O‘zbekistonda 5−11-oktabr kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi
O‘zbekistonda yangi hafta sovuq antitsiklon va mavsumning ilk tumani bilan boshlanadi: harorat sezilarli pasayib, shimol va tog‘larda 0 darajagacha tushadi. Chorshanbadan sovuq havo oqimi chekinadi, kunlar asosan quruq o‘tib, havo +25…+28 darajagacha iliqlashadi. Gazeta prognozi.

O‘zbekistonda 5−11-oktabr kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi
Hafta boshida O‘zbekistonning barcha hududlarida sezilarli darajada salqin havo kuzatiladi. Namgarchilikdan so‘ng hududga kirib kelgan sovuq antitsiklon shimoliy va tog‘li hududlarda havo haroratini deyarli nol darajagacha tushiradi. Kunduz kunlari ham janubiy viloyatlardan tashqari hududlarda +12…+20 daraja atrofida iliq ob-havo kutiladi.
Chorshanba va payshanbadan boshlab antitsiklon chekinishi ortidan joylarda kechalari ham haroratning sezilarli ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. Hafta boshini hisobga olmaganda, hafta kunlari asosan quruq o‘tishi taxmin qilinmoqda.
Xorijiy ob-havo byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, haftaning 5−9-oktabr kunlari oralig‘ida O‘zbekistonning juda katta qismida hafta boshidagi sovuq havo oqimi ta’siri sababli o‘rtacha harorat ko‘p yillik iqlimiy me’yordan 1−2 daraja past, ya’ni sovuq bo‘ladi.
O‘zgidrometning hafta kunlari uchun tuzgan prognoziga ko‘ra, dushanba kuni tongda Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyati hududlarida, kunduzi esa tog‘lar va Farg‘ona vodiysida yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda. Tog‘lar va vodiyning ayrim qismlarida kuchli yog‘ingarchiliklar bo‘lishi, baland tog‘larda qor yog‘ishi mumkin.
Haftaning ish kunlari respublika bo‘ylab asosan quruq, yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi ma’lum bo‘lgan. Quyida 4-oktabrdan 11-oktabrga qadar umumiy yog‘ingarchilik prognoz xaritasida joylarga taxminan qancha yog‘in tushishi mumkinligi keltirilgan.
Hafta boshlarida tog‘li va shimoliy hududlarda tungi va tonggi paytlarda 0…+5 daraja, Buxoro va Navoiy viloyatlarida +3…+8 daraja, boshqa viloyatlarda esa +5 darajadan +12 darajagacha bo‘lishi aytilmoqda. 7-oktabrdan boshlab hududlarda tungi va tonggi havo harorati hafta boshiga nisbatan sezilarli ko‘tariladi. Boshqa viloyatlarda +7…+12 daraja salqin harorat bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Kunduzgi paytlarda hafta boshida tog‘lar, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda +12…+17 daraja, janub hududlardan tashqari boshqa joylarda +15…+20 daraja bo‘lishi oydinlashgan. Chorshanbadan janubda havo harorati kunduzlari +28 darajagacha ko‘tarilsa, boshqa hududlarda +23…+25 darajagacha issiq bo‘lishi mumkin. Hafta oxirigacha hududlarda harorat asta-sekin, katta bo‘lmagan qiymatda ko‘tarilib borish tendensiyasiga ega.
6-oktabr kunduz kuni ko‘plab hududlarda mavsum uchun ilk tuman hodisalari kuzatilishi mumkin.
O‘zgidrometning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF) prognozlariga ko‘ra, ushbu hafta Qoraqalpog‘iston va Surxondaryo viloyatlaridan tashqari respublikaning katta qismida o‘rtacha havo harorati shu davrga xos me’yordan 1−3 daraja past, Qizilqum cho‘llarida esa juda sovuq bo‘lishi, yog‘ingarchilik bo‘yicha esa vodiy va Surxondaryo viloyatlarida ko‘p yillik shu haftadagi o‘rtacha yog‘ingarchilikdan ko‘proq yog‘in tushishi mumkinligi keltirilgan.
