Dunyo

AQSHda 11-sentyabr teraktidan keyin aholiga yolg‘on ma’lumot berilgani aniqlandi

AQSHda 11-sentyabr teraktidan so‘ng aholiga noto‘g‘ri ma’lumot berilgani ma’lum bo‘ldi

Nyu York ma’muriyati 2001-yil 11-sentyabrdagi teraktlardan keyingi havo sifati haqidagi hujjatlarni oshkor qila boshladi. Ularda havoda xavfli moddalar mavjud bo‘lgani qayd etilgan, ammo o‘sha davrda aholiga havo sifati xavfsiz ekani aytilgan.

Teraktlardan bir necha oy o‘tgach ham Quyi Manxettenda havoda asbest va boshqa xavfli moddalar aniqlangan. 2002-yil iyulida, hujumlardan o‘n oy o‘tganiga qaramay, mutaxassislar egizak minoralardan 1,5 kilometrdan kamroq uzoqlikdagi Jon-strit binosida ham asbest izlarini topgan. Ular binoning peshtoqi, tomi va Quyi Manxettenning boshqa hududlarida aniqlangan.

Ba’zi namunalarda asbest miqdori ruxsat etilgan me’yorlardan yuqori chiqqan. Hujjatlarda, shuningdek, minoralar vayron bo‘lgan hudud yaqinida saratonni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan benzolning yuqori konsentratsiyasi kuzatilgani ham qayd etilgan.

Shu bilan birga, teraktlardan keyin o‘sha paytdagi Nyu York meri Rudolf Juliani va uning o‘rnini egallagan Maykl Blumberg havo sifati aholi uchun xavfsizligini bildirgan. Ular tekshiruvlar natijasida havo sifati ruxsat etilgan chegaralarda ekanini ta’kidlab kelgan. Biroq hujjatlarda sog‘liq uchun xavf saqlanib turgan paytda odamlarga Jahon savdo markazi hududiga qaytishga ruxsat berilgani ko‘rsatilgan.

Hujjatlar 9/11 Health Watch tashkilotining sud da’vosidan keyin e’lon qilindi. Uning rahbari Ben Chevatning aytishicha, rasmiylar zaharli moddalar xavfidan xabardor bo‘lgan, biroq aholiga havo sifati xavfsiz ekanini aytishda davom etgan.

Yangi ma’lumotlar jabrlanganlarga federal kompensatsiya olishda yordam berishi, shuningdek, yangi sud da’volariga asos bo‘lishi mumkin. NYT ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi yillarda teraktlar oqibatidagi kasalliklar sabab vafot etganlar soni 11-sentyabrda halok bo‘lgan qariyb 3 ming kishidan ham oshgan bo‘lishi mumkin.

Braun universitetining Costs of War loyihasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 11-sentyabr teraktlarining iqtisodiy oqibatlari 35—109 milliard dollarga baholangan. Hujumlardan keyingi harbiy operatsiyalar va terrorizmga qarshi kurash choralari esa AQSHga ancha qimmatga tushgan. 2022-yilga kelib, ular bilan bog‘liq xarajatlar 5,8 trillion dollarga, kelajakdagi davolanish va faxriylarni qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini hisobga olgan holda esa taxminan 8 trillion dollarga baholangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.