Nima xohlasam, shuni qilamanmi?
Vaziyat shunday taqozo etdiki, biz ilgariroq «Jangari havaskorlar davri» maqolasida koʻtarilgan Oʻzbekiston poytaxtidagi uy-joylarni qayta baholash mavzusiga yana qaytishga qaror qildik

Nima istasam, shuni qilamanmi?
Shunday qarorlar boʻladiki, ularning mazmun-mohiyati dastlabki rasmiy tushuntirishlardan emas, balki hukumat keyinchalik ularning oqibatlarini qanday tasarruf etishidan ayon boʻladi. Toshkentdagi koʻchmas mulkning ommaviy qayta baholanishi aynan shu toifaga kiradi. Mulozimlar buni baholash tizimining zarur yangilanishi, eskirgan yondashuvlardan voz kechish va bozorga yaqinroq boʻlgan qiymatga oʻtish deb atamoqdalar.
Bu tushuntirishda mantiqiy asos bor: avvalgi uslubiyat haqiqatan ham bozor voqeligidan yiroq edi, chunki kadastr qiymatini aniqlashda asosan qurilgan yili, devor materiali va qavatlar soni hisobga olinib, joylashgan joyi eʼtiborga olinmasdi.
Biroq muammo hukumat nihoyat kvartira va uylarning narxi qancha turishini aniqlashga qaror qilganida emas. Muammo olingan natijaning koʻlamida va shu bilan birga fuqarolarga bir-biriga unchalik mos kelmaydigan bir nechta iddaolarga birdaniga ishonishni taklif qilayotganlaridadir.
Dastlabki natijalarga koʻra, Toshkentdagi 600 mingdan ortiq kvartira avvalgi 57,18 trillion soʻm oʻrniga taxminan 426,17 trillion soʻmlik umumiy qiymatga ega boʻldi. Yaʼni, davlat bahosi taxminan 7,4 baravarga oshdi. Yakka tartibdagi uy-joylar uchun oʻsish ayrim hollarda 15 baravargacha yetmoqda. Shu bilan birga, tizim ishlab chiquvchilarining oʻzlari yangi qiymat bozorga yaqinlashtirilganini va haqiqiy bitimlar, riyeltorlar maʼlumotlari, joylashuv va boshqa xususiyatlarni hisobga olgan holda hisoblanganini taʼkidlamoqdalar.
Va shu yerda savol tugʻiladi: agar hukumat haqiqatan ham fuqarolar mulkining bozorga maksimal darajada yaqin boʻlgan qiymatini aniqlagan boʻlsa, nega u bir vaqtning oʻzida ularni bu qiymat goʻyoki soliq solish uchun jiddiy ahamiyatga ega boʻlmasligi kerakligiga shunchalik qatʼiyat bilan ishontirishga urinmoqda?
Va bu yerda eng qiziqarlisi boshlanadi.
Mulozimlarning aytishicha, ommaviy baholash natijalari hozircha soliq bazasi hisoblanmaydi, ulardan soliq tizimida keyinchalik foydalanish masalasi esa alohida hal qilinadi. Bundan tashqari, yangi baholashning joriy etilishi soliq yukining oshishiga olib kelmasligi uchun stavkalarni pasaytirish vaʼda qilinmoqda.
Ammo bu tushuntirish tayyor javob sifatida juda oson qabul qilinmoqda, vaholanki amalda unday emas. Chunki amaldagi mexanizmda kadastr qiymati allaqachon jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi boʻyicha baza sifatida ishlatiladi. Bu soliq qonunchiligining mavjud tamoyilidir. Binobarin, mulozimlar aynan yangi ommaviy baholash hali soliq bazasiga aylanmagani haqida gapirishlari mumkin, ammo koʻchmas mulk qiymatining oʻzi soliqlar bilan bogʻliq emas deb daʼvo qilish notoʻgʻri: aloqa allaqachon soliq solish mexanizmining oʻzi tomonidan oʻrnatilgan. Farq printsipialdir.
Agar hukumat mol-mulkning kadastr qiymatini 7 baravarga oshirsa, u soliqni hisoblashda potentsial foydalaniladigan koʻrsatkichni oshiradi. Bunda soliq oshib ketmasligi uchun, haqiqatan ham stavkani pasaytirish yoki cheklovchi koeffitsiyentni qoʻllash mumkin. Ammo unda gap yangi baholash va soliq oʻrtasida bogʻliqlik yoʻqligi haqida emas, balki butunlay boshqa narsa haqida bormoqda: davlat soliq bazasining oʻsishini hisoblashning boshqa elementini oʻzgartirish orqali vaqtinchalik yoki qisman kompensatsiya qiladi. Bular turli narsalar.
Bizga aytishyapti: yangi qiymat soliqning oshishini anglatmaydi. Ammo yangi qiymat soliq bazasini oʻzgartirish uchun imkoniyat yaratishi, kelajakdagi toʻlov miqdori esa hukumat ushbu baza uchun qanday stavka belgilashiga bogʻliq boʻlishi haqida sukut saqlashmoqda. Jamiyatga aynan shuni tushuntirish kerak.
