“Dreamliner shunchaki samolyot emas, kelajakka poydevor edi”. Uzbekistan Airways Boeing 787 parvozlarining 10 yilligini nishonladi
Uzbekistan Airways Boeing 787 Dreamliner samolyotlaridan foydalana boshlaganiga 10 yil to‘ldi. 'Orzu laynerlari'ni sotib olish 'kelajakka qo‘yilgan poydevor edi', dedi kompaniya rahbari Shuhrat Xudoyqulov. AQSh elchisi Jonatan Henikka ko‘ra, masofalar qisqarishi odamlar uchun yangi imkoniyatlarni ochdi. Reportaj.

“Dreamliner shunchaki samolyot emas, kelajakka poydevor edi”. Uzbekistan Airways Boeing 787 parvozlarining 10 yilligini nishonladi
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi avgust oyining oxirida Boeing 787 Dreamliner samolyotlaridan foydalanishni boshlaganiga 10 yil to‘lishi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazdi.
2016-yilning yozida UK78701 bort raqamiga ega bo‘lgan birinchi keng fyuzelyajli Boeing 787-8 “Orzu layneri” Toshkentga keltirilgan edi. Shu yilning noyabr oyida ikkinchi samolyot qabul qilindi. 2018-yil may oyida park uchinchi Dreamliner bilan boyitildi, 2019-yilda esa yana ikkita samolyot olib kelindi. 2021-yil may oyida oltinchi Boeing 787-8 Toshkentga yetkazildi.
Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulovning ta’kidlashicha, birinchi Dreamliner’ning qabul qilinishi aviakompaniya uchun yangi bosqichning boshlanishi bo‘lgan.
“Bu shunchaki yana bir samolyot emas, balki kelajakka, ya’ni aviakompaniyamizning bugungi kuniga qo‘yilgan poydevor edi”, — deydi u.
Dreamliner’larni o‘zlashtirish bilan birga, aviakompaniya ushbu samolyotlarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan texnik va professional bazani ham shakllantirdi. Jumladan, texnik xizmat ko‘rsatishning murakkab turlarini mustaqil bajarish imkoniyati yaratildi, Boeing 787 ekipaji tashkil etildi hamda komandir va ikkinchi uchuvchilar tayyorlandi.
“Bugun aviakompaniyada Boeing 787 samolyotlari negizida texnik baza, muhandislik salohiyati, uchuvchilar va yo‘riqchi kadrlar, shuningdek, xodimlarni tayyorlash tizimini qamrab olgan professional ekotizim shakllangan. Dreamliner’ning O‘zbekiston aviatsiyasidagi eng muhim natijalaridan biri 2017-yil 27-iyul kuni qayd etilgan. Shu kuni tarixda birinchi marta Toshkentdan Nyu Yorkka oraliq qo‘nishsiz parvoz amalga oshirilgandi.
Bugungi kunda AQShga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar haftasiga besh marta amalga oshirilyapti. “787 samolyoti tufayli aviakompaniya geografiyasida yangi uzoq masofali yo‘nalishlar ochildi”, — deydi Shuhrat Xudoyqulov.
Boeing kompaniyasining O‘zbekiston bozori bo‘yicha mintaqaviy savdo direktori Mario Antonioning aytishicha, kompaniya uchun Toshkent alohida ahamiyatga ega. Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt uning “ikkinchi uyi”ga aylangan.
U ushbu sana O‘zbekiston va Boeing o‘rtasidagi strategik hamkorlik natijalarini namoyish etuvchi muhim voqea ekanini ta’kidladi.
787 Dreamliner oddiy samolyot emas, balki keyingi avlod aviatsiyasi imkoniyatlarini kengaytiruvchi va yangi yo‘nalishlarni ochishga xizmat qiladigan havo kemasi. Ushbu samolyotdan foydalanish Uzbekistan Airways’ning samaradorligini oshirish va parvozlar tarmog‘ini kengaytirishga xizmat qilgan, deydi Mario Antonio.
Uning ma’lum qilishicha, 2026-yilning dastlabki yetti oyida aviakompaniyaning Dreamliner samolyotlarida yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlari 2025-yilning shu davriga nisbatan 20 foizga oshgan.
AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning eng muvaffaqiyatli yo‘nalishlaridan biri aviatsiya sohasi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Boeing va General Electric kabi Amerika kompaniyalari bilan hamkorlik ikki mamlakat uchun ham manfaatli bo‘lgan.
“Bu — Qo‘shma Shtatlar uchun biznes, O‘zbekiston uchun esa texnologiya. Birgalikda biz ulkan muvaffaqiyatlarga erishdik”, — deydi Jonatan Henik.
Elchi 787 Dreamliner samolyotini Amerika aviatsiya sanoatining eng ilg‘or texnologiyalaridan birining ramzi sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, mazkur samolyotlarni xarid va ekspluatatsiya qilish Uzbekistan Airways uchun yangi imkoniyatlar ochib, aviakompaniyaning nufuzini oshirgan.
“787 samolyotlari Toshkent va Nyu York o‘rtasidagi masofani ancha yengil va qulay bosib o‘tish, odamlarga yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qildi”, — deydi u.
Jonatan Henikning qayd etishicha, 787 Dreamliner samolyotlarining aviakompaniya flotiga qo‘shilishi Uzbekistan Airways’ni mintaqadagi yetakchi aviakompaniyalar qatoriga olib chiqishga yordam bergan.
Uzbekistan Airways Technics direktori Valeriy Kosovning aytishicha, mavjud Boeing 787 samolyotlarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, jumladan, internet va telefoniya xizmatlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Uning ta’kidlashicha, zamonaviy samolyotlarda IT texnologiyalar muhim o‘rin tutadi. Yo‘lovchilar parvoz davomida film va videolar ko‘rishi, musiqa tinglashi, shuningdek, internet orqali yaqinlari bilan qisqa xabarlar almashishi mumkin bo‘ladi.
Kosovning so‘zlariga ko‘ra, Uzbekistan Airways Technics Boeing samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zarur vakolat va tajribaga ega. Korxona dastlabki kunlardanoq dvigatellarni almashtirish va ta’mirlash, boroskopik inspeksiyalar o‘tkazish hamda dvigatellarni ishga tushirish kabi ishlardan tashqari, samolyotlarga liniya va bazaviy texnik xizmat ko‘rsatishni mustaqil amalga oshirib kelmoqda.
Korxona xalqaro aviatsiya xavfsizligi talablari bo‘yicha tegishli sertifikatga ega bo‘lib, Boeing samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bajariladigan ishlar ro‘yxatini bosqichma-bosqich kengaytirmoqda.
“Uzbekistan Airways Technics negizida kompozit materiallarni ta’mirlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan markaz tashkil etilgan. Korxona muhandis-texnik xodimlari samolyot, uning tizimlari, tarkibiy qismlari va dvigatellariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha vakolatlarni bosqichma-bosqich kengaytirib kelmoqda”, — deydi Valeriy Kosov.
“8-may kuni Uzbekistan Airways Technics mutaxassislari ta’mirlash ishlaridan so‘ng birinchi marta Boeing 787 qanotida murakkab dvigatel sinovi — On-Wing testing’ni mustaqil ravishda muvaffaqiyatli o‘tkazdi.
Buning uchun mutaxassislar maxsus tayyorgarlikdan o‘tib, xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Shuningdek, korxona mutaxassislari GEnx-1B dvigateli qismlarini ajratish va qayta biriktirish jarayoni — Engine Split’ni ham o‘zlashtirdi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan aviatsiya xodimi Erkin Gulyamovning Boeing samolyotlari bilan ishlash tajribasi 30 yildan ziyod vaqtni qamrab oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Dreamliner uchuvchilar uchun ancha sodda va qulay.
U Dreamliner’gacha bo‘lgan davrda aviakompaniyaning Boeing 767 va 757 samolyotlarini o‘zlashtirish jarayonlarida ham ishtirok etgan. Shuningdek, u faoliyati davomida Airbus A300-600 va A310 samolyotlarini ham boshqargan.
