Mahalliy

O‘zbekistonda 28-sentabr — 4-oktabr kunlari ob-havo qanday bo‘ladi? Gazeta sharhi

Joriy haftada O‘zbekistonda ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi: hafta boshida antitsiklon ta’sirida harorat sezilarli pasayib, joylarda yomg‘ir yog‘adi, tog‘larda qor kutiladi. Dam olish kunlariga borib havo yana isib, kunduzi +30…+32 darajagacha ko‘tariladi.

O‘zbekistonda 28-sentabr — 4-oktabr kunlari ob-havo qanday kechadi? Gazeta sharhi

Haftaning ish kunlarida ob-havoga shimoldan ta’sir qiluvchi keng ko‘lamli antitsiklon chekkasi hukmronlik qilib, u joylarda tungi haroratning sezilarli pasayishini ta’minlaydi. Janub viloyatlaridan tashqari hududlarda kunduzgi harorat maksimumlari eng ko‘pi bilan +25 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

Juma kunidan boshlab sovuq asta-sekin chekinib, haroratning ko‘tarilishi kutilmoqda. Juma va dam olish kunlari respublikaning katta qismida kunduzgi harorat +30…+32 darajagacha chiqishi mumkin. Haftaning ayrim kunlarida hududlarda yog‘ingarchilik bo‘lishi kutiladi.

2-oktabrgacha O‘zbekistonning juda katta qismida salqin havo oqimi ta’siri sababli dastlabki 5 kunlik o‘rtacha harorat ko‘p yillik iqlimiy me’yor atrofida, ya’ni oktabr boshlariga xos odatiy mo‘tadil vaziyatda bo‘lishi qayd etilgan.

O‘zgidrometning hafta kunlari uchun tuzgan prognozlariga ko‘ra, dushanba kuni respublikaning tog‘li hududlari va vodiydagi ayrim joylarda, chorshanba va payshanba kunlari shimoliy hududlardan tashqari barcha viloyatlarda, dam olish kunlari esa Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Jizzax va vodiy viloyatlarida yog‘ingarchilik bo‘lishi keltirib o‘tilgan.

Tog‘larda deyarli har kuni yog‘ingarchilik kutiladi, baland tog‘larda qor yog‘ishi mumkin. Tog‘larda yog‘ingarchilik miqdori ko‘p bo‘lishi kutilmoqda.

Haftaning ish kunlarida tog‘li hududlarda tungi va tonggi paytlarda +3…+8 daraja, boshqa viloyatlarda +7…+12 daraja atrofida salqin havo bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Kunduzgi paytlarda hafta boshida tog‘larda +13…+18 daraja, janub hududlardan tashqari hududlarda +20…+25 daraja bo‘lishi aniqlangan.

Chorshanbadan boshlab janubda havo harorati kunduzlari +32 darajagacha ko‘tarilsa, juma kunidan respublikaning boshqa hududlarida ham harorat +30 daraja atrofida issiq bo‘lishi mumkin. Shu paytda tungi va tonggi harorat ko‘rsatkichlari ham hafta boshlariga nisbatan sezilarli oshadi.

O‘zgidrometning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognozi markazi (ECMWF) prognozlariga ko‘ra, ushbu hafta respublika bo‘ylab o‘rtacha havo harorati shu davrga xos me’yordan 1−2 daraja past bo‘lishi, yog‘ingarchilik bo‘yicha esa Qoraqalpog‘istondan tashqari hududlarda biroz namgarchil hafta o‘tishi anglashilgan. Tog‘larda esa me’yordan ko‘proq yog‘in tushishi kutilmoqda.

Shunday qilib, joriy hafta ko‘plab hududlarda uzoq vaqtdan beri kutilayotgan yomg‘irli kunlar kuzatilishi, hafta boshidagi sezilarli salqin havo tog‘larda chorvadorlarni chorva mollarini tezroq pastga haydab tushirishga undashi mumkin.

