Turkiyada Trampning samolyoti uchun aeroport 120 mln dollarga ta’mirlandi

Turkiyada Trampning samolyoti uchun aeroport 120 million dollarga ta'mirlandi

Turkiya NATO sammiti oldidan harbiy aeroportni qayta qurish uchun 120 million dollardan ko'proq mablag' sarfladi. Sakkiz oy davom etgan bu ishlar Qatarning AQSHga prezident samolyoti sifatida foydalanish uchun sovg'a qilgan Boeing 747-8 samolyotini qabul qilish maqsadida amalga oshirildi. Bu haqda Luxurylaunches nashri xabar berdi.

Qiymati taxminan 400 million dollar bo'lgan ushbu havo kemasi Boeing kompaniyasi tomonidan qurilgan eng yirik yo'lovchi samolyoti hisoblanadi. Uning uzunligi 76 metrdan oshadi, maksimal uchish vazni esa 442 tonnagacha yetadi.

Samolyotning o'lchamlari sababli Anqaradagi sobiq Etimesgut harbiy aeroportini jiddiy yangilash zarurati tug'ildi. Aeroport sammit oldidan diplomatik xab (markaz) sifatida qayta ochildi.

Aeroportda qanday o'zgarishlar amalga oshirildi?

Katta samolyotni qabul qilish uchun aeroportda quyidagi ishlar bajarildi:

Uchish-qo'nish yo'lagining uzunligi 2450 metrdan 3000 metrgacha uzaytirildi.

Yo'lak kengligi 42 metrdan 60 metrgacha kengaytirildi.

Bu o'zgarishlar aeroportga ICAO (Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti) tomonidan eng yuqori hisoblangan “F” toifasini berish imkonini yaratdi. Bu toifa Boeing 747-8 va Airbus A380 samolyotlari uchun zarur hisoblanadi.

Anqaraning balandlikda joylashgani va yozgi issiq harorat samolyotlarning uchish imkoniyatini pasaytiradi. Shu sababli samolyotning og'irligi va o'lchamini hisobga olib, aeroportni yangilash majburiy edi.

Shuningdek, rekonstruksiya davomida yangi harakatlanish yo'laklari qurildi, navigatsiya va yoritish tizimlari yangilandi. Protokol binolari kengaytirilib, 44 ta samolyotni sig'dira oladigan 160 ming kvadrat metrlik perron (samolyotlar turadigan joy) barpo etildi.

Yangi Air Force One

Ushbu Boeing 747-8 samolyotidan avval Qatar amiri o'zining shaxsiy layneri sifatida foydalangan. Keyinchalik u AQSHga sovg'a qilindi. Endilikda samolyot eskirgan VC-25A samolyoti o'rniga AQSH prezidentining yangi borti (Air Force One) sifatida qayta jihozlanishi kutilmoqda. Mazkur samolyot NATO sammitiga kelgan eng katta havo kemasi bo'ldi.

Avvalroq Trampga Turkiyada suiqasd qilmoqchi bo'lishgani haqida xabar berilgandi. Ma'lumotlarga ko'ra, suiqasd Eron tomonidan rejalashtirilgan, razvedka ogohlantiruvidan so'ng Trampning Anqaradan uchgan samolyoti almashtirilgan. Biroq ortga qaytishda u o'zining eski samolyotidan foydalangan va buni “nostalgiya” bilan izohlagan. Shundan so'ng Tramp Mildenxoll aviabazasida (Buyuk Britaniya) to'xtab, u yerdan Qatar sovg'a qilgan samolyotga o'tirib, AQSHga uchib ketgan.