“Odamlar farzandlarini emlatmasliklari haqida hatto faxr bilan yozmoqda”. Vaksinatsiya nima uchun muhim?

“Odamlar farzandlarini emlatmasliklari haqida hatto faxr bilan yozmoqda”. Vaksinatsiya nega muhim?
XX asrda inson umrining uzayishiga vaksinatsiya katta hissa qo‘shdi. Odatda har qanday emlash u himoya qiladigan kasallikning o‘zidan ancha xavfsizroq bo‘ladi. Shunga qaramay, vaksinatsiya borasidagi bahslar hech qachon to‘xtamagan. Har qanday mamlakatda, har qanday davrda vaksinalarni zararli deb biladigan, ularsiz ham yashash mumkinligini aytadigan odamlar bo‘lgan. Ammo tibbiyot va insoniyat tarixi buning aksini ko‘rsatadi. “Ezgu amal” xayriya jamg‘armasi boshqaruv raisi, onkolog shifokor Rustam Norboyev ijtimoiy tarmoqlarda farzandini emlatmaganini faxr bilan yozayotgan ota-onalar ko‘payganini aytib, bu boshqalar uchun ham xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidladi.
### Vaksinatsiya nima uchun kerak?
Profilaktik emlashlar ham bolalar, ham kattalar uchun muhim. Ayrim kasalliklarni davolash juda qiyin yoki ular og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Virusli gepatit B, difteriya, qoqshol, ko‘kyo‘tal kabi kasalliklarning oldini olishda vaksinatsiya asosiy himoya choralaridan biridir.
Ayniqsa, kichik yoshdagi bolalar uchun emlash muhim, chunki ularning organizmi turli infeksiyalarga nisbatan ancha zaif bo‘ladi. Agar ona o‘z vaqtida emlangan yoki muayyan kasallikni avval boshdan kechirgan bo‘lsa, bolaning hayotining dastlabki oylarida onadan o‘tgan antitanachalar uni ma’lum darajada himoya qilishi mumkin. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu himoya susayadi. Shu sabab emlashni profilaktik emlashlar taqvimiga muvofiq, erta yoshdan boshlash zarur.
Oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklardan himoyalanish — har bir insonning huquqi. Vaksina organizmning himoya mexanizmlarini ishga tushirib, immun tizimini muayyan infeksiyaga qarshi kurashishga tayyorlaydi. Natijada organizm emlangan kasallikka nisbatan himoya hosil qiladi.
Shuni tushunish muhimki, emlashdan keyin organizm ma’lum darajada reaksiya bildirishi mumkin. Ayrim hollarda tana haroratining ko‘tarilishi yoki boshqa reaksiyalar kuzatiladi. Jiddiy nojo‘ya reaksiyalar esa juda kam uchraydi. Masalan, qizamiqqa qarshi emlashdan keyin juda kam hollarda tutqanoq yoki isitma kuzatilishi mumkin. Biroq qizamiqning o‘zi ham og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sabab emlash masalasini shifokor bilan maslahatlashgan holda, insonning sog‘lig‘i va individual holatini hisobga olib hal qilish muhim.
Shunga qaramay, ayrim ota-onalar emlashni tibbiyot xodimlari tomonidan yuklatilgan oddiy rasmiyatchilik deb qabul qiladi. Vaksinoprofilaktikaning salomatlikni himoya qilishdagi ahamiyatini yetarlicha anglamaslik esa asossiz ravishda emlashdan bosh tortish holatlarining ko‘payishiga olib kelishi mumkin.
### Emlash tizimidagi muammolar
“Emlash tizimimizda va statistik maʼlumotlarning haqqoniyligida muammolar borligi, menimcha, hech kimga sir emas. Lekin bu muammolarning oqibatlarini biz endi his qila boshlayapmiz. Va qo‘rqamanki, bundan keyin vaziyat yanada og‘irlashishi mumkin.
Buni tushunish uchun hatto statistikaga qarash ham shart emas. Baʼzida ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarni o‘qishning o‘zi yetarli. Odamlar farzandlarini emlatmasliklari haqida ochiq, baʼzida hatto faxr bilan yozishadi. Lekin men bunda faqat ota-onalarni ayblamoqchi emasman”, deb yozadi shifokor Rustam Norboyev.
