Nima uchun bolalar ta’tildan keyin kasal bo‘ladi va ularning immunitetini qanday mustahkamlash mumkin?

Bolalar ta'tildan keyin nima uchun kasallanadi va ularning immunitetini qanday mustahkamlash mumkin?
Bolalarda "shamollash" ko'pincha o'tkir respirator virusli infeksiya (O'RVI) bo'lib, asosan rinoviruslar tomonidan chaqiriladi. Bu viruslar havo-tomchi yo'li orqali yuqadi: infeksiyalangan odam yo'talganida yoki aksirganida virusli zarrachalar tarqaladi. Kasallik qo'l siqish, ifloslangan yuzalar yoki havo orqali virus zarrachalarini nafas olish orqali ham yuqishi mumkin. Aynan shu sababli bolalar ta'tildan so'ng ko'proq kasallanadi.
**Bolalar jamoaga qaytadi**
O'quv yili boshlanishi bilan bolalar bir-birlari bilan ko'proq va yaqinroq muloqotda bo'ladi. Ular ko'pincha yopiq joylarda, masalan, maktab sinflari va bolalar bog'chasi guruhlarida vaqt o'tkazishadi. Bunday joylarda viruslar ochiq havoga nisbatan ko'proq to'planadi, bu esa kasallik yuqtirish xavfini oshiradi.
**Qo'l gigiyenasiga rioya qilmaslik**
Ko'plab bolalarda iflos qo'llarini yoki turli buyumlarni (qalam, ruchka, o'yinchoqlar) og'ziga solish odati bor. Bu ham kasallikni oson yuqtirishga sabab bo'ladi. Ota-onasi yonida bo'lmaganida, bola maktabda va bog'chada qo'llarini yuvishni unutib qo'yishi ehtimoli katta.
**Xona havosi quruqlashib ketadi**
Batareyalar va boshqa isitish moslamalari xona havosidagi namlikni kamaytiradi. Natijada burunning shilliq pardasi quruqlashib, viruslarga nisbatan sezuvchan bo'lib qoladi.
**Bolalarning uyqusi me'yorida bo'lmaydi**
Ta'til paytida ko'plab bolalar kun tartibiga rioya qilmaydi. O'qish boshlangach, erta turishga majbur bo'lishadi, bu esa uyquga to'ymaslikka olib keladi. Uyqu yetishmasligi immunitet faoliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatib, organizmning infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatini pasaytiradi, natijada bolalar tez-tez kasallanadi.
**Bolaning immunitetini qanday mustahkamlash mumkin?**
Gripp va O'RVI profilaktikasining oddiy usullari kamroq kasallanishga yordam beradi.
**Bolaga qo'llarini yuvishni eslatib turing**
Farzandingizga iflos qo'llar bilan burun, og'iz va ko'zlarga tegish nima uchun mumkin emasligini tushuntiring. U bilan sayrdan keyin va ovqatlanishdan oldin darhol qo'llarini yuvishga kelishib oling. Bu oddiy qoidalar asosida amalga oshirilishi kerak:
* Qo'llarni toza, oqar suvda ho'llash.
* Qo'llarni sovunlash: kaftning orqa tomoni, barmoqlar orasi va tirnoqlar ostini.
* Toza, oqar suvda yaxshilab yuvish.
* Toza sochiq bilan yoki quritgichda quritish.
Farzandingiz qo'llarini kamida 20 soniya yuvishini nazorat qiling. Bolaga osonroq bo'lishi va vaqtni sanab o'tirmasligi uchun shu vaqt ichida "Happy Birthday" qo'shig'ini ikki marta kuylashni taklif qiling. Olimlarning fikricha, bu jarayon aynan shuncha vaqt davom etishi lozim.
**Xonalarni muntazam ravishda shamollatib turing**
Xonani shamollatish orqali undagi virus zarrachalari bor havoga nisbatan toza havo miqdori ko'payadi. Uyda barcha xonalarni shamollatish kerak, maktab yoki bolalar bog'chasida esa pedagoglar har tanaffusda yoki bolalar sayrga chiqqanda derazalarni ochib turishlari mumkin.
**Bolani va o'zingizni emlating**
Vaksina – yuqumli kasalliklar, jumladan, mavsumiy grippning eng yaxshi profilaktikasidir. Unga qarshi sentyabr-oktyabr oylarida, kasallanish darajasi ortishidan oldin emlatgan ma'qul.
