Oʻzbekistonda «oq» taksi bozori 2026 yil boshidan buyon qanday oʻzgardi
Sakkiz oy ichida Oʻzbekistondagi rasmiy taksi bozori 329 million qatnovni va 7,2 trillion soʻmdan ortiq aylanmani tashkil etdi. Naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushi deyarli 37 foizgacha oʻsdi, soliqlar esa butun 2025 yilgi natijadan oshib ketdi, Cobalt esa haydovchilar orasida eng ommabop avtomobil maqomini saqlab qoldi.

Oʻzbekistonda «oq» taksi bozori 2026 yil boshidan buyon qanday oʻzgardi
Oʻzbekiston Soliq qoʻmitasi 2026 yilning yanvar−avgust oylari uchun taksi bozori faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qildi.
Soliq organlarining axborot tizimlariga 242 ta taksi agregatori ulangan. Taqqoslash uchun, 2024 yilning yozida ularning soni 142 ta, oʻsha yilning oxiriga kelib 155 ta, 2025 yil yakunlariga koʻra esa 224 ta edi.
Sakkiz oy davomida agregatorlar orqali 329,04 mln ta qatnov amalga oshirildi. Taksi xizmatlarini koʻrsatishdan tushgan tushum 7,2 trln soʻmdan oshdi.
Ushbu summadan 4,5 trln soʻmi yoki 63,1 foizi naqd pul toʻlovlariga, yana 2,6 trln soʻmi yoki 36,9 foizi naqd pulsiz hisob-kitoblarga toʻgʻri keldi.
Naqd pulsiz toʻlovlar ulushi sezilarli darajada oshdi. Taqqoslash uchun: 2024 yilda bu koʻrsatkich 23,7 foizni, 2025 yil yakunlariga koʻra esa 27,8 foizni tashkil etgan edi.
Bitta qatnovning oʻrtacha narxi 21 785,5 soʻmga yetdi. 2024 yil yakunlariga koʻra bu koʻrsatkich 18 456 soʻmni, 2025 yil yakunlariga koʻra esa 20 ming soʻmdan sal koʻproqni tashkil etgan.
Agregatorlar orqali 481,1 ming nafar oʻzini oʻzi band qilgan haydovchi yoʻlovchi tashimoqda. Bundan tashqari, Soliq qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, tizimda 593 ta yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtgan. Taqqoslash uchun, yil boshida oʻzini oʻzi band qilgan haydovchilar soni qariyb 574,6 ming nafarni tashkil etgan edi.
Agregatorlar orqali 4107 nafar ayol haydovchi ishlamoqda. Ularning soni yil boshidagiga (4726 nafar) nisbatan kamaygan.
Taksi avtomobillari orasida eng keng tarqalgan model hamon Chevrolet Cobalt boʻlib qolmoqda — umumiy sondan 27% (yil boshida 23,7% edi). Keyingi oʻrinlarda Nexia — 19,3%, Lacetti — 16,1% bormoqda.
Elektromobillar ulushi 2025 yil yakunidagi 1,9 foizga nisbatan 2,5 foizgacha oʻsdi.
Mashinalarning yosh tarkibi ham oʻzgardi.
Qatnovlarning asosiy qismi hamon poytaxt hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Yanvar−avgust oylari maʼlumotlariga koʻra, Toshkent shahriga agregatorlar orqali amalga oshirilgan barcha qatnovlarning 45,3 foizi toʻgʻri kelgan. 2025 yil yakunlariga koʻra, poytaxt hissasiga qatnovlarning 44,6 foizi toʻgʻri kelgan edi.
2026 yilning yanvar−avgust oylarida taksi agregatorlari 149,2 mlrd soʻm soliq toʻladi, shundan 46,8 mlrd soʻmi QQSdir. Taqqoslash uchun, butun 2025 yil davomida agregatorlar 128,2 mlrd soʻm soliq toʻlagan boʻlib, shundan 63,6 mlrd soʻmi QQSga toʻgʻri kelgan edi.
2023 yil oxirida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Yandex Go servisi 86,3% ulush bilan Oʻzbekiston taksi agregatorlari bozorida ustun mavqeni egallab turganini maʼlum qilgan edi.
2025 yil yanvarida prezident oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga doimiy asosda taksi xizmatlarini koʻrsatishga ruxsat berdi. Ilgari ular uchun vaqtinchalik tartib amal qilar edi. Shu bilan birga, agregatorlar faoliyatini tartibga solish va ularning davlat, haydovchilar hamda yoʻlovchilar oldidagi majburiyatlarini aniq belgilash topshirilgan edi.