Mutaxassisning fikricha, eng katta muammo — normal va tushunarli axborotning yetishmasligi. Agar odamlar savollariga shifokorlardan va davlatdan javob olmasa, javobni o‘zlari izlay boshlaydi. Ana shu joyda turli “ekspertlar”, blogerlar, tabiblar va tibbiyotga umuman aloqasi bo‘lmagan boshqa odamlar paydo bo‘ladi.
“Eng achinarlisi, biz — tibbiyot hamjamiyati ham ko‘pincha shunchaki jim turamiz. Go‘yoki bu muammo bizga tegishli emasdek. Lekin endi bu hammamizga tegishli. Kechagi uchrashuvdan keyin Facebook va Instagram’da SSPE’ning sababi vaksinalar ekani haqida izohlarni ko‘rdim. Mana shu joyda vaziyat haqiqatan ham xavfli tus oladi. Chunki bu voqeadan mutlaqo teskari xulosa chiqarib olishimiz mumkin”, deydi u.
SSPE — qizamiqni boshdan kechirgandan keyin yillar o‘tib rivojlanishi mumkin bo‘lgan juda og‘ir asorat. Qizamiqqa qarshi vaksina SSPE’ga sabab bo‘lmaydi. Aksincha, SSPE’ning oldini olishning eng yaxshi yo‘li — qizamiqning o‘zini oldini olish.
Shuningdek, mutaxassis odamlarga “emlaninglar” deyishning o‘zi yetarli emasligini, bu endi ishlamasligini ta’kidladi. U infeksionistlar, nevrologlar, epidemiologlar va pediatrlarni bir joyga yig‘ib, odamlarning savollariga xotirjam va tushunarli javob berish kerakligini bildirdi.
“Biz qaysi vaksinalardan foydalanamiz? Ular qayerdan keladi? Sifati qanday tekshiriladi? Qanday nojo‘ya taʼsirlari bo‘lishi mumkin? Haqiqiy qarshi ko‘rsatmalar qaysilar? Nega ayrim hollarda emlangan bola ham kasallanishi mumkin? Shunday bo‘lsa ham, nima uchun emlanish kerak? Odamlarda bu savollar bor. Demak, ularga javob berish kerak”, deb yozadi u.
Rustam Norboyevning qayd etishicha, bugungi kunda rivojlangan SSPE’ni butunlay davolab yuboradigan davo yo‘q. Bunday davolash nafaqat bizda, balki dunyoning boshqa davlatlarida ham mavjud emas. Lekin davolab yubora olmasligimiz yordam bera olmaymiz degani emas. Aksincha, bu bolalar uchun juda ko‘p narsa qilish mumkin: tutqanoqlar va spastikani nazorat qilish; to‘g‘ri ovqatlanishni ta’minlash; zarur bo‘lsa respirator yordam ko‘rsatish; yotoq yaralarining oldini olish; parvarish vositalari va kerakli jihozlar bilan ta’minlash.
Ayniqsa, bolalar uchun mos shakldagi tutqanoqqa qarshi dori vositalarini mavjud qilish. Ota-onalarga bunday bolani uyda qanday parvarish qilishni o‘rgatish. Va albatta, bu bolalarni palliativ yordam tizimiga erta qo‘shish kerak. Chunki palliativ yordam — bu “odamni o‘lish uchun yuboradigan joy” emas. Bu kasallikni davolab bo‘lmaydigan vaziyatda bemor va uning oilasiga yordam berishdir”, deb yozadi u.
Mutaxassis SSPE’ni davolash masalalariga to‘xtalar ekan, ushbu kasallik bo‘yicha milliy klinik protokolni ko‘rib chiqqani va unda vena ichiga yuboriladigan immunoglobulin (IVIG) borligini ko‘rganini aytadi. Unga ko‘ra, aynan SSPE’da IVIGning samaradorligini tasdiqlaydigan yetarlicha ishonchli dalillar yo‘q.
“Bu yerda ota-onalarda ‘qimmat dori bor, davlat uni sotib bermayapti, agar shu dorini olsak bola tuzaladi’ degan yolg‘on umid paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik juda muhim. Afsuski, hammasi bundan ancha murakkab. SSPE’da virusga qarshi va immun tizimiga taʼsir qiluvchi turli davolash usullari qo‘llangan va hozir ham ayrim joylarda qo‘llanadi. Balki ayrim bemorlarda ular kasallikning rivojlanishini sekinlashtirishga yordam berishi mumkin. Buni mutaxassislar bilan muhokama qilish va asos bo‘lgan holatlarda qo‘llash mumkin. Lekin tuzalib ketishni vaʼda qilib bo‘lmaydi”, deydi Norboyev.