Buning ustiga, soliq parametrlari allaqachon oʻzgarmoqda. 2026 yil uchun jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi stavkalari oʻtgan yilga nisbatan oʻrtacha taxminan 1,3 baravarga, ayrim toifalar boʻyicha esa ancha yuqori darajada indeksatsiya qilindi.
Koʻchmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi vakillarining oʻzlari qayta baholash toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanilishi kerak boʻlgan sohalarni sanab oʻtmoqdalar: ipoteka, garov, sugʻurta, koʻchmas mulk olib qoʻyilgandagi kompensatsiyalar, infratuzilmaviy rejalashtirish, developerlar ishi va boshqa jarayonlar. Boshqacha aytganda, hukumat ochiq aytmoqda: bizga fuqarolar mulkining maksimal darajada aniq qiymati kerak, chunki u koʻplab iqtisodiy munosabatlarda qoʻllaniladi. Ammo unda oddiy savol tugʻiladi: nega soliq tizimi ushbu yangi aniqlik toʻsatdan ahamiyatini yoʻqotadigan yagona yoʻnalish boʻlib qolishi kerak? Bunday boʻlishi mumkin emas.
Muammoning boshqa jihati ham bor. Hukumat dastlabki natijalar mulkdorlar uchun ochiqligini, norozi boʻlganlar esa eʼtiroz va mulohazalarini my.gov.uz orqali yuborishlari mumkinligini eʼlon qildi. Muhokama 5 sentyabrda boshlandi va ikki oy davom etishi kerak. Birinchi qarashda bu zamonaviy davlat boshqaruvining namunasidek koʻrinadi: hukumat ommaviy baholashni oʻtkazdi, natijani koʻrsatdi, fuqaroga uni tekshirish imkoniyatini berdi va xato haqida xabar berishni taklif qildi. Biroq, bunday tuzilmaning bitta jiddiy kamchiligi bor: u fuqaro davlat tizimi ishidagi xatoni mustaqil ravishda aniqlashga qodir deb faraz qiladi. Bu esa haqiqatdan ancha yiroq.
Tasavvur qilaylik, inson shaxsiy kabinetida oʻz kvartirasining qiymatini koʻrdi va u avvalgisidan 8 baravar yuqori boʻlib chiqdi. Keyin-chi? U bu raqam qayerdan kelib chiqqanini tushunishi kerak. Buning uchun kamida hisoblash uslubiyatini bilish lozim. Soʻngra aynan uning obʼyektiga nisbatan qanday parametrlar qoʻllanganini aniqlash zarur. Shundan soʻng natijani qiyoslash mumkin boʻlgan koʻchmas mulk bilan solishtirish kerak. Keyin eʼtirozni shakllantirish va, tabiiyki, baholashni xato deb hisoblashga asos boʻladigan dalillarni taqdim etish lozim. Yaʼni, fuqaroga amalda bir vaqtning oʻzida ham mulkdor, ham baholovchi, ham davlat uslubiyati boʻyicha ekspert boʻlish taklif qilinmoqda.
Ammo agar hukumat haqiqatan ham natijani xolis deb hisoblasa, nega u insonga baholash qiymati bilan birga uning qanday shakllangani haqidagi batafsil tahlilni taqdim etmaydi? Mana shu haqiqiy shaffoflik boʻlar edi.
Va bu yerda boshqa bir holat ayniqsa diqqatga sazovordir. Koʻchmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi vakillarining soʻzlariga koʻra, bir kunda 287 ta qoʻngʻiroq kelib tushgan boʻlib, ularning qariyb 80 foizi aynan soliq masalasiga tegishli boʻlgan. Qayta baholangan 600 mingdan ortiq kvartira fonida bu juda arzimas raqam. Ammo bundan aholi rozi degan xulosaga kelish, murojaatning yoʻqligini eʼtirozlar yoʻqligiga dalil deb hisoblashdan ham koʻra notoʻgʻriroqdir.
Inson bu tartib-taomil haqida bilmasligi mumkin. Elektron davlat xizmatlaridan foydalanmasligi mumkin. Natijaga qanday eʼtiroz bildirishni tushunmasligi mumkin. Vaqti boʻlmasligi mumkin. Ammo rasmiy tuzilmalar odatda gapirmaslikni afzal koʻradigan yana bir sabab bor: fuqaro shunchaki bunday tartib-taomilni samarali deb hisoblamasligi mumkin. Shu bolatdan, 287 ta qoʻngʻiroqni xavotir koʻrsatkichi sifatida emas, balki boshqa savolni berish uchun bahona sifatida koʻrish kerak: qancha fuqaro oʻzlariga berilgan huquqdan haqiqatan ham foydalanishga qodir va qanchasi shunchaki buni qilmaydi?
Bunga javob olish qoʻngʻiroqlar statistikasini emas, balki tartib-taomilning haqiqiy qulayligini oʻrganishni talab qiladi. Hozircha esa oʻziga xos maʼmuriy aldov yuzaga kelmoqda. Hukumat aytadi: har kimga eʼtiroz bildirish imkoniyati berilgan. Demak, jarayon ochiq. Ammo imkoniyatning mavjudligi hali uning amalda qulay ekanligini anglatmaydi.
