Dunyo

“Endi biz umrbod aka-ukamiz!”: 11-sentyabr teraktidan omon qolganlar hikoyasi

“Endi biz umrbod aka-ukamiz!”: 11-sentyabr teraktidan omon qolganlar hikoyasi

Roppa-rosa 25 yil oldin — 2001-yil 11-sentyabr kuni dunyo tarixidagi eng dahshatli teraktlardan biri yuz berdi. “Al-Qoida” jangarilari AQSHda to‘rtta yo‘lovchi samolyotini qo‘lga oldi. Ulardan ikkitasi Nyu Yorkdagi Jahon savdo markazining egizak minoralariga urildi, uchinchi samolyot Pentagon binosiga kelib urildi, to‘rtinchisi esa Vashingtonga yetib bormay dalaga qulab tushdi. Taxminlarga ko‘ra, uning nishoni AQSH Kapitoliy binosi bo‘lgan.

O‘sha kungi teraktlar natijasida jami 2 977 kishi halok bo‘ldi. Shulardan 2 606 nafari egizak minoralarga uyushtirilgan hujum qurbonlari edi. Jahon savdo markazida vafot etganlarning aksariyati samolyot urilgan qavatlarda va undan yuqoridagi ofislarda ishlagan xodimlar bo‘lgan. Shimoliy minorada zarba tushgan hududdan yuqorida bo‘lganlarning hech biri qutula olmadi. Janubiy minorada esa bu hududdan atigi 18 kishi tirik chiqishga muvaffaq bo‘ldi. O‘sha kuni jabrlanganlarni qutqarish borasida ko‘pchilik yodida qolgan eng muhim voqealardan biri Brayan Klark va Stenli Praymnat bilan bog‘liq.

Stenli Janubiy minoraning samolyot urilgan qavatlaridan birida ishlardi. Undan yuqoriroq qavatda bo‘lgan Brayan Stenlini vayronalar orasidan topib, olib chiqadi. Shundan keyin ular birga binoda omon qolgan yagona zinapoya orqali pastga tushadi va minora qulashidan atigi bir necha daqiqa oldin tashqariga chiqishga ulguradi. Shu kuni Klark va Praymnat bundan buyon bir-birini qondosh aka-uka deb bilishga va’da beradi. Ularning do‘stligi hanuz davom etmoqda.

Brayan Klark va Stenli Praymnat haqidagi hikoya o‘nlab maqolalar, teleko‘rsatuvlar va hujjatli filmlarda yoritilgan. Ammo chorak asr o‘tgan bo‘lsa ham, ularning qanday omon qolgani haqidagi voqea hanuz aql bovar qilmasdek tuyuladi.

Brayan Klark va Stenli Praymnat Jahon savdo markazidagi ilk teraktni ham boshdan kechirgan. Bu 1993-yilda sodir bo‘lgandi. O‘shanda Jahon savdo markazining Shimoliy minorasi ostidagi avtoturargohda portlovchi moddalar ortilgan yuk mashinasi portlatilgan. Hujum oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, mingdan ortiq odam jarohat olgan.

Klark ham, Praymnat ham o‘sha paytda egizak minoralarda ishlardi, biroq ular hali bir-biridan bexabar edi. Ular faqat 2001-yil 11-sentyabr kuni tanishadi.

Kelib chiqishi kanadalik bo‘lgan Brayan Klark Euro Brokers brokerlik kompaniyasida vitse-prezident bo‘lib ishlardi. Kompaniyaning ofisi Janubiy minoraning 84-qavatida joylashgan edi. 11-sentyabr tongida u odatdagidek o‘z kabinetida ishlayotgan edi. Soat 08:46 da Klark quloqni qomatga keltiradigan kuchli gumburlashni eshitadi. Deraza tomonga o‘girilganda esa alangani ko‘radi. Bu vaqtda birinchi samolyot Shimoliy minoraga urilgandi, biroq Klark o‘sha zahoti nima bo‘lganini bilmasdi.

