Nepaldagi suv toshqini oqibatida halok bo‘lganlar soni 538 nafarga yetdi
Nepalda yuz bergan suv toshqini qurbonlari soni 538 nafarga yetdi. Yana qariyb 1000 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda, ular orasida 517 nafar xorij fuqarosi bor.

Nepalda suv toshqini qurbonlari soni 538 nafarga yetdi, 977 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda Ratopati nashri Nepal Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Favqulodda vaziyatlar milliy operatsiya markazi (NEOC) hisobotiga tayanib xabar berdi.
Bedarak yo‘qolganlar orasida 517 nafar xorijiy fuqaro bor. Shuningdek, 73 kishi tan jarohati olgan, 3742 kishi qutqarilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlariga Nepal armiyasi, politsiyasi va qurolli politsiyasining 15 ming xodimi jalb etilgan.
Suv toshqini 26-avgust kuni ertalab Nepal va Tibet chegarasida boshlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Lende-Kxola daryosiga muz va toshlardan iborat ko‘chki tushgan. Natijada loy, tosh va suv aralash kuchli sel oqimi yuzaga kelgan. Tabiiy ofat uylar, yo‘llar, ko‘priklar va energetika infratuzilmasi obyektlariga zarar yetkazgan.
Xitoy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Tibetdagi suv toshqini oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, 558 kishi bedarak yo‘qolgan.
O‘zbekistonning Nepalni ham qamrab oluvchi Dehlidagi elchixonasi avvalroq toshqinda halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari borligi haqida ma’lumot kelib tushmaganini ma’lum qilgandi.