Shu bilan birga, shifokor mablag‘ning bir qismini bu bolalarning hayot sifatini aniq yaxshilaydigan narsalarga sarflash samaraliroq bo‘lishi mumkinligini aytdi: tutqanoqqa qarshi dorilar, maxsus ovqatlanish, yotoq yaralariga qarshi matraslar, aspiratorlar, kislorod va respirator yordam, parvarish vositalari va palliativ yordam.
“Baʼzida bosh shifokorga emlash bilan bog‘liq muammo borligini tan olishdan ko‘ra, yuqori emlash ko‘rsatkichini ko‘rsatish osonroq. Oilaviy shifokorga esa ota-onaga vaksina nima uchun kerakligini soatlab tushuntirishdan ko‘ra, emlashdan bosh tortganligi haqida tilxat olib, suhbatni tugatish osonroq. Ayniqsa, tushuntirishga javoban haqorat yoki tahdid eshitsa. Natijada qog‘ozda hammasi yaxshi ko‘rinishi mumkin…”, deydi u.
Rustam Norboyev bugungi SSPE bemorlarining bir qismi qizamiqni rejalashtirilgan emlash yoshiga yetmasdan yoki emlashdagi uzilishlar davrida yuqtirgan bo‘lishi ham mumkinligini istisno etmadi.
“Ota-ona farzandini emlatmaslikka qaror qilganda, bu faqat uning bolasiga tegishli bo‘lib qolmaydi. Qizamiq bilan kasallangan bola boshqa bolani yuqtirishi mumkin. Masalan, hali vaksina olish yoshiga yetmagan chaqaloqni. Yoki immuniteti zaif bolani. Yoki kimyoterapiya olayotgan onkologik bemorimizni, uning immun tizimi infeksiyaga normal javob bera olmasligi mumkin. Shuning uchun emlash faqat ‘mening bolam — mening qarorim’ degan masala emas. Bu bir-birimiz oldidagi mas’uliyat masalasi ham”, deydi u.
### O‘zbekistonda emlash taqvimi
Chaqaloqlarga tug‘ilgan vaqtida tug‘ruqxonada olishi lozim bo‘lgan emlashlar va ularni o‘tkazish muddatlari ko‘rsatilgan “Emlash pasporti” beriladi. Emlash pasportida har bir o‘tkazilgan va navbatda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan emlashlar ko‘rsatib qo‘yiladi.
Bolalar emlashdan oldin shifokor ko‘rigidan o‘tkazilishi lozim. Bolalarni profilaktik emlashdan oldin birinchi navbatda emlanayotgan bolaning umumiy holatiga baho beriladi. Bunda bolaning sog‘lig‘i haqida ota-onasi yoki uni olib kelgan shaxsdan so‘raladi. Shu orqali emlashga qarshi ko‘rsatmalar bor-yo‘qligi, avval emlash o‘tkazilganda nojo‘ya reaksiyalar kuzatilgan-kuzatilmagani aniqlanadi.
### YUNISEF emlash haqida nima deydi?
75 yildan ortiq vaqt davomida olimlar butun dunyo bo‘ylab emlangan yuz millionlab bolalarning qisqa va uzoq muddatli salomatligi hamda rivojlanishini sinchkovlik bilan tahlil qilgan. Ushbu yillar davomida millionlab emlangan bolalarni o‘rganish natijasida emlash va autizm, autoimmun kasalliklar yoki boshqa uzoq muddatli sog‘liq buzilishlari o‘rtasida ishonchli bog‘liqlik aniqlanmagan. Shuningdek, emlash boshqa yuqumli kasalliklarni yuqtirish xavfini oshirmaydi. Bundan tashqari, vaksinalar immunitet tizimiga hatto maxsus emlanmagan viruslarga qarshi kurashishda yordam berishi mumkinligi haqida dalillar mavjud.
Vaksinatsiya bilan bog‘liq har qanday xavflarni mavjud vaksinalar himoya qiladigan kasalliklarning paydo bo‘lish xavfi bilan taqqoslash lozim. Chunonchi, agar emlanmagan chaqaloq ko‘kyo‘tal bilan kasallansa, unda o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir asoratlarning rivojlanish ehtimoli 20 dan 1 ni tashkil etadi. Agar emlanmagan bola qizamiq bilan kasallansa, u o‘rta yoki yuqori daromadli mamlakatda bo‘lsa, uning o‘lish ehtimoli 500 dan 1 ga teng. Bu shuni anglatadiki, kasallik keltirib chiqaradigan asoratlar xavfi vaksinalar keltirib chiqaradigan asoratlar xavfidan bir necha baravar yuqoridir.
