Nepalda suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 900 nafardan oshdi

Nepalda suv toshqinlari oqibatida vafot etganlar soni 900 dan oshdi. DW xabariga ko‘ra, Katmandudagi favqulodda vaziyatlar idorasi 31-avgust, dushanba kuni mamlakat hududidan 903 kishining jasadi topilganini e’lon qildi.
Xitoyda rasman tasdiqlangan qurbonlar bilan birga, tabiiy ofat natijasida halok bo‘lganlarning umumiy soni kamida 919 nafarga yetdi.
Nepalda bedarak yo‘qolganlar soni ham sezilarli darajada oshib, 4 247 kishini tashkil etmoqda, ulardan 592 nafari xorij fuqarolaridir. Xitoyda esa 546 kishi bedarak yo‘qolgan deb qayd etilgan, ular orasida uch nafar Germaniya fuqarosi ham bor.
**Qutqaruv ishlariga minglab odam jalb qilingan**
Tibetning janubi-g‘arbiy qismi va Nepaldagi suv toshqinlaridan zarar ko‘rgan hududlarda minglab qutqaruvchilar bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlariga jalb qilingan.
Qutqaruvchilarning asosiy e’tibori bir nechta shikastlangan gidroelektr stansiyalariga qaratilgan. Taxminlarga ko‘ra, to‘g‘onlardan birining tunnelida yuzlab ishchilar qolib ketgan.
Qutqaruv ishlari suv sathining ko‘tarilishi va noqulay ob-havo sharoitlari tufayli qiyinlashmoqda. Yangi ko‘chkilar va suv toshqinlari xavfi ham jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Kelgusi kunlarda mintaqada yana yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
Jabrlanganlarga yordam yetkazish ham murakkab kechmoqda. Suv toshqinlari va ko‘chkilar muhim yo‘llar va ko‘priklarni, jumladan, Nepal poytaxti Katmanduni mamlakatning janubiy hududlari bilan bog‘lovchi asosiy magistralni vayron qilgan.
**Shaxsi noma’lum jasadlar umumiy qabrlarga dafn qilinmoqda**
Axborot agentliklari va mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, Nepalda shaxsi aniqlanmagan qurbonlarning jasadlarini umumiy qabrlarga dafn etish boshlangan.
Shu bilan birga, marhumlardan DNK namunalari olinmoqda va jasadlarga maxsus identifikatsiya belgilari qo‘yilmoqda. Bu qarindoshlari keyinchalik jasadlarni tanib, olib ketishi uchun amalga oshirilmoqda.
Hinduizm keng tarqalgan Nepalda marhumlarni odatda krematsiya qilishadi. Shu sababli umumiy qabrlarga dafn etish jasadlarni vaqtincha saqlash usuli sifatida ko‘rilmoqda. Biroq bu qaror ijtimoiy tarmoqlarda an’anaviy dafn marosimlariga rioya qilinmagani uchun tanqidga uchragan.
Nepal rasmiylariga ko‘ra, ko‘plab jasadlar mamlakat janubida, suv toshqinlari yuz bergan hududlardan o‘nlab kilometr uzoqlikda topilgan. Hindiston bilan chegaradosh Chitvan tumani ma’muriyati ko‘plab jasadlar kuchli chirigan holatda topilayotgani sababli ularni tezda aniqlashning imkoni bo‘lmayotganini bildirgan.
Mutaxassislar yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfidan ham ogohlantirmoqda.
**Nepal va Xitoydagi suv toshqinlari**
Nepalning Tibet bilan chegaradosh baland tog‘li Rasuva hududida suv toshqini 26-avgust kuni ertalab yuz berdi.
Nepal tashqi ishlar vaziri Shishir Xanala ma’lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofat ko‘chki oqibatida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Xitoyning Tibet avtonom hududidan boshlanib, Nepalning Bagmati provinsiyasi orqali oqib o‘tuvchi Bhote-Koshi daryosiga zilzila yoki muzlik erishi sababli ulkan miqdordagi loy va toshlar qulab tushgan. Natijada daryo o‘z o‘zanidan chiqib ketgan.
Ayni paytda Tibet xorijlik jurnalistlar uchun deyarli yopiq bo‘lib qolmoqda. Bu esa mintaqadagi tabiiy ofat ko‘lamini mustaqil yoritishni qiyinlashtirmoqda.
O‘zbekistonning Dehlidagi (ayni paytda Nepalda ham faoliyat yuritadi) elchixonasi maʼlumotlariga ko‘ra, falokat oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar to‘g‘risida maʼlumot kelib tushmagan.
Xitoydan Nepalga guruh tarkibida o‘tgan qozog‘istonlik sayyoh ham qidirilmoqda. Qozog‘iston TIVga ko‘ra, hozirda yana bir qozog‘istonlik bedarak yo‘qolgan.

