NATO ilk bor AQSH ishtirokisiz harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi

**NATO ilk bor AQSH ishtirokisiz harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi**
NATO davlatlari Alyans tarixida ilk marta AQSHsiz harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi.
Nashr yozishicha, Northern Viking nomli yillik mashg‘ulotlar 21-avgustdan 4-sentyabrgacha Islandiya qirg‘oqlari yaqinida bo‘lib o‘tgan. Mashg‘ulotlar chog‘ida NATO kuchlari Rossiya suvosti kemalarini aniqlash va yo‘q qilish bo‘yicha amaliyotlarni bajarib ko‘rdi.
AQSH Mudofaa vazirligi ham, Oq uy ham hozircha mamlakatning mashg‘ulotlarda bevosita qatnashmagani haqida izoh bermadi.
Bu yilgi mashg‘ulotlarda, jumladan, Germaniya harbiy-havo kuchlarining razvedka samolyotlari, Belgiya qiruvchi samolyotlari va Kanada harbiy kemalari qatnashdi.
AQSH bir necha o‘n yildan beri Northern Viking mashg‘ulotlariga boshchilik qilib kelgan. Bu safar esa amerikalik harbiylar mashg‘ulotlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etmadi. AQSH tomoni faqat mashg‘ulotlarni rejalashtirishga yordam berdi va Keflavik aeroportining harbiy qismida yangi obyektlar qurdi.
NATO vakili Timoti Petrakning aytishicha, bunday mashg‘ulotlar Shimoliy Atlantikada doimiy harbiy mavjudlikni ta’minlashning asosini tashkil etadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulotlar NATO ittifoqchilari hududining har bir qarichini himoya qilishga va alyans xavfsizligi talab qilgan joyda harakat qilishga tayyor ekanini namoyish etadi.
May oyida NATOning Yevropadagi birlashgan qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, AQSH Harbiy-havo kuchlari generali Aleksus Grinkevich Yevropa davlatlari harbiy salohiyatini oshirib borayotgani sababli uzoq muddatda AQSH qo‘shinlarining bir qismini dunyoning boshqa hududlariga ko‘chirish mumkinligini aytgan edi.
Grinkevichning ta’kidlashicha, bu jarayon bir necha yil davom etishi mumkin.
Iyul oyida AQSH mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Elbrij Kolbi Pentagon Yevropadagi Amerika harbiy kontingenti masalasini qayta ko‘rib chiqayotganini bildirgan.
Kolbiga ko‘ra, buning natijasida NATO Yevropa davlatlari o‘z mudofaasi uchun asosiy mas’uliyatni zimmasiga oladigan modelga tobora tezroq o‘tadi. Bunda Yevropa mamlakatlari o‘z xavfsizligini avvalo yadroviy bo‘lmagan qurollar yordamida ta’minlashi nazarda tutilmoqda.
Fevral oyida AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset Germaniyadan qariyb 5 ming nafar amerikalik harbiy xizmatchini bir yil ichida olib chiqish haqida buyruq bergan edi.
AQSH Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil dekabr holatiga Yevropadagi harbiy bazalarda doimiy ravishda taxminan 68 ming nafar amerikalik harbiy joylashtirilgan bo‘lib, ularning yarmidan ko‘prog‘i, taxminan 36 400 nafari Germaniyada.
Taqqoslash uchun, 1985-yilda Berlin devori qulashidan va Sovuq urush tugashidan oldin G‘arbiy Germaniyada 250 ming amerikalik askar joylashtirilgan edi.