1993-yildagi teraktdan keyin u Jahon savdo markazining ko‘ngilli yong‘in xavfsizligi guruhiga qo‘shilgan va favqulodda vaziyat yuz bersa hamkasblarini ofisdan olib chiqishga mas’ul bo‘lgan. Deraza ortidagi alangani ko‘rgan Klark yuqori qavatlarda nimadir portlagan, shu bois hamma darhol binoni tark etishi kerak, deb o‘ylaydi. Ammo Euro Brokers ofisidagi odatda moliyaviy ma’lumotlarni ko‘rsatib turadigan televizorlar bir paytning o‘zida Jahon savdo markaziga samolyot urilgani haqidagi shoshilinch xabarlarga o‘tadi.

Shunda Euro Brokers xodimlari zarba boshqa bino — Shimoliy minoraga tekkanini tushunadi. Janubiy minorada xavf yo‘q, deb bino ma’muriyati ovoz kuchaytirgichlar orqali e’lon qiladi. Shu sabab Klark va uning yigirmaga yaqin hamkasbi ofisda qolishga qaror qiladi. Ular endi binoni tark etishga hojat yo‘q, deb o‘ylagandi.

Biroq odamlar qo‘rquv va xavotir ichida edi. Ularning ofisi derazalaridan Shimoliy minoradagi ulkan yong‘in yaqqol ko‘rinib turardi. Bundan ham dahshatlisi — yuqori qavatlardan odamlarning pastga qulayotganini ko‘rish edi…

Stenli Praymnatning ofisi Brayan Klark ishlaydigan joydan uch qavat pastda — Janubiy minoraning 81-qavatida joylashgan edi. Gayanalik Praymnat o‘sha paytda Fuji Bank’da kreditlar bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlardi. U avtomatik javob beruvchi qurilmadagi xabarlarni tekshirayotganida, deraza ortida alangaga o‘ralgan vayrona bo‘laklari pastga qulayotganini ko‘radi. Shundan so‘ng u Fuji Bank’dagi hamkasblari bilan birga pastga — vestibyulga tushadi. Biroq u yerda ularni qo‘riqchi to‘xtatadi.

Praymnatning eslashicha, ular orasida taxminan shunday suhbat bo‘lgan:

— Qayerga ketyapsizlar?

— Shimoliy minoradagi yong‘inni ko‘rdik.

— Bu shunchaki baxtsiz hodisa. Janubiy minora xavfsiz. Ofisingizga qaytinglar.

Keyinchalik bu maslahat Praymnatning aksariyat hamkasblari uchun halokatli qarorga aylangan edi.

Praymnat yana yuqoriga chiqqanida ish stolidagi telefon jiringlayotganini eshitadi. Unga Chikagodagi hamkasbi qo‘ng‘iroq qilib, ahvolini so‘raydi. Praymnat hammasi joyida ekanini aytadi va shu payt boshini ko‘tarib deraza tomon qaraydi. Qarshisidan minora tomon ulkan United Airlines samolyoti uchib kelayotgan edi. Praymnat telefon go‘shagini qo‘lidan tushirib yuboradi va: “Ey Xudo, endi hammasini o‘zing boshqar. Men boshqa hech narsa qila olmayman”, — deb hayqiradi. So‘ng u ish stolining tagiga yiqiladi va boshini berkitib, g‘ujanak bo‘lib oladi.

Soat 09:03

Ikkinchi samolyot Janubiy minoraga kelib uriladi. Praymnat zarba yetgan hududning qoq markazida qolib ketgandi. Samolyot zarbasi birdaniga to‘qqiz qavatni — 77-qavatdan 85-qavatgacha bo‘lgan hududni qamrab oladi. Uning bo‘limiga kirish eshigi oldida esa samolyot qanotining yonayotgan parchasi tiqilib qolgan edi.

Foto: AFP

Samolyot urilgan paytda Klark ham o‘z ofisida edi. U yaqinlashib kelayotgan samolyotni ko‘rmagan, biroq kuchli gumburlash va qarsillagan tovushlarni eshitgan. Atrofdagi buyumlar qulab, hamma joyni oqish chang bosadi. Klark minora chayqalib ketganini sezadi. U dahshat ichida bino hozir qulaydi, deb o‘ylaydi, ammo inshoot tik turib qoladi.

