Koʻchmas mulkni ommaviy baholash: yangi qiymat soliqlarga taʼsir qiladimi va unga eʼtiroz bildirish mumkinmi

**Koʻchmas mulkni ommaviy baholash: yangi qiymat soliqlarga taʼsir qiladimi va unga eʼtiroz bildirish mumkinmi**
Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda koʻchmas mulkni ommaviy baholash mavzusi keng muhokama qilinmoqda. Kvartira va uy egalari my.gov.uz saytiga joylashtirilgan oʻz obʼyektlarining yangi qiymatiga eʼtibor qaratib, u nima uchun oʻzgargani va bu kelajakda soliqlarga taʼsir qiladimi-yoʻqmi, deb soʻrashmoqda.
Ushbu masalalarga oydinlik kiritish uchun Daryo muxbiri Koʻchmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi mutaxassislariga murojaat qildi. Ekspertlar baholash nima uchun oʻtkazilayotgani, koʻchmas mulk qiymati qanday aniqlanishi, hozirgi summa yakuniy hisoblanishi yoki yoʻqligi va agar mulkdorlar unga rozi boʻlmasa, nima qilishlari kerakligini tushuntirib berishdi.
Markazdan eslatib oʻtishlaricha, ommaviy baholash Prezident farmoni asosida amalga oshirilmoqda. Barcha koʻchmas mulk obʼyektlari bosqichma-bosqich baholanadi, mulkdorlar esa natijalarni allaqachon my.gov.uz va davreestr.uz saytlarida koʻrishlari mumkin.
2025–2026 yillarda baholash Toshkent shahrida, 2026–2027 yillarda Nukus shahri va viloyat markazlarida, 2027 yildan boshlab esa mamlakatning qolgan hududlarida oʻtkaziladi.
Baholashning asosiy vazifasi — yagona zamonaviy mezonlar asosida koʻchmas mulkning bozorga maksimal darajada yaqin boʻlgan qiymatini aniqlashdir. Mutaxassislarning soʻzlariga koʻra, hozirgi kadastr qiymati bozor qiymatidan sezilarli darajada farq qilishi mumkin.
Uni hisoblashda obʼyektning joylashgan joyi, yer uchastkasining qiymati, hududning rivojlanish darajasi, ijtimoiy obʼyektlar va jamoat transportiga yaqinligi, shuningdek, narxga taʼsir qiluvchi boshqa holatlar kabi omillar doim ham hisobga olinmagan. Ommaviy baholashda esa, aksincha, koʻchmas mulk qiymatiga taʼsir etuvchi omillar eʼtiborga olinadi.
Shu bilan birga, mulkdor baholash oʻtkazilishi uchun haq toʻlashi shart emas — u davlat tomonidan bepul amalga oshiriladi.
Ommaviy baholash mutaxassisning har bir uy yoki kvartiraga alohida borishini anglatmaydi.
Hisoblashda katta hajmdagi maʼlumotlar tahlil qilinadi: obʼyektlarning tavsiflari, ularning joylashuvi, koʻchmas mulk bozori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, bitimlar haqidagi maʼlumotlar va boshqa iqtisodiy koʻrsatkichlar. Soʻngra matematik modellar yordamida bozorga maksimal darajada yaqin boʻlgan qiymat aniqlanadi.
Avval mutaxassislar koʻchmas mulk bozoridagi narxlarni oʻrganishadi. Keyin oʻxshash obʼyektlarni solishtirishadi, hududlarni turli narx darajasiga ega boʻlgan zonalarga boʻlishadi va uy-joy qiymatiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan omillarni hisobga olishadi.
Ommaviy baholashda kvartira yoki uyning taʼmirlanish holati hisobga olinmaydi. Ommaviy baholash metodikasiga koʻra, barcha obʼyektlar uchun oʻrtacha taʼmirlanish darajasi qabul qilinadi. Shu bois, kvartira kapital taʼmirlanganmi yoki yoʻqmi — qiymatni hisoblashda buning ahamiyati yoʻq.
Mutaxassislar buni davlat organlarida, jumladan kadastr organlarida har bir obʼyektning haqiqiy holati toʻgʻrisida maʼlumotlar yoʻqligi bilan izohlashadi.
