Hafta davomida ob-havo biroz iliq bo‘ladi
O‘zbekistonda ushbu hafta davomida biroz iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat kechalari +13…+18, kunduz kunlari +28…+33 daraja, janubda +35…+37 daraja atrofida bo‘ladi. Ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Hafta davomida O‘zbekiston hududida biroz iliq ob-havo saqlanishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.
Havo harorati sentabr oyi o‘rtalariga xos iqlimiy me’yorlarga yaqin bo‘lib, kechalari +13…+18 daraja, kunduz kunlari +28…+33 daraja, janubda esa +35…+37 daraja bo‘ladi.
Respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida 16-sentabr, chorshanba kuni biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, 16-sentabr kuni respublika bo‘yicha ayrim joylarda 13−18 m/s gacha kuchayishi, ba’zi hududlarda esa chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
O‘zbekistonning tog‘li hududlarida 14−17-sentabr kunlari ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.
Toshkent shahrida 14−17-sentabr kunlari havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechalari +15…+18 daraja, kunduz kunlari +30…+33 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi.