Yonidagi fonarni yoqqach, Klark tashqariga chiqish yo‘lini izlay boshlaydi. U mutlaqo tasodifan A zinapoyasi tomon buriladi va aynan shu qaror uning hayotini saqlab qoladi. Bu Janubiy minoradagi uchta zinapoyadan biri bo‘lib, samolyot urilgan joydan eng uzoqda joylashgan va zarbadan keyin foydalanish mumkin bo‘lib qolgan yagona zinapoya edi. Klark pastga tusha boshlaydi. Yo‘lda unga yana bir necha kishi qo‘shiladi. 81-qavatdagi zinapoya maydonchasida ularning kichik guruhi pastdan yuqoriga ko‘tarilayotgan bir ayol va bir erkakka duch keladi.

— To‘xtang, to‘xtang, ortga qaytishingiz kerak. Pastda hamma joy olov va tutun. Biz yuqoriga chiqishimiz kerak, — deydi ayol.

Nima qilish kerakligi haqida tortishuv boshlanadi. Shu payt Klark kimningdir yordam so‘rab baqirayotganini va taqillatish ovozlarini eshitadi. Bu Stenli Praymnat edi. Samolyot minoraga urilganida Praymnat deyarli jarohat olmagan, biroq vayronalar orasida qolib ketgan edi. U uzoqdan Klarkning fonari yorug‘ligini ko‘rib, yordam so‘rab baqira boshlagandi.

Foto: Nyu York politsiya departamenti

Klark va uning yana bir hamkasbi Praymnat tomon yo‘l ochishga kirishadi. Guruhdagi qolgan odamlar esa zinapoyada uchragan ayolning maslahatiga quloq solib, ularni olib ketadigan vertolyotlarni kutish uchun yana yuqoriga ko‘tariladi. Keyinchalik ularning birortasi ham omon qolmagan.

Klarkning hamkasbi tutundan zaharlanib, ortga qaytishga majbur bo‘ladi. Klark esa yolg‘iz qoladi. U vayronalarni surib, Praymnatgacha yetib boradi. So‘ng uni kiyimining yoqasidan tortib, balandligi ikki metrdan oshadigan gipsokarton devor parchasining narigi tomoniga olib o‘tadi. Ikkalasi ham polga yiqiladi. Klark keyinchalik o‘sha lahzalarni shunday eslaydi:

“Biz yiqildik va u meni mahkam quchoqlab, o‘pib yubordi. ‘Nima bo‘lyapti, nima qilyapsan?’ dedim. Keyin unga qo‘limni uzatib, ‘Men Brayan Klarkman’, dedim. U esa ‘Stenli Praymnatman. Endi biz umr bo‘yi aka-ukamiz’, dedi. ‘Yaxshi, mening aslida aka-ukam ham, opa-singlim ham yo‘q’, deb javob berdim”.

Klarkning aytishicha, u Praymnatning kaftidagi kesilgan yarani ko‘rgan va uning qo‘lini o‘zining vayronalarni tozalash vaqtida jarohatlangan kafti bilan ushlagan. Klark uchun bu ularning endi “qondosh” bo‘lib qolganining ramziga aylangan.

— Qani, do‘stim. Uyga ketamiz, — deydi Klark.

Ular birgalikda A zinapoyasi orqali pastga tusha boshlaydi. Zinapoya pog‘onalari vayrona bo‘laklari bilan to‘silib qolgan, ayrim joylarda tutun va alanga ko‘rinardi. Ammo ularning yo‘lini butunlay to‘sib qo‘yadigan darajada yong‘in yo‘q edi.

68-qavatda ular Euro Brokers’da Klark bilan birga ishlaydigan yana bir hamkasbini uchratadi. U kimgadir yordam berish uchun yuqoriga ko‘tarilayotgan edi. Klark va Praymnat uni o‘zlari bilan birga pastga tushishga ko‘ndirmoqchi bo‘ladi, ammo u rozi bo‘lmaydi. Keyinchalik u ham halok bo‘ladi.

44-qavatga yetganlarida chiroqlar ishlab turar, biroq aloqa hali tiklanmagan edi. Shu yerda ko‘k xizmat kiyimidagi Jahon savdo markazi qo‘riqchisi ularga murojaat qiladi. Uning yonida og‘ir jarohatlangan bir erkak yotardi. Qo‘riqchi ulardan telefonga yetib borishi bilan shifokorlarni chaqirishni so‘raydi.

