NATO qanday taşkilot? U kimni kimdan himoya qiladi?
Sönggi oylarda mediamakonda NATO haqida köp gapirilmoqda. Quyida uşbu taşkilotning tarixi va buguni haqida maʼlumot beramiz.

NATO qanday tashkilot? U kimni kimdan himoya qiladi?
NATO nima degani?
NATO qisqartmasi ingliz tilidagi North Atlantic Treaty Organization nomining bosh harflaridan olingan bo‘lib, «Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti» deb tarjima qilinadi.
NATO 1949-yilda tashkil etilgan harbiy-siyosiy ittifoq bo‘lib, hozirda 32 ta mustaqil davlat uning a’zosi hisoblanadi. Ularning 30 tasi Yevropada, yana ikkitasi — Kanada va AQSh — Shimoliy Amerikada joylashgan. Dunyoning ushbu ikki qismini Atlantika okeanining shimoliy qismi ajratib turgani sababli 1949-yilda NATOga asos bo‘lgan shartnoma «Shimoliy Atlantika shartnomasi» deb nomlangan. Quyidagilar shartnoma mazmunidan kelib chiqadigan asosiy maqsadlar hisoblanadi:
- demokratiyani, xalqlarning shaxsiy erkinlik va qonun ustuvorligi tamoyillariga asoslangan erkinligini, umumiy merosi va sivilizatsiyasini himoya qilish;
- Shimoliy Atlantika mintaqasida barqarorlikni mustahkamlash va farovonlikni oshirish;
- jamoaviy mudofaani tashkil etish hamda tinchlik va xavfsizlikni saqlash;
- tinchlik va do‘stlikka asoslangan xalqaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga ko‘maklashish;
- o‘z davlatlarining xalqaro iqtisodiy siyosatidagi ziddiyatlarni bartaraf etishga intilish;
- qurolli hujumga qarshi kurashish bo‘yicha yakka tartibdagi va jamoaviy salohiyatni oshirish.
Shartnomaning asosiy tayanch nuqtasi uning beshinchi moddasidir. Unga ko‘ra, Yevropa yoki Shimoliy Amerikadagi bir yoki bir necha a’zo davlatga qarshi qurolli hujum butun ittifoqqa qarshi hujum sifatida baholanadi. Bunday holatda har bir a’zo davlat hujumga uchragan davlatga yordam ko‘rsatadi va buning uchun o‘zi zarur deb hisoblagan choralarni ko‘radi. Ushbu choralar qurolli kuch ishlatishni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
NATOning rasmiy tili ikkita: ingliz va fransuz tillari. Tashkilot bayrog‘i ko‘k rangda bo‘lib, markazida doira ichida shamol yo‘nalishlarini ko‘rsatuvchi oq rangli kompas tasviri bor. To‘q ko‘k fon Atlantika okeanini, doira a’zo davlatlar o‘rtasidagi birlikni, kompas esa tinchlik sari yo‘lni anglatadi. NATO alyansining shtab-kvartirasi Belgiya poytaxti Bryussel shahrida joylashgan.

