Nepaldagi toshqin qurbonlari 450dan oshdi. Tramp yordam taklif qildi
Nepal va Tibetdagi toshqinda tasdiqlangan qurbonlar soni 469 kishiga yetdi, yana 1000 ga yaqin odam bedarak yoʻqolgan. Prezident Tramp AQSH Nepalga yordam taklif qilganini aytdi.

Nepaldagi suv toshqini qurbonlari soni 450 dan oshdi, AQSh prezidenti Tramp yordam taklif qildi.
Chorshanba kuni ertalab mintaqada muzlik qulashi oqibatida ulkan tosh va loy massasi Himolay daryosiga tushgan edi. Natijada suv toshqini qishloqlar va vodiylarni yorib oʻtib, Katmandu va Tibetni bogʻlovchi, sayyohlar va ziyoratchilar orasida mashhur boʻlgan marshrut boʻylab elektr stansiyalari, yoʻllar va koʻpriklarni vayron qildi.
Juma kuni erta tongda Nepalda tasdiqlangan qurbonlar soni 469 kishiga yetdi. Jami 1000 dan ortiq inson bedarak yoʻqolgan, ularning kamida 540 nafari chet elliklardir.
Reuters xabariga koʻra, qutqaruv guruhlari ogʻir texnikalardan foydalanib Nepal shaharlaridagi loy va vayronalarni qazishmoqda. Omon qolganlarni topish umidi soʻnib bormoqda, rasmiylar esa navbatdagi halokatli suv toshqini xavfini kamaytirish ustida ishlamoqda.
Nepal rasmiylari omon qolganlarni qidirish hamda shahar va vodiylarda qamalib qolgan minglab odamlarga favqulodda yordam yuklarini tashish uchun vertolyotlardan foydalanmoqda. Favqulodda xizmatlar esa, ularning baʼzilari izquvar itlar yordamida – tekisliklargacha oqizib ketilgan oʻnlab jasadlarni topdi.
Yangi xavf
Katta miqdordagi suv va vayronalar aralashmasi endilikda yangi ofat yuzaga kelish xavfini uygʻotmoqda. Nepalning tabiiy ofatlarni boshqarish maʼmuriyati Bxotekoshi daryosini vayronalar toʻsib qoʻyishi natijasida hosil boʻlgan koʻl sathi koʻtarilib, toʻgʻonni yorib yuborish xavfi ostida ekanligidan ogohlantirdi.
Chegaraning narigi tomonida esa Xitoy yaqin uch kun ichida shundoq ham toʻgʻon bilan toʻsilgan koʻlga qariyb 3 million kub metr suv quyilishi kutilayotganini maʼlum qildi. Xitoy Suv resurslari vazirligiga koʻra, koʻl qirgʻoqlari yorilishi xavfi yuqori va taxminan 1-sentabr atrofida suv oqimi eng yuqori nuqtaga chiqishi kutilmoqda.