Foto: AP Photo

“‘Qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz’, dedik va uni o‘sha yerda qoldirdik. U hech kim bilmaydigan, e’tibordan chetda qolgan qahramon edi”, — deb eslagan keyinchalik Klark afsus bilan.

Yana bir necha qavat pastga tushgach, ular 911 xizmatiga qo‘ng‘iroq qiladi. Shundan so‘ng shoshilmasdan Janubiy minora vestibyulidan o‘tib, ko‘chaga chiqadi. Ularning hech biri bino qulab tushishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagan edi. Hatto pastga tushishda vayrona bo‘laklariga jarohatlanib qolmaslik uchun zinapoyadan ataylab ehtiyotkorlik bilan yurishgan.

Jahon savdo markazi atrofida o‘t o‘chiruvchilar harakatlanardi. Tashqaridan qaraganda, ular ham vahimaga tushmagandek ko‘rinardi — go‘yo odatdagi navbatdagi yong‘inni o‘chirishga hozirlik ko‘rayotgandek edi. Klark va Praymnat bir necha kvartal yurib, cherkov yoniga yetib boradi. U yerda ular ikki nafar ruhoniyni uchratdi. Ularni ko‘rishi bilan Praymnat birdan yig‘lab yuboradi.

— Bu odam mening hayotimni saqlab qoldi, — dedi u Klarkni ko‘rsatib.

Klark ham hayajonlanib: “Menimcha, sen ham mening hayotimni saqlab qolding. Aynan sen tufayli yuqoriga chiqish kerakmi yoki pastga tushish kerakmi, deb tortishishni bas qildim. Hozir men shu yerdaman, omonman. Qorong‘ilik ichida sening ovozingni eshitganim tufayli binodan chiqishga muvaffaq bo‘ldim”, — deb javob berdi.

Ular cherkov ichiga kirishga qaror qiladi. Ammo oldin ortlariga o‘girilib, alangaga o‘ralgan Jahon savdo markazi minoralariga qarashadi.

— Bilasanmi, menimcha, ular qulab tushishi mumkin, dedi Praymnat.

— Aslo. Axir ular po‘lat konstruksiyalardan qurilgan-ku... deya javob beradi Klark.

U gapini tugatishga ham ulgurmay, Janubiy minora ularning ko‘z o‘ngida qulay boshlaydi.

Bu soat 09:59 da — samolyot minora bilan to‘qnashganidan 56 daqiqa o‘tib va Praymnat bilan Klark binoni tark etganidan taxminan besh daqiqa keyin sodir bo‘ladi. Bir zumda ularni qurilish changidan hosil bo‘lgan ulkan to‘lqin qoplab oladi. Atrofdagi hamma narsa oppoq tusga kiradi — go‘yo ilk qor yog‘gandek edi.

Uyiga yetib olishga urinayotgan omon qolganlar Manxetten bo‘ylab piyoda yo‘lga tushadi. Ammo odamlar orasidagi gavjumlikda Klark va Praymnat kutilmaganda bir-birini yo‘qotib qo‘yadi. Yaxshiyamki, bundan oldin Praymnat o‘z tashrif qog‘ozini Klarkning qo‘liga tutqazishga ulgurgan edi.

Klark Nyu Jersiga boradigan paromga chiqadi. Parom Manhettenning janubiy chekkasini aylanib o‘tayotganida u egizak minoralar endi yo‘qligini ko‘radi. Shimoliy minora soat 10:28 da — Janubiy minora qulaganidan 29 daqiqa o‘tib qulab tushgan edi.

“Albatta, o‘sha paytda biz — paromdagi odamlar — samolyotlar olib qochilgani, Pentagonga qilingan hujum yoki Pensilvaniyada qulagan samolyot haqida hech narsani bilmasdik. Umuman nima bo‘layotganini tushunmasdik. Ammo o‘ng tomonimizda Jahon savdo markazi joylashgan edi va men 27 yil ishlagan bino endi yo‘qligini ko‘rdim. Hamma jim edi”, deya eslaydi Klark.