Uning aytishicha, Boeing bilan hamkorlik bo‘yicha dastlabki muzokaralar 1995-yilda boshlangan. O‘sha davrda u aviakompaniyaning sobiq rahbari marhum Arslan Ro‘zmetov boshchiligida Boeing korporatsiyasi vakillari bilan shartnomalar tuzish va samolyotlarni xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarda ishtirok etgan.
Aviakompaniya birinchi uchuvchilar otryadi komandiri Asadjon Tursunov 787 Dreamliner samolyoti bilan 10 yildan buyon ishlab kelmoqda. U birinchi samolyotni zavoddan Toshkentga olib kelgan ekipaj tarkibida bo‘lgan.
Asadjon Tursunov, Valeriy Tyan (2002−2017-yillarda aviakompaniya rahbari) va Ulug‘bek Rozuqulov (sobiq bosh vazir o‘rinbosari, 2017−2018-yillarda kompaniya rahbari).
Uning aytishicha, Boeing 787 samolyotini boshqarishda ham tajriba, ham zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirish muhim. Samolyot eng zamonaviy boshqaruv tizimlari bilan jihozlangani uchun uchuvchi uning imkoniyatlarini to‘liq tushunishi, shu bilan birga, turli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
Asadjon Tursunovning hisob-kitobiga ko‘ra, uchuvchi har ikki-uch kunda bir marta parvoz amalga oshiradi. Shu asosda 10 yil davomida bir uchuvchi hisobiga mingdan ortiq parvoz to‘g‘ri kelishi mumkin. Uning shaxsiy parvozlari ham mingtaga yaqinlashgan.
787 Dreamliner’dagi uzoq masofali parvozlar uchuvchi uchun alohida qiziqish uyg‘otishini aytgan Tursunov AQShga parvozlarni bunga misol sifatida keltirdi.
“Amerikaga uchish hali ham o‘zgacha maroqli. Xaritaga qarasangiz, yarim dunyoni kesib o‘tib, o‘rtacha 12 soatda boshqa bir dunyoda bo‘lib qolasiz. Xuddi ertaklardagi sayohatdek”, — deydi u.
787 Dreamliner samolyotlari Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yevropa va Osiyoning turli davlatlariga parvozlar amalga oshiradi. Uchuvchilar muayyan bir yo‘nalishga biriktirilmaydi — samolyot qayerga belgilansa, shu yo‘nalishda parvoz amalga oshiriladi.
2025-yilda Uzbekistan Airways Dreamliner’ning Boeing 787-9 modifikatsiyasidagi yana 22 ta samolyot yetkazib berish bo‘yicha o‘z tarixidagi eng yirik shartnomani imzoladi. Dastlabki samolyotlarni yetkazib berish 2031-yildan boshlanishi kutilmoqda.
Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulovning ta’kidlashicha, yangi Dreamliner samolyotlari aviakompaniyaning xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish, talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda tashish hajmi va parvozlar barqarorligini oshirish imkonini beradi.
Xudoyqulovga ko‘ra, samolyotlarni qabul qilishga tayyorgarlik ishlari hozirdan boshlangan. Bunda texnik mutaxassislarning malakasini oshirish, uchuvchilarni tayyorlash va zamonaviy o‘quv-mashg‘ulot bazasini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kompaniya O‘quv-mashg‘ulot markazida Markaziy Osiyoda birinchi Boeing 787-9 FFS — to‘liq funksional trenajyor o‘rnatiladi. Bu aviakompaniyaga uchuvchilarni o‘z o‘quv bazasida tayyorlash, mashg‘ulotlar jarayonidagi mustaqillikni oshirish va xorijiy o‘quv markazlariga yuboriladigan mutaxassislar sonini kamaytirish imkonini beradi.
“Boeing 787’dan foydalanishning dastlabki 10 yili davomida shakllangan texnik baza, muhandislik salohiyati va uchuvchilar tayyorlash tizimi aviakompaniyaning keyingi bosqichi uchun asos bo‘lmoqda. Birinchi Dreamliner mahalliy fuqaro aviatsiyasida yangi davr ramziga aylangan bo‘lsa, endi to‘plangan tajriba yanada keng ko‘lamli flot va yangi qit’alararo yo‘nalishlarni o‘zlashtirish uchun poydevor vazifasini bajaradi”, — deydi Shuhrat Xudoyqulov.

