Mahalliy

Noyabr oyida qanday ob-havo kutilmoqda? Oʻzgidromet sharhi

Noyabr oyida Oʻzbekistonda ob-havo juda oʻzgaruvchan boʻladi — turli yillarda ham issiq, ham kuchli sovuqlar kuzatilgan. Oxirgi 50 yil ichida haroratning sezilarsiz, ammo barqaror oʻsishi kuzatilmoqda. Bu yil harorat meʼyor atrofida, baʼzi joylarda meʼyordan 1−1,5 daraja yuqori boʻlishi kutilmoqda. Ayrim kunlarda yogʻingarchilik kutilmoqda.

Noyabr oyida qanday ob-havo kutilmoqda? Oʻzgidromet sharhi

Oʻzgidromet noyabr oyida ob-havo qanday boʻlishi mumkinligi haqida sharh taqdim etdi.

Oxirgi kuzgi oy davomida odatda havo haroratining bosqichma-bosqich pasayishi davom etadi, bu qish davriga oʻtish bilan bogʻliq.

Iqlimiy maʼlumotlarga koʻra, noyabr oyida oʻrtacha havo harorati oktyabr oyidagiga qaraganda 6−7 darajaga, shimolda va choʻl zonasida esa 8−9 darajaga past boʻladi.

Oy davomida shimoliy va shimoli-gʻarbiy yoʻnalishlardan keladigan sovuq havo massalarining taʼsiri kuchayadi, shu sababli keskin sovush ehtimoli sezilarli darajada ortadi.

Noyabr oyining iqlim sharoitlari mamlakat hududlari boʻyicha sezilarli darajada farq qiladi: janubda yumshoqroq harorat rejimi saqlanib qoladi, shimoliy hududlarda esa sovush odatda vaqtliroq boshlanadi va kuchliroq namoyon boʻladi. Tekislik va togʻli hududlar oʻrtasidagi harorat kontrastlari kuchayadi.

Noyabr oyining harorat rejimi yuqori oʻzgaruvchanlik bilan tavsiflanadi: nisbatan issiq ob-havo davrlari sovuq havoning kirib kelishi bilan oʻrin almashishi mumkin, bu haroratning sezilarli darajada pasayishi bilan joʻr boʻladi.

Oʻzbekiston hududining katta qismida havo haroratining absolyut minimumi oʻtgan asrda qayd etilgan. Eng sovuq noyabr oylarida harorat −19…−24 darajagacha, Qoraqalpogʻiston shimolida −28…−31 darajagacha, eng chekka janubda esa −12…−15 darajagacha tushgan.

Ushbu asrda Oʻzbekiston hududining katta qismida eng past havo harorati −10…−15 darajani tashkil etdi. Bunday qiymatlar 2020 va 2016 yillarning noyabr oylarida kuzatilgan. Faqat Qoraqalpogʻiston va Xorazm viloyati boʻyicha ushbu asrda butun tarixiy kuzatuvlar qatoridagi rekord qiymatlarga yaqin boʻlgan juda past havo haroratlari kuzatilgan. 2006 va 2016 yillarda noyabr oyida havo harorati −18…−21 darajagacha, Ustyurtda esa −26…−28 darajagacha pasaygan.

Butun meteorologik kuzatuvlar qatoridagi haroratning absolyut maksimumi +30…+33 darajani, Qoraqalpogʻiston va Fargʻona vodiysi boʻyicha esa +26…+28 darajani tashkil etadi. Respublika hududining katta qismida ushbu rekordlar ushbu asrda oʻrnatilgan.

Oʻzbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari davomida eng issiq noyabr 2023 yilda boʻlgan, oʻshanda oʻrtacha oylik harorat iqlimiy meʼyordan 3−6 darajaga yuqori boʻlgan. Respublika hududining katta qismida, shimoliy hududlar va choʻl zonasidan tashqari, 2023 yilning noyabr oyida havo harorati birror marta ham manfiy qiymatlarga tushmagan.