Shunday qilib, joriy hafta boshidagi ilk tuman hodisalari transport tarmoqlari va havo qatnoviga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, hafta boshlarida shimol va ayrim tog‘ etaklarida mavsum uchun ilk sovuq urish hodisalari qayd etilishi kutilmoqda.
Hafta boshidagi bulutli va yorug‘lik kam bo‘lgan kunlarda ayrim kishilarda kayfiyat tushishi, uyquchanlik va lanjlik kuchayishi mumkin. Kunduzgi yorug‘likda sayr qilish, jismoniy faollik va me’yordagi uyqu rejimi bunday holatlarni yengillashtirishga yordam beradi.
Tavsiyalar.
Tuxum, yong‘oq, go‘sht va losos iste’mol qilish, jismoniy faollik va quyoshli paytlarda ochiq havoda bo‘lish foydali. Vitaminlarni esa shifokor maslahati bilan qabul qilish lozim.
Dushanbadan shimoliy va markaziy, seshanbadan esa vodiy viloyatlari 1030 gPa gacha ko‘tariluvchi sovuq antitsiklon ta’sirida bo‘ladi. Bu sovuq havo va yuqori bosim qon bosimi muammosi bor kishilarga ta’sir qilishi mumkin. Atmosfera bosimining ko‘tarilishi qondagi leykotsitlar miqdorini kamaytirish orqali organizmning himoya funksiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Havodagi mayda zarrachalarning uzoq vaqt saqlanishi ham salomatlikka ta’sir qiladi.
Yengil dush, gimnastika, kaliyga boy mevalar iste’moli, ish yuklamasini kamaytirish va ko‘proq dam olish tavsiya etiladi.
Bioiqlimiy sharoitlar.
Joriy hafta boshlarida tunda va tongda Xorazm, Qoraqalpog‘iston va tog‘li joylar aholisi qish boshlariga xos muhit ta’siriga tushadi. Odatda, havo haroratining +5 darajadan pasayishi qalin kiyimlar, hatto boshga qalpoq kiyib yurish uchun yetarli ob-havo muhiti hisoblanadi. Dushanba va seshanba tongi yuqoridagi hududlar uchun shunday past haroratni ta’minlaydi. Bundan tashqari, hafta boshidagi tungi va tonggi paytlarda antitsiklon ta’siridagi izg‘irin inson tanasi va fiziologiyasiga real haroratni pastroq sezdiradi. Shuning uchun hafta boshlarida Surxondaryo viloyati katta qismidagi aholidan tashqari boshqalarga qalinroq kiyim kiyib olish tavsiya etiladi.
Kosmik ta’sirlar.
Quyosh faolligi bo‘yicha mavjud prognozlarga ko‘ra, joriy hafta boshida qizil darajadagi magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bo‘lishi kutilmoqda. Ish haftasining chorshanba-juma kunlari esa yashil xavfsiz darajadagi magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bo‘lishi mumkin. Magnit bo‘ronining kishilar salomatligiga ta’siri haqida fanda hanuz aniq xulosalar yo‘q. Shuning uchun bunday kosmik ta’sir kishilar salomatligiga aniq ta’sir etadi, deyish xato.
O‘zgidromet agentligi hafta davomida juda kuchli shamollar bo‘lishini kutgani yo‘q. Hafta boshlarida antitsiklon ta’sirida shamolning susayishi va atmosferaning turg‘unlashishi ayrim hududlarda, ayniqsa Toshkent va vodiyda havo sifatining vaqtincha yomonlashishi uchun sharoit yaratishi mumkin. Havoda chang zarrachalarining keskin ortishi uchun hozircha kuchli meteorologik omillar ko‘rinmayapti.
Havoda ifloslanish ortsa yoki mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ro‘y berganida qanday harakat qilish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tayyorlagan tavsiyalari bilan tanishib qo‘yish zarar qilmaydi.
Shunday qilib, 5−11-oktabr kunlari oralig‘ida O‘zbekistonda hafta davomida keskin almashinib turuvchi ob-havo sharoiti kuzatiladi. Hafta boshlaridagi sezilarli sovuq havo dam olish kunlari kuz o‘rtalariga xos issiq havo bilan almashinadi.

