Osiyo oʻyinlari kundaligi. Oʻzbekiston bitta oltin bilan kifoyalandi va Hindistonni oldinga oʻtkazib yubordi
Olimpiada chempioni boʻlgan kurashchi Ramzanbek Jamalov birinchi bahsidayoq yutqazdi, Olimpiada finalchisi Svetlana Saidova (Osipova) esa Osiyo oʻyinlarida finalgacha yetib kela olmadi. Finalga chiqqan ikki oʻzbekistonlik – erkin kurashchi Sherzod Poyonov va taekvondochi Marat Mavlonov oltin uchun bahslarni boy berdi. Futbol jamoasi ham bronza uchun oʻyinda Xitoydan penaltilar seriyasida magʻlub boʻldi.

Osiyo oʻyinlari kundaligi. Oʻzbekiston birgina oltin bilan cheklandi va Hindistonga yoʻl berdi
3-oktabr kuni, Osiyo oʻyinlarining 13-kunida Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari sportning 11 turida bellashuvlarda qatnashdi.
Kun yakunida 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medal qoʻlga kiritildi.
Badiiy gimnastika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Taxmina Ikromova Osiyo oʻyinlaridagi uchinchi oltin medalini qoʻlga kiritdi (u Hangchjoudagi turnirda yakkalik va jamoaviy bahslarda ham oltin olgandi). Yaponiyada u yakkalik koʻpkurash dasturi finaliga chiqib, 112.950 ball bilan hammadan ustun keldi. Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni xitoylik gimnastikachilar egalladi. Qozogʻistonlik gimnastikachilar Akmaral Yerekesheva hamda Aybota Yertayqizi esa toʻrtinchi va beshinchi oʻrinlarda qoldi.
Shuningdek, guruh mashqi dasturida qatnashgan Irodaxon Sodiqova, Yosina Joʻrayeva, Diana Hakimova, Milana Safina hamda Sofiya Usovadan iborat jamoa 49.850 ball bilan toʻrtinchi oʻrinni oldi. Sovrinli oʻrinlarni Xitoy (55.300), Yaponiya (52.500) va Qozogʻiston (51.500) jamoalari egalladi.
Oʻzbekiston erkin kurashchilar jamoasi esa kutilgan yuqori natijalarni qayd eta olmadi. Bugungi dasturda jamoaning yana 5 nafar vakili oʻz imkoniyatini sinab koʻrdi.
-97 kg vazn toifasidagi Sherzod Poyonov musobaqa davomida Bahrayn nomidan qatnashgan Magomed Sharipov (3:3, oxirgi ballni qoʻlga kiritgani evaziga keyingi bosqichga chiqqan), moʻgʻulistonlik Gankhuyag Ganbatar (2:1) va hindistonlik Dipak Puniya (9:8) ustidan gʻalaba qozondi. Ammo finalda eronlik Amirali Azarpiya qarshisida imkoniyat topa olmadi (0:10) va kumush medal bilan kifoyalandi.
Asli rossiyalik boʻlgan va soʻnggi xalqaro turnirlarda Oʻzbekiston nomidan qatnashib kelayotgan Ramzanbek Jamalov uchun bu safargi turnir juda omadsiz kechdi. Parij Olimpiadasida oltin medal olgan ushbu sportchi Osiyo oʻyinlarida ilk raqibigaoq yutqazdi. U avvaliga eronlik Yunus Imomchagʻoiydan magʻlub boʻldi (6:7), bu sportchi finalgacha yetib borgach, Jamalovga bronza uchun kurashish imkoniyati paydo boʻldi. Biroq oʻtish bahsida hindistonlik Sagar Jaglanga ham yutqazib qoʻydi (3:7).

