Toshkentda uy-joylar qayta baholandi: yangi va oldingi kadastr qiymati keskin farq qildi
Toshkentda ko‘chmas mulkni ommaviy baholashning dastlabki natijalari taqdim etildi. Ayrim obyektlarda yangi va kadastr qiymati

Toshkentdagi uy-joylarning kadastr qiymati keskin o‘zgardi: yangi va avvalgi baholar orasida katta farq kuzatildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligida 14-avgust kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan ko‘chmas mulk obyektlarini ommaviy baholashning dastlabki natijalari muhokama qilindi. Ushbu muhokamada OAV vakillari, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi a’zolari va soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Baholash jarayonida poytaxtdagi 600 mingdan ortiq kvartira qamrab olindi. Ularning amaldagi kadastr qiymati 57,8 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasida bu qiymat 426,7 trillion so‘mga yetdi.
Shuningdek, 213 mingdan ortiq hovli-joy qayta baholandi. Ularning amaldagi kadastr qiymati 39,1 trillion so‘m bo‘lgan, ommaviy baholash natijasida esa bu ko‘rsatkich 548,4 trillion so‘mga ko‘tarildi.
Baholash natijalari Toshkent shahrida ko‘chmas mulk qiymatining hududlar bo‘yicha sezilarli darajada farq qilishini ko‘rsatdi. Xususan, kvartiralarning bir kvadrat metri qiymati 4,6 million so‘mdan 35,8 million so‘mgacha bo‘lgan.
Bir sotix yer uchastkasining qiymati esa hududga qarab 115 million so‘mdan 890 million so‘mgacha aniqlangan. Bu raqamlar poytaxtdagi ko‘chmas mulk narxlarida hududiy tafovutlar mavjudligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Ommaviy baholash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish Prezidentning 2025-yil 5-martdagi farmoni bilan belgilangan. Birinchi bosqich 2025–2026-yillarda Toshkent shahrida tajriba tariqasida amalga oshirilmoqda.
Ommaviy baholashning dastlabki natijalari 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Bu muddat ichida mulkdorlar baholash natijalari va hisob-kitoblarda foydalanilgan ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