### Agar emlash muddati kechiktirilsa…
Bolalarning immun tizimi hali shakllanishning dastlabki bosqichlarida bo‘lgani sababli, chaqaloqlar va kattaroq yoshdagi bolalar sog‘lom kattalar kabi viruslar va boshqa kasalliklardan himoyalanmagan. Bola organizmi va uning ichki a’zolari hali shakllanishda davom etmoqda va bu sog‘lom katta odamda yengil alomatlarni keltirib chiqaradigan kasallik bolada jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Bolalarning immunitet tizimini ma’lum kasalliklarni aniqlash va ularga qarshi kurashishga “o‘rgatish” orqali vaksinalar bu zaiflikni bartaraf etishga yordam beradi.
Shuning uchun ham ko‘kyo‘tal, qizamiq kabi kasalliklardan o‘lim holatlarining aksariyati yosh bolalar va go‘daklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu kasalliklarning asoratlari va o‘limidan eng yaxshi himoya vaksinalardir. Bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlashni kechiktirib, agar ular infeksiyalansa, og‘ir kasallanish yoki hatto o‘lim xavfini oshirasiz.
Emlashlar bolalar hayotini saqlab qolishga qanday ta’sir ko‘rsatganini tushunish uchun bolalar o‘limining umumiy ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratish kifoya. 1990-yilda har ming boladan taxminan 93 nafari besh yoshga to‘lmasdan vafot etgan. Bugungi kunda o‘lim darajasi dastlabki ko‘rsatkichning uchdan bir qismini tashkil etadi: 1000 nafar boladan 37 nafari vafot etmoqda. Bolalar o‘limining kamayishi ko‘p jihatdan global emlash dasturlari bilan bog‘liq.
So‘nggi 50 yil ichida vaksinalar 154 million kishining hayotini saqlab qoldi. Ularning aksariyati, ya’ni 101 millioni qutqarilgan go‘daklardir.
Bolalar qanchalik yosh bo‘lsa, ular shunchalik kasalliklarga moyil bo‘ladi, shuning uchun ularning belgilangan muddatda emlanishi va emlash muddatlari kechiktirilmasligi juda muhimdir.
Ba’zi odamlar odatiy emlash jadvaliga amal qilinsa, chaqaloq yoki yosh bola bir vaqtning o‘zida juda ko‘p antigenlarni qabul qiladi va bu ular uchun xavfli bo‘lishi mumkin, deb noto‘g‘ri o‘ylashadi. Ammo bu yanglish fikr.
Antigenlar — bu viruslar yoki bakteriyalarning mayda bo‘laklari bo‘lib, ular organizmga tushganda immunitet javobini keltirib chiqaradi. Vaksina aynan shunday ishlaydi. Antigenlar hamma joyda mavjud. Ular hatto chaqaloqni tug‘ruq yo‘llari bo‘ylab kuzatib boradi. Aslida, har qanday vaksina yoki tavsiya etilgan vaksinalar kombinatsiyasi kiritilganda bola oladigan antigenlar miqdori bola har kuni o‘z atrofida duch keladigan antigenlar miqdoridan ancha kam.
Chaqaloqning immunitet tizimi g‘oyat chidamli bo‘lib, har kuni yuzlab va minglab antigenlar, bakteriyalar va allergenlarga javob bera oladi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta vaksinani kiritish bolaning immunitet tizimi tomonidan oson qabul qilinadi va unga xavf tug‘dirmaydi. Mutaxassislarning baholashicha, chaqaloqlarning immunitet tizimi shunchalik mukammal tuzilganki, u bir vaqtning o‘zida kiritilgan 10 000 ta zamonaviy vaksinaga xavfsiz va samarali javob bera oladi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, aynan shu sababli emlangan bolalar emlanmagan bolalar bilan bir xil antigenlarning umumiy ta’sir darajasiga ega. Vaksinalar immunitet tizimiga ortiqcha yuk bermaydi, ular shunchaki bolaning immunitet tizimiga qo‘shimcha immunitet yuklamasini yaratmasdan muayyan kasalliklarni aniqlash va ularga qarshi kurashishga yordam beradi.

