Nyu-York terakti: samolyotni egallash gʻoyasi qanday paydo boʻlgan?
Har yili 11-sentabr kuni 2001-yil AQShda sodir etilgan dahshatli terakt haqida nimadir oʻqishga, koʻrishga harakat qilaman. Bu voqea sodir boʻlganda 4-sinf oʻquvchisi edim, lekin televizorda samolyot Nyu-Yorkdagi bolaligimiz bosh qahramoni Kevin Makkalister shaharni tomosha qilish uchun tepasiga chiqadigan egizak binolarga borib urilganini koʻrib dahshatga tushgandim. Quyida terakt haqidagi koʻpchilik eshitmagan tafsilotlarga toʻxtalamiz.

Nyu-York terakti: samolyotni egallash gʻoyasi qanday tugʻilgan?
Usoma bin Lodin terakt paytida Afgʻonistonda yashardi. «Tolibon» nazoratidagi davlat hududida u harbiy poligon barpo etib, terrorchilarni tayyorlagan. Uning yashirin joylari togʻlar orasida boʻlgan. Elektron qurilmalardan foydalanmagani sabab uning manzilini topish oson emasdi. Ammo dunyodagi eng kuchli razvedka idoralaridan biri MI6 bin Lodinning yoniga oʻz agentini kiritishga muvaffaq boʻlgan. Aniqrogʻi, «Al Qoida» yetakchisiga yaqin odamlardan birini oʻz tomoniga ogʻdirgan. Uning ismi Ayman Din edi. U ham bin Lodin kabi saudiyalik edi.
Ayman bir paytlar Bosniyada jang qilgan, shaxsan bin Lodinga sadoqat qasamyodini ichgan. U guruhning eski aʼzolaridan, portlovchi moddalar tayyorlash boʻyicha asosiy mutaxassislardan biri edi. 1998-yilda «Al Qoida»ning Amerikaning Tanzaniya va Keniyadagi elchixonalarini portlatishi oqibatida yuzlab tinch aholi vakillari halok boʻladi. Ayman ana shu voqealardan keyin bin Lodin va «Al Qoida» hech qanday «muqaddas urush»da qatnashmayotganini, aslida toʻliq terror bilan shugʻullanayotganini anglab yetadi. Ayollar, bolalar va begunoh odamlarning oʻlimini islomga zid deb bilgan Ayman guruhni tark etishga qaror qiladi.
Afgʻonistonni tark etib, Qatarga borganda mahalliy maxsus xizmat uni qoʻlga olib, Britaniyaga topshiradi. Inglizlar Aymanga ikki tomonlama agent, yaʼni «quloq» boʻlishni taklif qiladi. Rozilik bildirgan Ayman Afgʻonistonga qaytib, agent ekanini bildirmay ishlashda davom etadi. Elektron qurilmalardan foydalana olmagani uchun u vaqti-vaqti bilan guruh ishlari yoki sogʻligʻini bahona qilib Pokistonga boradi va u yerdagi MI6 agentlariga maʼlumot yetkazib turadi.
Aynan uning bergan maʼlumotlari asosida Nyu-York metrosidagi teraktning oldi olingani aytiladi. 11-sentabr teraktidan keyin ham Ayman Din guruh tarkibida faoliyatini davom ettiradi. Biroq 2006-yilda amerikaliklar u aniqlagan maxfiy maʼlumotni oshkor qilib qoʻygach, Aymanning fosh boʻlishi muqarrar boʻlib qoladi. Britaniya uni tezda evakuatsiya qiladi.
Ayman Din oʻz hikoyalaridan birida Nyu-York terakti bilan bogʻliq qiziq voqeani soʻzlab bergan. Guruh aʼzolaridan biri tushida samolyot shaklidagi katta yashil qushga minib, baland minoraga urilganini, bu minora uning nishoni boʻlganini aytib, Aymandan buning taʼbirini soʻraydi. Bombalar boʻyicha mutaxassis esa qanday taʼbir qilardi, olis oʻlkalarda oʻlim topsang kerak, deydi.
Bu suhbatni koʻpchilik Muhammad Otiyf deb biladigan «Al Qoida» harbiy qanoti yetakchilaridan biri Abu Hafs al Masri eshitib qoladi. Oʻz vaqtida Misr politsiyasida ishlagan Otiyf yigitdan bizning rejalarimiz haqida kimdir senga gapirdimi, deb soʻraydi. Yigit yoʻq, deydi.
