rtalarida ushbu antitsiklonning janubiy chekkasi respublikaning katta qismida tunda havo haroratini +5 darajagacha, kunduzlari esa +17…+22 darajagacha ushlab turadi.
O‘zbekistonning juda katta qismida hafta o‘rtasidagi salqin havo oqimi ta’siri sababli o‘rtacha harorat ko‘p yillik iqlimiy me’yor atrofida va undan 1−2 daraja yuqori, ya’ni iliq bo‘lishi keltirilgan.
O‘zgidrometning hafta kunlari uchun tuzgan prognozlariga ko‘ra, joriy hafta juda ham quruq o‘tishi, hatto tog‘larda ham yog‘ingarchilik bo‘lmasligi oydinlashmoqda. Quyidagi 25-oktabrga qadar kutilayotgan umumiy yog‘ingarchilik prognoz xaritasida bu vaziyat yaqqol aks ettirilgan bo‘lib, respublika bo‘ylab kelayotgan 7 kunlikda umuman yog‘ingarchilik kutilmasligi ayon bo‘lgan.
Haftaning ish kunlari Qoraqalpog‘istonning Ustyurt hamda Navoiyning Qizilqum cho‘llarida havo harorati nol darajagacha pasayishi, respublikaning shimol hududlari va tog‘larida ham harorat +1…+3 darajagacha tushishi taxmin qilinmoqda.
Respublikaning boshqa qismlarida hafta boshlarida +5…+8 daraja iliq kutilsa, hafta o‘rtalariga kelib antitsiklonning chuqurroq ta’sir etishi sababli harorat hafta boshlariga nisbatan biroz pasayadi. Dam olish kunlariga borib, tungi harorat qiymatlari joylarda sezilarli ko‘tariladi. Kunduzgi harorat qiymatlari ham tungi harorat qiymatlari kabi o‘zgarish tamoyiliga ega. Hafta boshida respublikaning katta qismida harorat maksimumlari +23…+28 daraja oralig‘ida kutilsa, 22−23-oktabr kunlari esa +17…+22 darajaga o‘zgarib boradi.
O‘zgidrometning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, respublikaning katta qismida o‘rtacha haftalik harorat ko‘p yillik me’yorga yaqin va undan 1−2 daraja past, tog‘larda esa issiqroq, yog‘ingarchilik kesimida esa hafta o‘ta quruq, tog‘larda bo‘lsa hafta davomida umuman yog‘ingarchilik bo‘lmasligi hisobiga o‘tmishlardagi oktabr uchinchi o‘nkunliklarga nisbatan ancha quruq bo‘lishi mumkinligi keltirilgan.
Shunday qilib, joriy hafta o‘tgan haftadan anchayin salqin o‘tishi, hafta davomida juda quruq, barqaror ob-havo hukmron bo‘lishi kutilmoqda. Yirik shaharlarda havoda shamolning susayishi ayni mavsum uchun havo ifloslanishini kuchaytiradi.
Kuzda antitsiklon ta’sirida shamolning susayishi, atmosferaning turg‘unlashishi va tungi-kunduzgi harorat farqining kattalashishi aholi salomatligi uchun ahamiyatli omillarga aylanishi mumkin. Ayniqsa, Toshkent va vodiy hududlarida havo almashinuvi cheklangan paytlarda PM2,5-mayda zarrachalarining yerga yaqin qatlamda to‘planish xavfi ortadi.
Joriy hafta ish kunlarida tungi va kunduzgi harorat farqlari kattalashishi kutilmoqda. Hatto tungi minimum va kunduzgi maksimum farqi ayrim hududlarda 20 darajaga yetishi mumkin. Xalqaro epidemiologik tadqiqotlar sutkalik harorat amplitudasining ortishi nafas olish va yurak-qon tomir kasalliklari bilan bog‘liq salbiy natijalar xavfini oshirishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Bolalar, keksalar, astma va yurak-qon tomir kasalliklari bor kishilar ko‘proq ehtiyot bo‘lishi lozim.
Ish kunlari o‘rtasida kunduzi ham qalinroq kiyinish talab etiladigan ob-havo muhiti kuzatiladi. Kunduzi havo haroratining +15 yoki +17 daraja ekani aldamchi bo‘lib, antitsiklon ta’sirida haroratning his qilinadigan darajasi pastroq bo‘ladi. Ayniqsa, tonggi harorat qiymatlari joylarda anchayin past kutiladi. Shamol, havodagi namlik hisobiga harorat odatdagidan pastroq his etiladi. Dam olish kunlari tonggi muddatlarda izg‘irin sovuqlar ta’siri kamayib boradi. Aholi issiq havo oqimi kirib kelayotganini tonggi harorat qiymatlaridan ham sezadi. Hafta boshi va dam olish kunlari esa kishilar hatto yengil kiyimlar kiyib olishi ham mumkin.
Kuzgi sayr-sayohatlarni xush ko‘ruvchilar uchun joriy hafta ayni muddao — yirik shaharlarda daraxtlar oltin ranglarga asta burkanib, quyoshli manzara bilan birga ko‘pchilikka estetik zavq ulashadi.
Quyosh faolligi bo‘yicha mavjud prognozlarda joriy hafta o‘rtalarida qizil darajadagi magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bo‘lishi baholanyapti.
Ish haftasi boshida esa magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari yashil xavfsiz darajada bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Magnit bo‘ronining kishilar salomatligiga ta’siri haqida fanda haligacha aniq bir xulosalar yo‘q. Shuning uchun bu kabi kosmik ta’sir kishilar salomatligiga aniq ta’sir etishi mumkin deyish xato.
O‘zgidromet agentligi hafta davomida juda kuchli shamollar bo‘lishini kutgani yo‘q. Haftaning ish kunlari antitsiklon chekkasi ta’sirida shamolning susayishi va atmosferaning turg‘unlashishi ayrim hududlarda, ayniqsa, Toshkent va vodiyda havo sifatining vaqtincha yomonlashishi uchun sharoit yaratishi mumkin. Havoda chang zarrachalarining keskin ortib ketishi uchun hozircha kuchli meteorologik omillar ko‘rinmayapti.
Havoda ifloslanish ortsa yoki mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ro‘y berganida qanday harakat qilish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tayyorlagan tavsiyalari bilan tanishib qo‘yish zarar qilmaydi.
Shunday qilib, 19 — 25-oktabr kunlari oralig‘ida O‘zbekistonda barqaror ob-havo sharoiti kuzatiladi. Yirik aholi yashash hududlarida, ehtimol, atmosferada inversiya hodisalarining kuchayishi havoda mayda chang zarrachalari ortishiga olib kelishi mumkin.

