Nepaldagi suv toshqinlari ko‘plab qishloqlarni butunlay vayron qildi

Nepaldagi suv toshqinlari ko‘plab qishloqlarni butunlay vayron qildi
Nepalning Trishuli daryosi vodiysida yuz bergan kuchli suv toshqini va sel oqimlari ortidan keng miqyosdagi vayronagarchilik yuzaga keldi. Falokatdan sakkiz kun o‘tgan bo‘lsa-da, qutqaruvchilar gidroelektr stansiyalarida qolib ketgan yuzlab ishchilarni qidirishda davom etmoqda.
Reuters muxbirining vertolyotdan olgan tasvirlarida hududning katta qismi kulrang loy va toshlar bilan qoplangani, ko‘plab joylarda esa aholi yashash manzillaridan asar ham qolmagani ko‘rinadi. Ayrim hududlarda yer beton kabi qotib qolgan, boshqa joylarda esa loy massasi hanuz nam va sirpanchiq holatda.
Rasmiylar Nepalning oltita gidroelektr stansiyasida qariyb 900 kishi qolib ketganini taxmin qilmoqda. O‘tgan hafta chorshanba kuni muzlikning qulashi natijasida tog‘ vodiylari bo‘ylab ulkan loy, tosh va suv oqimi harakatlangan. Tabiiy ofat oqibatida 1 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Upper Trishuli 3A gidroelektr stansiyasida qutqaruvchilar tunnel og‘zini to‘sib qolgan ulkan toshlarni ekskavatorlar yordamida olib tashlamoqda. Tunnelga kirish joyi juda tor bo‘lgani uchun qutqaruvchilar ichkariga emaklab kirishga majbur bo‘lmoqda. Ishchilar tunnel ichidagi suvni chiqarish va yirik toshlarni nazorat ostida portlatish uchun burg‘ilash ishlarini ham olib bormoqda.
Himolay tog‘lariga sayohatlar uchun muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lgan Syabrubesi qishlog‘ida esa ilgari ko‘plab uylar joylashgan hududlar loy bilan qoplangan, faqat ayrim binolar saqlanib qolgan.
Xitoy va Nepal chegarasidagi Gyirong chegara o‘tkazish punktida ham vayronagarchilik katta. Kuzatuv kameralarida sel kelishidan bir necha soniya oldin odamlarning hududni tark etishga urinayotgani aks etgan. Hozir u yerda qutqaruvchilar va og‘ir texnika ko‘rinadi, biroq binolar, chegara darvozasi va ko‘prikdan asar qolmagan.
Nepalning Tibet bilan chegaradosh baland tog‘li Rasuva hududida suv toshqini 26-avgust kuni ertalab yuz bergan. Nepal tashqi ishlar vaziri Shishir Xanala ma’lumotiga ko‘ra, tabiiy ofat ko‘chki oqibatida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda Tibet xorijlik jurnalistlar uchun deyarli yopiq bo‘lib qolmoqda. Bu esa mintaqadagi tabiiy ofat ko‘lamini mustaqil yoritishni qiyinlashtirmoqda.

