Dunyo

11-sentabr terakti: yangi urushlarga yoʻl ochgan dahshat

11-sentabr teraktlari insoniyat unutmaydigan fojialardan biri. Bundan 25 yil avval shu kuni AQShda bir nechta samolyot egallab olinib, turli binolarga urilgan, terakt oqibatda minglab odamlar halok boʻlgandi. Amerika bu dahshatli teraktni sabab qilib «terrorchilardan oʻch olishga kirishdi»: avval Afgʻonistonga, keyinroq Iroqqa bostirib kirdi.

11-sentabr terakti: yangi urushlarga yoʻl ochgan dahshat

Dunyo koʻplab urushlarni boshdan kechirgan. Ularning aksariyatida kuchlilar kuchsizlarni boʻysundirish uchun bosqinchilik qilgan, urush boshlashga turli bahonalar topgan yoki kichik bir voqeani jang uchun sabab qilib olgan.

Mugʻullarning Xorazmshoh saltanatiga hujumini eslaylik. Chingizxon oʻz elchilarining Oʻtrorda oʻldirilishini bahona qilib qoʻshni davlatga bostirib kiradi. Tarixchilar moʻgʻul elchilari oʻldirilmagan taqdirda ham, Chingizxon baribir urush boshlardi, deb hisoblaydi. Yoki Birinchi jahon urushi. Avstriya – Vengriya imperiyasi valiahdi Frans-Ferdinand Sarayevoda oʻldirilmaganida ham, bu urush baribir yuz berishi muqarrar edi.

AQShning 2001-yilda Afgʻonistonga va 2003-yilda Iroqqa bostirib kirishi ham yuqoridagilarga oʻxshash sabablar bilan boshlangan. Nyu-York teraktidan keyin AQSH «terrorizmga qarshi kurash» daʼvosi bilan Afgʻoniston va Iroqda urush boshlaydi. Buning uchun sezilarli asos ham keltirishmaydi. Lekin «dunyodagi eng qudratli davlat» kimdandir soʻrab oʻtirarmidi...

Qanday boʻlgandi?

2001-yil 11-sentabr kuni AQShda bir guruh terrorchilar toʻrtta yoʻlovchi samolyotini parvoz vaqtida egallab oladi. Ulardan ikkitasi Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining ikki osmonoʻpar binosiga, biri Pentagonga va yana biri Vashingtondagi Oq uy yoki Kongress binosiga urilishi reja qilinadi. Reja boʻyicha ikkita samolyot Nyu-Yorkdagi egizak binolarga, biri Pentagon binosiga borib uriladi. Toʻrtinchi samolyot esa Pensilvaniyadagi dalaga qulaydi.

Terakt oqibatida 3000 ga yaqin odam halok boʻladi. Tabiiyki, samolyotlarni egallab olgan 19 terrorchi ham. Halok boʻlganlar orasida AQShdan tashqari yana 92 davlat, jumladan, Oʻzbekiston fuqarosi ham bor edi. Oʻlganlardan 1600 nafarining shaxsi aniqlanadi, 1100 kishi bedarak yoʻqolgan deb hisoblanadi. Keyinchalik Nyu Yorkdagi egizak binolar vayronalari ostidan oʻn mingdan ortiq inson suyaklari topiladi.

11-sentabr fojiasi AQSH moliya bozoriga ham jiddiy zarar yetkazadi. Qimmatli qogʻozlar narxi keskin tushib ketadi, Amerika kompaniyalari 1,2 trln mablagʻ yoʻqotadi. Terakt mamlakat byudjetiga kamida 500 mlrd dollar zarar yetkazadi.

AQSH Usoma bin Lodin boshchiligidagi terrorchilar hujumga Afgʻonistonda tayyorgarlik koʻrgan degan xulosaga kelib, 2001-yil oktabrda Afgʻonistonga bostirib kiradi. AQShning ittifoqchilari ham oʻshanda «Tolibon» nazoratida boʻlgan qoʻshni davlatga armiya kiritadi. Amerika armiyasi poytaxt Kobul va boshqa yirik shaharlarni egallaydi. Toliblar chekka hududlarga chekinib, partizanlik urushi olib boradi. AQSH Afgʻonistonda 20 yil urushdi, biroq «Tolibon»ni yenga olmadi. Oxirgi amerikalik askar ketishi bilan toliblar yana davlatni qoʻlga olib, avvalgidan ham mustahkamroq hukumat oʻrnatdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.