O‘sha kuni uyiga qaytayotgan Klark USA Today muxbiriga duch keladi. Jurnalist Nyu Jersidagi Glen Rok bekatida poyezd kutayotgan va boshdan oyoq changga belangan Klarkni ko‘rib qoladi. U Klarkdan Jahon savdo markazidan chiqqanmi, deb so‘raydi.

Ertasi kuni USA Today gazetasida “84-qavatdan dahshatli tushish” sarlavhali maqola chop etiladi. Bu Klark va Praymnatning qanday omon qolgani haqidagi ilk hikoya edi, ammo keyinchalik bunday materiallar yana ko‘plab paydo bo‘ladi.

Klark boshdan kechirgan kuchli stressning jiddiy psixologik oqibatlarini deyarli sezmagan. Praymnatda esa travma vaqtincha xotira yo‘qolishi ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. U bir muddat hatto xotini va farzandlarini ham taniy olmay qolgan.

“Men bu begona ayol nima uchun uyimizda ikki bola bilan yuribdi va nega o‘z uyiga ketmayapti, deb tushunmasdim. U men bilan bir xonada bo‘lgani uchun uxlashdan ham bosh tortardim… Bu holat qancha davom etganini bilmayman. Faqat bir kuni o‘rnimdan turib, unga qaraganimni, birdan uni tanib qolganimni va go‘yo o‘zimga kelganimni eslayman”, degan Praymnat.

Jahon savdo markazidan mo‘jizaviy tarzda omon qolishi Praymnatning e’tiqodini yanada mustahkamlaydi. Teraktdan besh yil o‘tib, u ruhoniy bo‘ladi. Praymnat o‘sha kuni ham, undan keyingi yillarda ham Xudo uni asrab kelganiga ishonadi. 11-sentyabr teraktlaridan buyon o‘tgan 25 yil davomida u leykoz, COVID-19 ning og‘ir shaklini boshdan kechiradi, shuningdek, yuragida to‘rtta tomirni aylanib o‘tuvchi koronar shuntlash operatsiyasini o‘tkazadi.

Klark esa aksincha, vaqt o‘tishi bilan patsifistga aylanadi. U AQSHning xorijdagi harbiy mojarolarini ham, umuman inson o‘ldirishning har qanday ko‘rinishini ham qoralaydi. Hatto 11-sentyabr teraktlari ortida turgan “Al-Qoida” yetakchisi Usoma bin Laden o‘ldirilganidan keyin AQSH shaharlari ko‘chalarida boshlangan tantanalar ham uning g‘azabini keltirgan.

“Odamlarning pikaplarda ko‘chalarni aylanib, ‘AQSH!’ deb hayqirayotgani va boshqa bir insonning o‘limini nishonlayotganini ko‘rish men uchun jirkanch edi. Uni qo‘lga olish, so‘roq qilish, qamoqqa tashlash — mayli. Ammo insonning hayotiga zomin bo‘lib, keyin buni bayramga aylantirish? Yo‘q. Biz bunday bo‘lmasligimiz kerak”, degan Klark.

Praymnat va Klark chorak asr davomida o‘z do‘stligini saqlab qoldi. Ular o‘z hikoyasini jurnalistlar, maktab o‘quvchilari va cherkov jamoalariga birga so‘zlab berdi. Farzandlarining to‘ylarini va nevaralarining dunyoga kelishini birga nishonladi. Yillar davomida birga ulg‘ayib, birga qaridi. Hozir Klark 79 yoshda, Praymnat esa 69 yoshda.

Ular hozir kamdan-kam uchrashadi, ammo kamida har ikki oyda bir marta telefon orqali gaplashib turadi.

“Agar ertaga vafot etsam va kimdir mening dafn marosimimda so‘zlashi kerak bo‘lsa, bu Brayan bo‘lishini istardim. O‘sha kuni — 11-sentyabrda men o‘z qo‘riqchi farishtamni topdim va buning uchun minnatdorman. Agar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, meni qutqargan shu inson bo‘lmaganida, men halok bo‘lardim. Men undan hamma narsa uchun qarzdorman. Agar unga mening qo‘lim yoki oyog‘im kerak bo‘lganida, hech ikkilanmay berardim”, — deydi Praymnat.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.