Italiyadagi o‘q-dori zavodida kuchli portlash yuz berdi (video)

Italiyaning Kolleferro shaharchasi yaqinida joylashgan o‘q-dori zavodida 13-avgust kuni kuchli portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi. Portlash ovozi bir necha kilometr uzoqlikgacha eshitilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, portlash yuz berganda o‘t o‘chiruvchilar va politsiya voqea joyida yong‘inni o‘chirayotgan bo‘lgan. Kolleferro meri Djulio Kalamita jurnalistlarga vaziyat nazorat ostida ekanligini ma’lum qildi. U halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar yo‘qligi tasdiqlanishini kutayotganini qo‘shimcha qildi.
Portlash Fransiya-Germaniya mudofaa guruhi KNDS tarkibiga kiruvchi KNDS Ammo Italy zavodida sodir bo‘ldi. Kompaniya holatga izoh bermadi. Kompaniya saytiga ko‘ra, KNDS Ammo Italy quruqlik va dengiz mudofaa tizimlari uchun o‘rta va yirik kalibrli o‘q-dorilar, shuningdek, aerokosmik raketa-tashuvchilar uchun qattiq yoqilg‘i ishlab chiqaradi. Yevropa Ittifoqi hujjatlariga ko‘ra, ushbu kompaniya Yevropa Mudofaa Agentligining 2023-yilda tuzilgan 155 millimetrli o‘q-dorilar bo‘yicha kelishuvlar pudratchilaridan biridir.
Kalamita portlash zavod yopiq bo‘lgan yozgi ta’til paytida yuz berganini ta’kidladi. U aks holda "fojia bo‘lar edi", deb qo‘shimcha qildi. Mer oxirgi yong‘in o‘choqlarini o‘chirish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini bildirdi.
Avvalroq Bolgariyada ham o‘q-dori zavodi portlab ketgani haqida xabar berilgandi. Hodisaga yuk mashinasining yonib ketishi sabab bo‘lgani aytilgandi. Buning ortidan omborda o‘q-dorilar portlab ikkilamchi yong‘in kelib chiqqan.