Gʻalati vaziyat yuzaga kelmoqda: hukumat yangi qiymat avvalgisidan xolisroq ekanini daʼvo qilmoqda, ammo fuqaroga bu xolislikni deyarli koʻr-koʻrona qabul qilish taklif etilmoqda. Agar rozi boʻlmasang — aksini isbotla. Bu jamoatchilik muhokamasini emas, balki davlatning haqligi prezumptsiyasini eslatadi. Ayniqsa, yangi qiymatga eʼtiroz bildirish imkonini beruvchi mexanizm yoʻqligini hisobga olsak.
Rasmiy tushuntirishlarda hozircha soyada qolayotgan yana bir savol bor: agar yangi raqam ommaviy usul bilan hisoblanayotgan boʻlsa, uni umuman «bozor qiymati» deb atash qanchalik toʻgʻri?
Muayyan kvartiraning bozor narxi faqat tuman va maydon bilan aniqlanmaydi. Unga taʼmirlanish holati, derazadan koʻrinish, qavat, yoʻlakning holati, liftning mavjudligi, loyihasi, kommunikatsiyalarning holati, sotishning shoshilinchligi, bitimning huquqiy holatlari va boshqa koʻplab omillar taʼsir qiladi. Tashqi koʻrinishidan oʻxshash boʻlgan ikkita kvartiraning haqiqiy sotilishida narx sezilarli darajada farq qilishi mumkin.
Ommaviy baholash muqarrar ravishda modellarga va oʻrtacha koʻrsatkichlarga tayanadi. Bu statistik vosita uchun normal holat, ammo aynan shuning uchun model natijasini shubhasiz haqiqatga aylantirmaslik juda muhimdir. Agar hukumat ommaviy baholashdan boshqaruv vositasi sifatida foydalansa, u muayyan obʼyekt boʻyicha xatolik ehtimolini tan olishi kerak. Demak, xatoni tuzatish mexanizmi dekorativ emas, balki haqiqiy boʻlishi lozim.
Mulozimlarning oʻzlari ilgari koʻchmas mulk qiymati undan foydalanish yoʻnalishiga qarab — ipoteka, garov, buzilish va boshqa operatsiyalarda farq qilganini aytmoqdalar. Endi yagona bazani yaratish taklif etilmoqda. Ammo yagona baza alohida yuqori shaffoflikni talab qiladi, chunki undagi xato avtomatik ravishda bir vaqtning oʻzida bir nechta sohalarga tarqalishi mumkin.
Va bu yerda islohotning hozirgi taqdim etilishiga qarshi butunlay boshqacha dalil paydo boʻladi. Hukumat fuqarolardan raqamni muhokama qilishni soʻramoqda, ammo tizimning arxitekturasini deyarli muhokama qilmayapti: uslubiyatni kim nazorat qiladi, u qanchalik tez-tez qayta koʻrib chiqiladi, xatolar uchun kim javob beradi, qiymatning maʼmuriy ravishda oshirib yuborilishi qanday oldini olinadi va fuqaro qanday qilib mustaqil tekshiruvga erishishi mumkin. Shunchaki portalga kirish daʼvatidan koʻra aynan shu savollar ancha muhimroqdir.
Fuqaroga «xavotir olmang, soliqlar oshmaydi» deyish kifoya emas. Ancha koʻproq narsani aytish kerak: yangi qiymatga nisbatan qanday stavka qoʻllaniladi, u qancha muddatga fiksatsiya qilinadi, qanday cheklovlar oʻrnatiladi, keyingi qayta baholashdan keyin soliq qanday hisoblanadi va hukumat bu parametrlarni bir tomonlama tartibda oʻzgartirishi mumkinmi.
Bu savollarga javobsiz ishontirish siyosiy vaʼda boʻlib qolaveradi. Siyosiy vaʼdalar esa sharoitga qarab oʻzgarish xususiyatiga ega.
Jamiyatga muayyan mansabdor shaxslarning ishontirishlari emas, balki ertaga u yoki bu idoraga kim rahbarlik qilishidan qatʼi nazar amal qiladigan qoidalar kerak. Agar fuqaro eʼtiroz bildirish huquqiga ega boʻlsa, unga shunchaki shikoyat yuborish uchun elektron oyna emas, balki haqiqiy vosita berilsin. Shunda hozirgi savollarning katta qismi yoʻqoladi. Ammo hozircha buning teskarisi yuz bermoqda.
Jamoatchilik muhokamasi — bu fuqaroga eʼtiroz bildirishga ruxsat berilgani emas. Bu fuqaro oʻz eʼtirozi qarorni oʻzgartirishga qodir ekaniga umid qilish uchun haqiqiy asoslarga ega boʻlganidir. Aks holda, tartib-taomil hech qanday majburiyat yuklamaydigan marosimga aylanadi va bundan tegishli oqibatlar kelib chiqadi. Nima istasam, shuni qilamanmi?

