Onasining mafiya tomonidan vahshiylarcha oʻldirilishi boʻyicha otasiga qarshi koʻrsatma bergan ayolning fojiali oʻlimi
Deniz Kosko Italiyada onasining oʻldirilishi yuzasidan qudratli «Ndrangeta» klani va oʻz otasiga qarshi koʻrsatma berdi.

**Onasining mafiya tomonidan oʻldirilishi boʻyicha otasiga qarshi koʻrsatma bergan ayol fojiali tarzda vafot etdi**
Italiyada shov-shuvli mafiya qotilligida onasi halok boʻlganidan keyin oʻz otasiga qarshi koʻrsatma bergan ayol oʻz joniga qasd qilgan deb taxmin qilinmoqda.
Deniz Kosko yakshanba kuni ogʻir tan jarohatlari bilan topilgan va keyinroq Rimdagi shifoxonada vafot etgan.
Uning 2009 yilda oʻldirilgan onasi Lea Garofalo Italiya janubidagi «Ndrangeta» klaniga qarshi davlat guvohiga aylanganidan soʻng, mafiyaga qarshi kurashning kuchli ramziga aylangan edi.
Koskoni bilganlar uning otasining sudida soʻzlagan jasoratini, shu bilan birga, keyingi yillarda duch kelgan cheksiz qiyinchiliklarini eslashadi.
U 35 yoshda edi — onasi oʻldirilgan paytdagi yoshda.
Qotillik boʻyicha sud jarayonida Koskoning manfaatlarini himoya qilgan senator va mafiyaga qarshi kurash boʻyicha advokat Entsa Rando uning oʻlimini «butun mamlakat uchun chuqur jarohat» va mafiya nafaqat oʻldirishi, balki omon qolganlarning «hayoti va qalbida haqiqiy mahluqlar» yaratishining isboti deb atadi.
Mafiyaga qarshi kurashuvchi «Libera» guruhi hamraisi Francheska Rispoli uyushgan jinoyatchilikdan uzilgan koʻplab insonlar duch keladigan qiyinchiliklarga eʼtibor qaratdi.
«Mafiya — bu shunchaki jismoniy narsa emas. Siz ketishingiz mumkin. Ismingizni oʻzgartirishingiz mumkin», — dedi u Bi-bi-siga. «Ammo baribir ich-ichingizda qoladigan va yengib oʻtish imkonsiz boʻlgan aloqa, oilaviy aloqa mavjud».
Rispolining aytishicha, Kosko ham onasi kabi koʻp yillarni yangi ism va shaxs bilan davlat himoyasida oʻtkazgan.
Shunga qaramay, u juda zaif boʻlib qolgan va soʻnggi yillarda qamoqxonadagi otasi Karlo Kosko bilan qayta bogʻlangan, chunki hamma narsaga qaramay, u «hayotida boʻshliq» his qilgan.
Doʻstlarining aytishicha, u ruhiy salomatlik muammolari va qaramlik bilan kurashgan.
«Balki bu boshqacha hayot kechirishga harakat qilayotganlarga koʻproq yordam kerakligidan dalolatdir. Nafaqat bir yil, balki butun umr davomida», — dedi Rispoli, chunki Italiyadagi uyushgan jinoiy guruhlar, ayniqsa «Ndrangeta», yaqin oilaviy tarmoqlar atrofida qurilgan.
Koskoning holatida ham onasining oilasi, ham otasi mafiya bilan aloqador edi.
U otasining «onang Avstraliyada yangi hayot boshlash uchun ketgan» degan daʼvosini hech qachon qabul qilmagan.
Aslida esa, u Garofaloni uchrashuvga aldab chaqirib, keyin uni boʻgʻib oʻldirgan, jasadini boʻlaklab, yoqib yuborgan.
Yillar oʻtib, qotillardan birining koʻrsatmasi nihoyat politsiyaga baʼzi suyak parchalari va Kosko tanib olgan boʻyin zanjirini topish imkonini berdi.
2013 yildagi ommaviy dafn marosimida u onasining «hamma uchun adolat yoʻlida... oʻzini xavf ostiga qoʻygan» jasorati haqida gapirgan edi.
Uning otasi va uch nafar sherigi allaqachon umrbod qamoq jazosini oʻtamoqda edi.
Sudda Kosko oʻzini «adolatning faxrli guvohi» deb taʼriflagan va oʻz hayotini «qayta boshlash uchun ichki erkinlik» istagani sababli — ekran ortidan turib — koʻrsatma berishdek ogʻriqli qarorni qabul qilganini aytgan edi.
Prokurorlar endilikda oʻz joniga qasd qilishga undash holati boʻlgan-boʻlmaganini aniqlash uchun tergov boshlashdi va uning telefoni tahlil qilish uchun olib qoʻyildi.
Juma kuni kechqurun doʻstlari va tarafdorlari Milanda, onasi oʻgʻirlab ketilgan joy yaqinida uni xotirlash uchun yigʻilishlari kerak edi.
«Denizning butun hayoti jasorat va azob-uqubatlarning ikki chegarasi orasida oʻtdi», — deb yozdi «Libera» prezidenti Luiji Chotti va buni qiyin muvozanat deb atadi.
«Bugun oʻsha nozik muvozanatda nimadir abadiy buzildi».

