Texnologiya

Marsda doimiy yashash uchun uchta asosiy shart aytildi

Insoniyat Marsda doimiy yashashi uchun Yer bilan ishonchli aloqa oʻrnatish, ikki sayyora oʻrtasida yuk tashishni yoʻlga qoʻyish va insonning tirik qolishi uchun sharoit yaratish zarur. Xitoylik tadqiqotchi Chjan Szyatszyun Qizil sayyorani oʻzlashtirishdagi uchta asosiy vazifani sanab oʻtdi.

Marsda doimiy yashash uchun uchta asosiy shart sanab o‘tildi

Naked Science nashri Global Times’ga tayanib xabar berishicha, Xitoy Fanlar akademiyasining Shanhay astronomiya observatoriyasi kichik ilmiy xodimi bu fikrlarni «Nega biz Marsga yoʻl olyapmiz?» nomli maqolasida bayon qilgan.

Birinchi vazifa — Yer va Mars o‘rtasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish. Bu kosmik apparatlar bilan aloqa qilish va ularning harakat yo‘nalishini aniq belgilash uchun muhim hisoblanadi.

Chjanning aytishicha, Shanhay astronomiya observatoriyasi rahbarligida ishlab chiqilgan radiointerferometriya tizimi Marsga yo‘l olgan apparatlar trayektoriyasini yuqori aniqlikda hisoblash va ularni orbitaga chiqarishga yordam beradi. Ushbu texnologiya «Tyanven-1» missiyasida sinovdan o‘tkazilgan.

Ikkinchi vazifa — ikki sayyora o‘rtasida yuk va namunalarni tashishni yo‘lga qo‘yish. Insoniyat Marsga kosmik apparatlar yuborishni o‘rgangan, biroq u yerdagi moddalarni Yerga qaytarishning amalda sinalgan texnologiyasi hozircha yo‘q.

Xitoy bu yo‘nalishda «Tyanven-3» missiyasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Uni taxminan 2028-yilda uchirish, Mars tuprog‘i namunalarini esa 2031-yil atrofida Yerga olib kelish ko‘zda tutilgan.

Uchinchi vazifa — Marsda inson hayotini ta’minlash. Qizil sayyorada harorat juda past, radiatsiya darajasi yuqori, tortishish kuchi zaif va atmosfera bosimi past. Suv hamda kisloroddan foydalanish imkoniyatlari ham cheklangan.

Olimning ta’kidlashicha, odamlarning yashashi va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishi uchun Marsning mahalliy resurslaridan qanday foydalanish mumkinligini aniqlash kerak.

Shunga qaramay, Chjan Marsni insoniyat Yer - Oy tizimi chegarasidan tashqariga chiqishida erishish mumkin bo‘lgan maqsad deb hisoblaydi.

Uning tushuntirishicha, Merkuriy Quyoshga juda yaqin, Veneradagi sharoit esa o‘zlashtirish uchun o‘ta noqulay. Boshqa osmon jismlari ancha uzoqda joylashgan.

Marsda esa siyrak atmosfera va suv muzi bor. Sutka davomiyligi hamda fasllar almashinuvi Yerdagiga o‘xshaydi. Tadqiqotchiga ko‘ra, shu xususiyatlar Qizil sayyorani sayyoralararo sivilizatsiya sari yo‘lda muhim oraliq bosqichga aylantirishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.