**Bolaning yetarlicha uxlashini nazorat qiling**
6 yoshdan 12 yoshgacha bo'lgan bolalar 8–12 soat uxlashi zarur. 13 yoshdan 18 yoshgacha esa sutkalik uyqu me'yori 8–10 soatni tashkil qiladi. Bolangizga har kuni bir vaqtda uxlashga yotish odatini shakllantirishga ko'maklashing. Buning uchun dam olish kunlari ham belgilangan tartibga rioya qilish lozim. Uyquga tayyorgarlik vaqtida xona yorug'ligi xira bo'lishi, uxlashdan bir soat oldin esa ekran vaqtini cheklash: telefonni olib qo'yish, televizor ko'rish yoki videoo'yinlar o'ynashga ruxsat bermaslik kerak.
**Bolaning jismoniy faol bo'lishiga yordam bering**
Muntazam jismoniy faollik immunitetning kasalliklarga qarshi yaxshiroq kurashishiga yordam beradi. Bolani professional sportga berish shart emas. Toza havoda sayr qilish yoki ko'chadagi faol o'yinlarning o'zi ham kifoya.
**Kasallikdan himoya qilishga nima yordam bermaydi?**
Dorixonalar gripp va O'RVI profilaktikasi uchun taklif qiladigan deyarli barcha vositalar ishlamaydi.
**C vitamini**
C vitaminini qabul qilish virus yuqishining oldini olmaydi. Shuningdek, u kasallik davrini sezilarli darajada qisqartirishga ham yordam bermaydi. Vitamin iste'mol qilganlar va qilmaganlar o'rtasidagi kasallik davomiyligining farqi atigi 8–14 foizni tashkil etadi. Odam o'rtacha 7 kun kasal bo'lishini hisobga olsak, C vitamini bilan u eng ko'pi bilan bir kun oldin tuzalishi mumkin, xolos.
**Virusga qarshi vositalar**
Rinoviruslarning bir necha yuzlab turlari mavjud, shu sababli ularning har biridan bir xilda himoya qiladigan dorini tasavvur qilish qiyin. O'RVI profilaktikasi uchun virusga qarshi vositalarni qabul qilish hech qaysi xalqaro klinik tavsiyalarda profilaktika chorasi sifatida ko'rsatilmagan. Ularni asosan reklamalarda preparatlarning o'z ishlab chiqaruvchilari tavsiya etadi. Biroq, bu tabletkalarning isbotlangan samaradorligi yo'q. Shuni ham yodda tutish kerakki, immunitet mustaqil va tajovuzkor tizimdir. U yallig'lanishni keltirib chiqaruvchi va yallig'lanishga qarshi hujayralar miqdorini o'zi tartibga soladi, shuning uchun uning ishiga aralashmaslik lozim.
**Oksolin mazi**
Uning vazifasi virus zarrachalari organizmga kira olmasligi uchun burun shilliq qavatida to'siq hosil qilishdan iborat. Ushbu maz 50 yildan buyon qo'llanib kelayotgan bo'lsa-da, uning samaradorligini tasdiqlovchi birorta ham tadqiqot haligacha mavjud emas.
**Haddan tashqari issiq kiyinish**
Odamlar organizmga virusli infeksiya tushishi oqibatida kasallanadi. +15 °C daraja haroratda issiq qalpoq va bir necha qavat kiyim kiyish infeksiyadan himoya qila olmaydi. Sovqotish kasallik chaqirmaydi. Shu sababli bolani ob-havoga mos kiyintiring.
**Agar bola kasal bo'lib qolsa, nima qilish kerak?**
Kasallikning ilk belgilari namoyon bo'lishi bilan bolani boshqa bolalarga yuqtirmasligi uchun uyda qoldirish lozim. Immunitet bir necha kundan so'ng virusni o'zi yengadi. Bu vaqtda esa bolaga noxush alomatlarni yengillashtirishga yordam berish mumkin:
* Tana harorati ko'tarilganda isitma tushiruvchi vositalar berish.
* Shilliq qavatni namlantirish uchun burunni sho'r suvli eritma bilan chayish.
* Xonani shamollatish va havoni namlantirish.
* Bolaning ko'proq dam olishini va yetarlicha suyuqlik ichishini nazorat qilish.
**Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?**
Agar quyida sanab o'tilgan alomatlardan birortasi kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish zarur:
* Nafas olishning qiyinlashishi yoki tezlashishi.
* Suvsizlanish belgilari.
* To'rt kundan ortiq davom etayotgan isitma.
* Alomatlar 10 kundan ortiq vaqt davomida yaxshilanmasa yoki yo'qolib, qayta paydo bo'lsa.
* Surunkali kasalliklarning og'irlashishi.

