Dunyo

Qo‘shma Shtatlarda isroillik sobiq josus qo‘lga olindi

Qo‘shma Shtatlarda Isroil harbiy razvedkasining sobiq xodimi Allison Alon hibsga olindi. U mamlakatdan deportatsiya qilinishi mumkin.

AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) xodimlari Nyu-Hempshir shtatining Konkord shahrida o‘tkazilgan maxsus reyd chog‘ida Alonni qo‘lga oldi. Tashkilot uni o‘z bayonotida Isroildan kelgan jinoiy va noqonuniy immigrant deb atadi, shuningdek, uning avvalgi ismi — Avishaydan foydalandi.

Alon tanishini o‘g‘irlash va boshqa jinoyatlarda ayblanib, qamoq jazosiga hukm qilingan. ICE ma’lumotiga ko‘ra, u qurol bilan tahdid qilish, odam o‘g‘irlash va giyohvand moddalarni saqlash kabi jinoyatlarni sodir etgan.

U avval Isroil armiyasining 81-bo‘linmasida xizmat qilgan. Bu bo‘linma Isroil harbiy razvedka boshqarmasining eng maxfiy tuzilmalaridan biri bo‘lib, razvedkaning maxsus operatsiyalari uchun texnologiyalar ishlab chiqishga ixtisoslashgan.

The Jerusalem Post nashrining xabar berishicha, Alon 81-bo‘linmadagi xizmatidan so‘ng genderini o‘zgartirgan va Amazon hamda Microsoft kompaniyalarida muhandis sifatida yuqori lavozimlarda ishlagan.

**Tanishini qanday o‘g‘irlagan?**

Alon 2024-yil sentyabrida erkak tanishini o‘g‘irlab ketgani uchun hibsga olingan. U tanishining ichimligiga psixoaktiv modda solishda gumonlangan. The Jerusalem Post nashri ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanuvchini so‘roq qilish g‘oyasini Alonning boshqa tanishi Brian Levy taklif qilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Alonning Doverdagi (Nyu-Hempshir) uyida ikkita o‘qlangan to‘pponcha bo‘lgan. Ulardan biriga shovqinni pasaytirgich o‘rnatilgan edi. Alon qurollardan birini jabrlanuvchiga qaratgan.

Biroq ushbu voqea politsiya xabar topishi ortidan fosh bo‘lgan. Huquq-tartibot xodimlari Alonning uyi tashqarisida shubhali avtomobil turgani haqidagi xabarni tekshirish uchun kelgan. Ular uy ichidan jabrlanuvchining yordam so‘rab qichqirganini eshitgan va shu orqali qotillikning oldini olgan. ICE hozir uni deportatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.