Hafta boshlarida O‘zbekiston antitsiklon ta’sirida sezilarli salqin havo ostida qoladi. Kuz boshidagi issiqqa moslashgan organizm uchun bunday tez sovish ma’lum fiziologik yuklama keltirishi mumkin. Sovuq antitsiklon ta’sirida ob-havo o‘zgarishlariga moyil kishilarda astma va allergik kasalliklar belgilari kuchayishi mumkin.

Ayniqsa, bolalar, keksalar va nafas yo‘llari kasalliklari bor kishilar salqin havoga juda sezgir. Hafta o‘rtalaridan havo biroz iliqlashib, dam olish kunlariga borib kunduzgi harorat +30…+32 darajagacha ko‘tarilishi, ya’ni qisqa vaqt ichida salqindan yana issiq sharoitga o‘tilishi kutilmoqda.

Hafta o‘rtasidagi namroq havoning kirib kelishi ham ob-havo o‘zgarishlariga sezgir aholi qatlamiga ta’sir qiladi. Shu sababli bu haftada salomatlik nuqtai nazaridan asosiy omil harorat, namlik va atmosfera sharoitining tez almashishi bo‘ladi. Ayniqsa, sezgir guruhlar ertalab-kechki salqinlik va kunduzgi issiq o‘rtasidagi farqni hisobga olishi muhim. Nam havoning o‘zi shamollashga sabab bo‘lmaydi, ammo nam va yaxshi shamollatilmaydigan xonalarda mog‘or nafas yo‘llariga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Hafta boshida O‘zbekistonning katta qismida tonggi va tungi paytlarda antitsiklonning janubiy chekkasi sababli harorat +3 dan +9 darajagacha oralig‘ida bo‘ladi. Bu kunlarda aholi kechki, tungi va tonggi paytlarda rostdan ham qalinroq kiyinishiga to‘g‘ri keladi.

Juma kunidan boshlab sutkaning katta qismida aholi qulayroq ob-havo muhitini his etadi. Bunday vaqtda odamlar ishga, o‘qishga otlanishda kiyinish borasida turli noaniqliklarga duch keladi. Chunki kechga tomon havoning yana sovishi qalinroq kiyim kiyib olishga undaydi.

Baland tog‘larga sayohat qilishda esa qalin kiyimlar kiyib olish va qorli ob-havoga tayyorgarlik ko‘rib yo‘lga chiqish lozim.

Quyosh faolligi bo‘yicha mavjud prognozlarga ko‘ra, joriy hafta davomida sokin darajadagi magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bo‘lishi baholanmoqda.

Ish haftasining barcha kunlari uchun “yashil” — xavfsiz darajadagi magnit bo‘roni bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Magnit bo‘ronining kishilar salomatligiga ta’siri haqida fanda hanuz aniq xulosalar yo‘q. Shuning uchun bunday kosmik ta’sir kishilar salomatligiga mutlaqo ta’sir qiladi, deyish xato.

O‘zgidromet agentligi hafta davomida juda kuchli shamollar bo‘lishiga e’tibor qaratmagan. Hafta boshlarida antitsiklon ta’sirida shamolning susayishi va atmosferaning turg‘unlashishi ayrim hududlarda, ayniqsa, Toshkent va vodiyda havo sifatining vaqtincha yomonlashishi uchun sharoit yaratishi mumkin. Havoda chang zarrachalarining keskin ortishi uchun hozircha kuchli meteorologik omillar ko‘rinmayapti.

Havoda ifloslanish ortsa yoki mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish yuz bersa, qanday harakat qilish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tayyorlagan tavsiyalari bilan tanishib qo‘yish zarar qilmaydi.

Shunday qilib, 28-sentabrdan 4-oktabrgacha O‘zbekistonda hafta davomida keskin almashinib turuvchi ob-havo sharoiti kuzatiladi. Hafta boshidagi sezilarli salqin havo dam olish kunlari kuz boshlariga xos issiq havo bilan almashinadi.

Ko‘plab o‘zbekistonliklar ushbu hafta kuz yomg‘irlariga guvoh bo‘lishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.