Nyu Yorkda 11-sentyabr xotirasiga egizak minoralar “tiklandi” (video)

Nyu Yorkda 11-sentyabr xotirasiga egizak minoralar “tiklandi” (video)
Nyu Yorkda 11-sentyabr teraktlari qurbonlari xotirasiga dronlar yordamida egizak minoralar manzarasi qayta yaratildi.
Yorug‘lik tarqatuvchi dronlar egizak minoralar siluetini to‘liq hajmda gavdalantirdi. Ishlatilgan 2977 ta dron teraktda halok bo‘lganlar sonini ramziy tarzda ifodaladi. “Gudzon uzra 2977 ta chiroq” nomli loyiha Sky Elements tomonidan Nyu York san’at fondi ko‘magida tashkil etildi.
Vizual konsepsiyani ishlab chiqishda 11-sentyabr fojeasidan omon qolgan qutqaruvchilar, o‘t o‘chiruvchilar, politsiyachilar hamda halok bo‘lganlarning yaqinlari qatnashdi. Shou egizak binolar o‘rnida har yili o‘tkaziladigan installyatsiya yonida namoyish qilindi.
2001-yilda “Al Qoida”ga aloqador 19 nafar terrorchi to‘rtta yo‘lovchi samolyotini olib qochib, ulardan ikkitasini Jahon savdo markazining egizak minoralariga, yana birini Pentagon binosiga urgan. To‘rtinchi samolyot esa yo‘lovchilarning terrorchilarga qarshi chiqishi ortidan Pensilvaniyadagi dalaga qulagan. Nyu York tarixidagi ilk musulmon mer Zohran Mamdani 11-sentyabr kuni terakt qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etishi kutilmoqda.
Yaqinda shahar ma’muriyati 11-sentyabr teraktlaridan keyin havo sifati qanday bo‘lganiga oid hujjatlarni e’lon qildi. Ularda havoda xavfli moddalar bo‘lgani ko‘rsatilgan, biroq o‘sha paytda aholiga havo sifati xavfsiz ekani ta’kidlangan.
Hujjatlarga ko‘ra, havoda bir necha oy davomida asbest va saratonni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan benzol miqdori yuqori bo‘lgan. Ammo shahar meri Rudolf Juliani va uning o‘rnini egallagan Maykl Blumberg havo sifati aholi uchun xavfsiz ekanini ta’kidlab kelgan.

