NASA marsyurari rekord oʻrnatdi
NASA Perseverance marsyurari Yerdan tashqaridagi masofani bosib oʻtish boʻyicha rekord oʻrnatganini maʼlum qildi.

**NASA marsyurari rekord oʻrnatdi**
AQSH Milliy aeronavtika va fazoni tadqiq qilish boshqarmasi (NASA) oʻzining Perseverance marsyurari 2026-yil 11-oktabr holatiga koʻra Mars yuzasida 45,22 km masofa bosib oʻtib, boshqa sayyora sirtida bosib oʻtilgan umumiy yoʻl boʻyicha yangi rekord qayd etganini maʼlum qildi.
Bu natija apparatga NASA’ning Opportunity marsyurari 2004-yildan 2018-yilgacha Marsdagi faoliyati davomida oʻrnatgan avvalgi rekordni — 45,16 km — yangilash imkonini berdi.
NASA maʼlumotiga koʻra, Perseverance bosib oʻtilgan masofa boʻyicha NASA’ning Curiosity (2012-yildan beri Marsda boʻlib, hozirgacha 38,15 km yoʻl bosgan), Spirit va Sojourner marsyurarlarini, sobiq ittifoqning «Lunoxod-1» va «Lunoxod-2» apparatlarini, NASA’ning «Apollon-15», «Apollon-16» va «Apollon-17» oyyurarlarini, shuningdek, Xitoyning «Yuytu» va «Yuytu-2» oyyurarlarini ham ortda qoldirdi.
Olti gʻildirakli Perseverance marsyurari 2020-yil 30-iyulda koinotga uchirilgan edi. 2021-yil 18-fevralda apparat Mars yuzasiga yetib borib, olimlar fikricha, 3,5 milliard yildan koʻproq vaqt oldin daryolar quyilgan koʻl mavjud boʻlgan Yezero krateriga qoʻndi. Perseverance missiyasining maqsadi qadimgi mikrobiologik hayot izlarini topishdan iborat. Shu maqsadda marsyurar keyinchalik Yerga olib kelish uchun Mars togʻ jinslari va tuprogʻi namunalarini yigʻmoqda.
NASA’ning Reaktiv harakat laboratoriyasidagi Perseverance va Curiosity loyihalari rahbari Stiven Li Perseverance aʼlo darajadagi texnik holatda ekanini va Marsda 2030-yillargacha yoki undan ham uzoqroq faoliyat yuritishi mumkinligini aytdi.

