Oʻzbekistonda ishxonadagi tazyiq, zoʻravonlik va kamsitishlar boʻyicha shikoyat qilish portali ishga tushiriladi

Oʻzbekistonda xodimlarni ish joyidagi bosim, zoʻravonlik, kamsitish va shilqimlikdan himoya qilishga qaratilgan «Xavfsiz va hurmatli ish muhiti» dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Buning uchun 2026 yil 1 dekabrgacha maxsus onlayn-portal ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Dastur davlat organlarida, davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlarda, shuningdek, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, boshqa korxona va muassasalarda amal qiladi.
Yangi portal yordamida xodimlar ish joyidagi bosim, zoʻravonlik va kamsitish holatlari haqida xabar berishlari mumkin boʻladi. Agar shikoyat rahbar yoki masʼul xodimga tegishli boʻlsa, u avtomatik ravishda yuqori turuvchi tashkilotga yuboriladi.
Portalda murojaatlar roʻyxatga olinadi, dalillar toʻplanadi va tekshiruv natijalari saqlanadi. Aniqlangan holatlar va koʻrilgan choralar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻchirib tashlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar murojaatda jinoyat alomatlari aniqlansa, tegishli maʼlumotlar «112» xizmati orqali vakolatli organlarga taqdim etiladi.
Bundan tashqari, tashkilotlarning ichki qoidalariga jinsiy va jismoniy zoʻravonlik, shuningdek, shilqimlik mehnat majburiyatlarini qoʻpol ravishda buzish deb hisoblanishi haqidagi normalarni kiritish tavsiya etiladi. Xodimga shikoyat qilgani uchun bosim oʻtkazish, ruhiy taʼsir koʻrsatish va uni taʼqib qilishni mehnat intizomini buzish qatoriga kiritish taklif etilmoqda.
Samaradorlikni boshqarish agentligi portal orqali ushbu talablarga rioya etilishini nazorat qilish va aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etishga erishish vakolatiga ega boʻladi.
, davlat tuzilmalarining 2,4 mingdan ortiq xodimi fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashda yoʻl qoʻygan qoidabuzarliklari uchun javobgarlikka tortilgani maʼlum boʻldi. Xalq qabulxonalari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlar yakunlariga koʻra, 151 nafar mansabdor shaxs lavozimidan ozod etildi, yana 800 dan ortigʻiga hayfsan berildi.

