Nepalda kuchli suv toshqinlari yuz berdi. 17 kishi halok bo‘lgan, 400 dan ortiq kishi bedarak yo‘qoldi (foto)

Nepalda kuchli suv toshqinlari oqibatida 17 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 400 dan ortiq kishi esa bedarak yo‘qoldi. Bu haqda Nepal News nashri xabar berdi.
Xitoy bilan chegaradosh Rasuva tumanida yuz bergan ushbu tabiiy ofat natijasida 17 kishi halok bo‘lgan, 400 nafardan ziyod kishi esa topilmayapti. Nepal Turizm kengashining ma’lumotlariga ko‘ra, toshqin sodir bo‘lgan hududlarda bo‘lgan 384 nafar sayyoh va sayohatchi bilan aloqa uzilgan. Ularning 291 nafari xorijlik fuqarolar bo‘lsa, 93 nafari Nepal fuqarolaridir.
Xorijliklar orasida 105 nafar Hindiston fuqarosi borligi aytilmoqda. Shuningdek, Avstraliya, Niderlandiya, AQSH, Malayziya, Rossiya, Buyuk Britaniya va Janubiy Afrika fuqarolari ham bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida mavjud. Ushbu ro‘yxat 10 ta sayyohlik kompaniyasidan olingan ma’lumotlar asosida tuzilgan bo‘lib, Turizm kengashi uning dastlabki ekanligini va ayrim sayyohlar aloqa tarmoqlari ishlamayotgani sababli yaqinlari bilan bog‘lana olmagan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
"Ularning qayerdaligi turistik kompaniyalar, gidlar, mahalliy hokimiyat va kuch tuzilmalari bilan birgalikda aniqlanmoqda", deyiladi xabarda.
Toshqin 26-avgust kuni ertalab Bxote-Koshi daryosida boshlangan. Tibet tomonidan kelgan kuchli suv oqimi dastlab Timure va Syabru-Besi aholi punktlariga, so‘ngra Nuvakot va Dxading tumanlariga yetib borgan. Suv uylar, avtomobillar, yo‘llar va ko‘priklarni oqizib ketgan.
Tabiiy ofatning rasmiy sababi hali tasdiqlanmagan. Nepal tashqi ishlar vaziri Shishir Xanal zilzila ortidan yuz bergan ko‘chki daryo o‘zanini to‘sib qo‘ygan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. AQSH Geologiya xizmati ham shu kuni mahalliy vaqt bilan soat 8:37 da hududda 4,4 magnitudali zilzila sodir bo‘lganini qayd etgan.
Xalqaro tog‘ hududlarini kompleks rivojlantirish markazi mutaxassislarining fikricha, tosh va muz ko‘chkisi Lxende daryosini to‘sib, keyinchalik katta hajmdagi suvning birdan oqib chiqishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Muzlik ko‘lining yorilgani haqidagi taxmin ham tekshirilmoqda.
Toshqin paytida Timure, Syabru-Besi, Maylung va Rasuvagadxida xizmat qilgan 26 nafar politsiyachi bilan aloqa uzilgan.
"Bundan tashqari, qurilayotgan 20 megavatt quvvatli Langtang-Xola GESida ishlagan 60 dan ortiq muhandis va ishchining qayerdaligi noma’lum. Ular suv kelgan vaqtda tunnelni betonlash bilan shug‘ullangan", deyiladi xabarda.
Tabiiy ofat Nepalning qariyb 430 megavatt elektr ishlab chiqarish quvvatiga zarar yetkazgan. Reuters agentligining yozishicha, "bu mamlakat jami gidroenergetika quvvatining 12 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi".
Yuqori suv sathi va yo‘llarning buzilgani qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda. Qidiruvga armiya, politsiya, vertolyotlar va dronlar jalb qilingan. Daryo bo‘yida yashovchi aholi balandroq va xavfsiz joylarga ko‘chirilmoqda.
Nepal hukumati zarar ko‘rgan hududlarni uch oy muddatga tabiiy ofat inqirozi zonasi deb e’lon qildi. Jabrlanganlarni bepul davolash, uysiz qolganlarni vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlash va halok bo‘lganlarning oilalariga moddiy yordam berish belgilangan.
Toshqin Xitoyning Tibet hududidagi Girong chegara portiga ham zarar yetkazgan. U yerda yo‘llar, elektr va aloqa tarmoqlari uzilgan. Xitoy raisi Si Szinpin qidiruv-qutqaruv ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq bergan.
2025-yilda ham Bxote-Koshi daryosida toshqin yuz berib, to‘qqiz kishi halok bo‘lgan va 24 kishi bedarak yo‘qolgandi. O‘shanda Nepal bilan Xitoyni bog‘lovchi "Do‘stlik ko‘prigi" oqizib ketilgan. Keyinchalik toshqinga Tibetdagi muzlik ustida hosil bo‘lgan ko‘lning yorilishi sabab bo‘lgani aniqlangandi.