Koʻchmas mulkni ommaviy baholash milliy markazining ishontirishicha, amaldagi Soliq kodeksiga muvofiq, turar joylar uchun mol-mulk soligʻi bazasi kadastr qiymati hisoblanadi.
Shu sababli, hozirda natijalar soliqqa taʼsir qilmaydi va mulkdorning hech qanday huquqlarini oʻzgartirmaydi. Kvartira yoki uy sotilayotganda ham yangi baholash egasining huquqlarini cheklamaydi.
Soliqlardagi ehtimoliy oʻzgarishlarga kelsak, bu masala fuqarolarning manfaatlari va iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda alohida hal etiladi.
Hozirda my.gov.uz saytida koʻrish mumkin boʻlgan qiymat ommaviy baholashning dastlabki natijasi hisoblanadi. Natijalar jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan. U yakunlangach, natijalar qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Muhokamadan maqsad — mulkdorlarning taklif va eʼtirozlarini olish hamda baholashda hisobga olinmay qolgan boʻlishi mumkin boʻlgan omillarni qayta koʻrib chiqishdir.
Agar asoslantirilgan taklif va eʼtirozlar tasdiqlansa, ommaviy baholash natijalari qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Agar mulkdor koʻrsatilgan qiymatni juda yuqori yoki xato deb hisoblasa, u oʻz fikrini davreestr.uz yoki my.gov.uz orqali qoldirishi mumkin.
Bunda obʼyektning taxminiy qiymatini koʻrsatish va ushbu summani tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilish mumkin. Mutaxassislar misol tariqasida oldi-sotdi shartnomasi, obʼyektni sotish toʻgʻrisidagi eʼlon, uyning fotosuratlari va boshqa hujjatlarni keltirishmoqda.
Mulkdor, shuningdek, mustaqil baholash tashkilotiga ham murojaat qilishi mumkin. Oʻtkazilgan mustaqil baholash toʻgʻrisidagi hisobotni murojaatga ilova qilish mumkin.
Murojaatlarni maxsus komissiya bir oy muddatda koʻrib chiqadi va shundan soʻng qaror qabul qiladi. Agar mulkdorning vajlari tasdiqlanmasa, murojaatni qanoatlantirish rad etiladi va obʼyekt qiymati oʻzgarishsiz qoldiriladi. Agar tasdiqlansa — obʼyekt qiymatini qayta hisoblash toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Bundan tashqari, agar mulkdor ommaviy baholash natijasiga rozi boʻlmasa, u belgilangan tartibda Milliy markazga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.
Ekspertlar alohida taʼkidlashlaricha, agar uy egasi ommaviy baholash natijasiga oʻz munosabatini bildirmasa, bu koʻrsatilgan qiymatga rozilik deb hisoblanmaydi va u uchun hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi. Ammo eʼtiroz yoki takliflar boʻlsa, ularni yuborish mumkin — bu yakuniy baholashni yaxshilashga yordam beradi.
5 sentyabrdan boshlab Toshkent shahridagi ommaviy baholash natijalari 60 kun muddatga jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Mulkdorlar davreestr.uz elektron platformasi orqali muhokamada ishtirok etishlari mumkin: oʻz obʼyektlarini baholash natijasi, uning qiymati bilan tanishishlari va zarur hollarda asoslantirilgan taklif yoki eʼtirozlarini yuborishlari mumkin.
Kelib tushgan murojaatlar va asoslantirilgan takliflar belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi. Zarurat boʻlganda, baholash natijalariga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin. Baholash Toshkent shahrida tajriba tariqasida oʻtkazilayotgani sababli, jamoatchilik muhokamasi muddati 90 kungacha uzaytirilishi mumkin.
Markaz mutaxassislarining soʻzlariga koʻra, jamoatchilik muhokamasi yakunlangach, ommaviy baholash natijalari qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Koʻchmas mulkning yangi qiymati aynan nima uchun ishlatilishini esa «Koʻchmas mulkni ommaviy baholash toʻgʻrisida»gi qonun belgilab beradi.
Ushbu qonun loyihasini 2026 yil yakuniga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritish rejalashtirilgan. U poytaxtdagi tajriba natijalari, ilgʻor xorijiy tajriba, shuningdek, xalqaro ekspertlarning xulosa va tavsiyalarini hisobga olgan holda tayyorlanadi.