Sezgir sobiq politsiyachi uni Usoma bin Lodinning oldiga olib borib, tushida nimalarni koʻrganini aytib berishini soʻraydi. U aytib bergach, bin Lodin «demak seni yuboramiz, zora tushing oʻngidan kelsa», deydi. Yigit liderning gapini tushunmaydi, ammo keyinroq bu haqda butun dunyo eshitadi. Bu American Airlines 11 reysida uchayotgan samolyotni egallab olib, butunjahon savdo markazi shimoliy minorasida portlatgan terrorchilar guruhi aʼzosi edi.
Ayman Din bu gaplarning barchasiga guvoh boʻladi, biroq bu haqda britaniyalik razvedkachilarga xabar berish shart emas, oddiy tush deb oʻylaydi. Yaʼni, bin Lodin Nyu-York teraktida shaxsan qatnashgan guruh aʼzosini tanlagan paytda Britaniya razvedkasi agenti oʻsha yerda boʻlgan, ammo teraktning oldini ololmagan.
Chunki bu ishlar kinolarda aytilganidek buyruqlar, pul yoki boshqa moddiy narsalar uchun qilinmagandi. Barchasini hislar, tuygʻular, alamzadalik kayfiyati va hatto mana shunday tushda tuzilgan rejalar hal qilgan. 3-4 ta kinoni koʻrib hammasi mana bunday boʻlgan, deb aytish oson, lekin bir lahza oʻsha odamlar boshidan qanday fikrlar oʻtganini oʻylab koʻrish koʻpchilikning xayoliga ham kelmaydi.
Ayman Din britaniyalik razvedkachilarga hisobot berish uchun Londonga yoʻl olganda, shahar koʻchalarida odamlar toʻplanib televizor tomosha qilayotganini koʻradi. Borib qarasa, Nyu-Yorkdagi egizak binolar olov ichida. Shunda Ayman boyagi yigitning tushidagi nishon ana shu ekanini anglab yetadi.
«Al Qoida»dagi yaqinlarining eslashicha, bin Lodin olim ham, diniy ulamo ham emasdi. Shunchaki uning xarizmasi va kuchli nutqidan Ayman az Zavaxiri kabi jihodchilar foydalanishga uringan. Misrlik bu inson bin Lodinning eng yaqin odamlaridan biriga aylanib, unga oʻz fikrini oʻtkazishga urinadi. Guruh vakillarining aytishicha, aynan Zavaxiri bin Lodinga koʻp bor Amerikadagi uzoq masofaga uchadigan samolyotlarni oʻgʻirlab portlatish kerakligi, ular koʻproq yonilgʻi olib uchgani uchun portlash kattaroq boʻlishini aytib kelgan. Keyinchalik liderning roziligini olgan Zavaxiri teraktga qatnashgan guruh aʼzolarini samolyot boshqarishga oʻrgatish, ularni moliyalashtirish bilan shugʻullanadi. Zavaxiri bin Lodindan keyin guruhni boshqaradi. Amerikaliklar uni 2022-yil 31-iyul kuni Kobulga dron hujumi orqali oʻldiradi.
Terakt tashkilotchilaridan yana biri Xolid Shayf Muhammad hamon tirik, u haqda koʻplab kinolar olingan. Yaqinda Guantanamo qamoqxonasida saqlanayotgan bu terrorchi ustidan sud navbatdagi bor qoldirildi. Xolid bin Lodinga juda keskin reja taklif qiladi. Unga koʻra, terrorchilar birdaniga oʻnta samolyotni egallashi, uchoqlar Pentagon, MRB, FQB binolari, butunjahon savdo markazi va hatto atom elektr stansiyasiga urilishi kerak edi.
Xolid oʻninchi samolyotda oʻzi uchishi, bortdagi barcha erkaklarni oʻldirib, AQShdagi aeroportda jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazishni va Amerikaga eʼtiborlarini bildirishni maqsad qiladi. Biroq bin Lodin bu juda katta ish boʻlib ketishi, uni boshqarib boʻlmasligini aytadi va 4 ta samolyot egallanishi variantida toʻxtaydi.