Toshkentda noyabr oyining oʻrtacha harorati oxirgi 50 yilda ijobiy, ammo nisbatan kuchsiz koʻtariluvchi trendga ega. Noyabr oyida oʻrtacha oylik havo haroratining koʻtarilishi chiziqli trendi oʻn yillikda taxminan 0,14 darajani tashkil etadi.

Noyabr oyida yogʻingarchilik (yomgʻir, vaqti-vaqti bilan qorga aylanishi mumkin) oktyabr oyidagiga qaraganda tez-tez yogʻadi va davomliroq hamda jadalroq boʻladi.

Hududning katta qismi boʻyicha oylik yogʻingarchilik meʼyori 30 mm dan 55 mm gacha, togʻoldi va togʻli hududlarda esa 60 mm dan 110 mm gachani tashkil etadi.

Koʻp yillik davr uchun oʻrtacha hisobda eng kam yogʻingarchilik respublikaning shimoli-gʻarbiy hududlarida va choʻl zonasida — 8 mm dan 17 mm gacha, Fargʻona vodiysining baʼzi joylarida va respublika janubining ayrim hududlarida esa 20 mm dan 30 mm gacha yogʻadi.

Yogʻingarchilik asosan yomgʻir koʻrinishida, sovush davrlarida esa qorga aylanib yogʻadi.

Togʻli hududlarda birinchi qor qoplami shakllanib boʻlgan.

Pastki zonalarda u beqaror boʻladi, 2000−2200 m dan yuqori balandliklarda esa oy oxiriga kelib uning balandligi 25−40 sm ga etadi.

Respublika hududining katta qismi boʻyicha kuzatuvlarning barcha yillarida eng koʻp yogʻingarchilik boʻlgan noyabr 2011 yilda qayd etilgan. Oʻsha noyabrda oylik yogʻingarchilik meʼyorining 3−3,5 baravarigacha, eng chekka janubda esa oylik meʼyorning 4−7 baravarigacha yogʻin yogʻgan.

Toshkentda, masalan, 2011 yil noyabrida meʼyor 51 mm boʻlgani holda 167 mm yogʻingarchilik yoqqan va meʼyor 11 kun boʻlgani holda 19 kun yogʻingarchilik kuzatilgan.

Yogʻingarchilik ham yomgʻir, ham qor koʻrinishida yoqqan. Oy davomida bir necha bor beqaror qor qoplami shakllangan va oy oxirida qor qoplamining balandligi 20 sm ga yetgan, toʻgʻri, bu koʻrinishda u atigi 2 kun saqlanib turgan.

Termizda 2011 yil noyabrida meʼyor 20 mm boʻlgani holda 148 mm yogʻingarchilik yoqqan.

Ammo meteorologik kuzatuvlar tarixida anomal quruq noyabr oylari ham boʻlgan, oʻshanda yogʻingarchilik meʼyordan 1% dan 30% gacha yoqqan.

Noyabr oyida oʻrtacha oylik havo harorati meʼyor atrofida, baʼzi joylarda meʼyordan 1−1,5 darajaga yuqori boʻlishi kutilmoqda.

Oyning birinchi oʻn kunligi nisbatan issiq boʻladi, ustuvor harorat kechasi +5…+10 daraja, kunduzi — +17…+22 boʻladi.

Oyning ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarida harorat foni pasayadi, harorat kechasi +3…+8 darajadan −2…+3 darajagacha, kunduzi — +15…+20 darajadan +5…10 darajagacha oʻzgarishi kutilmoqda.

Yogʻingarchilik, asosan yomgʻir koʻrinishida, oyning ayrim kunlarida kutilmoqda. Harorat pasayganda yomgʻirning qisqa muddatga qorga aylanishi istisno qilinmaydi.

Oylik yogʻingarchilik miqdori meʼyor atrofida, baʼzi joylarda meʼyordan kam boʻlishi prognoz qilinmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.