Osmonga qaytarishdan koʻra qismlarga ajratish foydaliroq. Air Samarkand kompaniyasining Airbus A330 borti utilizatsiyaga yuborildi. Video

Osmonga qaytarishdan koʻra, qismlarga ajratish foydaliroq boʻlib chiqdi. Air Samarkand aviakompaniyasining Airbus A330 samolyoti utilizatsiyaga yuborildi. Video
Air Samarkand aviakompaniyasining sobiq keng fyuzelyajli Airbus A330 samolyoti Istanbulda utilizatsiya qilindi. Laynerni taʼmirlab, qaytadan foydalanishga topshirishdan koʻra, ehtiyot qismlarga ajratish foydaliroq ekani maʼlum boʻldi.
Endilikda Air Samarkand’ning yagona keng fyuzelyajli samolyotidan faqat detallar qoldi. 2010 yilda ishlab chiqarilgan layner Istanbul aeroportida qismlarga ajratildi: uni tiklash qimmatbaho butlovchi qismlarini sotishdan koʻra kamroq foyda keltirishi aniqlandi.
Air Samarkand 2026 yil bahorida parvozlarni toʻxtatgan edi. A330 samolyotining oʻzi oxirgi marta 2025 yilning may oyida ishlatilgan, shundan soʻng u C-Check texnik xizmati koʻrsatilishi uchun Istanbulga yuborilgandi. Keyinchalik aviakompaniya Samarqanddan amalga oshiriladigan yoʻnalishlarda undan foydalanish tijorat nuqtai nazaridan maqsadga muvofiq emasligi sababli, samolyotni Xitoyning Minsheng Financial Leasing lizing beruvchisiga qaytarishga qaror qildi.
Biroq, yakunda laynerni safga qaytarmaslikka qaror qilindi. Ilgari Oʻzbekiston roʻyxatidan oʻtgan UK33001 raqamli samolyot hisobdan chiqarildi va utilizatsiyaga yuborildi.
Bunga iqtisodiy omil sabab boʻldi: taʼmirlash va ogʻir texnik xizmat koʻrsatish katta xarajatlarni talab qilardi, CF6-80E1 dvigatellari va boshqa qimmatbaho butlovchi qismlarni alohida-alohida sotish esa foydaliroq boʻlib chiqdi.
Eʼlon qilingan kadrlarda layner Istanbul aeroporti hududining oʻzida qismlarga ajratilayotganini koʻrish mumkin. Fyuzelyajdan ayrim elementlar allaqachon ajratib olingan, ichki konstruktsiyalar ochilgan, samolyotning burun va dum qismlari koʻrinib turibdi.
Global havo kemalari taqchilligi sharoitida 16 yoshli samolyotni utilizatsiya qilish qarori keskin tuyulishi mumkin. Ammo bugungi kunda ehtiyot qismlar bozori eski laynerlarni tiklashdan koʻra koʻproq daromad keltirmoqda.
2025 yil kuzida Air Samarkand aviatashuvchisi xodimlarining ish haqini uch oyga kechiktirgan edi.
Keyinchalik ish haqi kechikishi bilan bogʻliq vaziyat Mehnat vazirligi tomonidan nazoratga olindi.

