Texnologiya

Marsdan «otkritka»: Curiosity 5000-solini yangi panorama bilan nishonladi

NASAning Curiosity marsoxodi Qizil sayyoradagi 5000-mars sutkasini yangi panorama bilan nishonladi. Norasmiy ravishda «Shokolatal» deb atalgan qumli qirdan olingan tasvirda Mars manzarasi kunning ikki xil vaqtida aks etgan.

Marsdan «otkritka»: Curiosity 5000-solini yangi panorama bilan nishonladi

Marsoxod atrofni oq-qora navigatsiya kameralari orqali suratga oldi. Birinchi panorama 2026-yil 30-avgustda, Marsning mahalliy vaqti bilan soat 09:56 da — Curiosity missiyasining 5000-solida olingan. «Sol» Marsdagi bir sutkani anglatadi.

Ikkinchi panorama esa 2-sentabr kuni soat 17:39 da, missiyaning 5003-solida tasvirga tushirilgan.

Ikki panorama Yerga yuborilgach, mutaxassislar ularni bitta tasvirga birlashtirgan. Shunday qilib, Marsdan jo‘natilgan o‘ziga xos «otkritka» yuzaga kelgan.

Ko‘k va sariq ranglar qayerdan paydo bo‘lgan?

Panoramadagi ranglar kamera qayd etgan tabiiy ranglar emas. Ular manzarani badiiy talqin qilish va turli vaqtlarda olingan tasvirlarni ajratish uchun keyinroq qo‘shilgan.

Ko‘k rang ertalab olingan panoramani, sariq esa kunning ikkinchi yarmidagi tasvirni bildiradi. Curiosity suratlaridan bunday «otkritkalar» avval ham tayyorlangan.

Tasvirda marsoxodning o‘zi ham ko‘rinadi

Panoramaning old qismida Curiosity va uning bir qator jihozlari aks etgan. Ular orasida silindrsimon UHF antennasi ham bor. U Mars orbitasidagi kosmik apparatlarga ma’lumot uzatish uchun xizmat qiladi.

Marsoxodning orqa qismida qovurg‘asimon elementlarga ega MMRTG radioizotopli termoelektr generatori ham ko‘rinadi. U Curiosity’ni sayyora yuzasida ishlashi uchun zarur elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Curiosity hozir qayerda?

Marsoxod Geyl krateri tubidan taxminan besh kilometr balandlikka ko‘tarilgan Sharp tog‘ining quyi yonbag‘irlarini o‘rganmoqda.

Yangi panorama tog‘ yonbag‘ridan pastga — krater tubi tomon yo‘naltirilgan. Geyl kraterining uzoqdagi chekkasi esa ufqda zo‘rg‘a ko‘rinadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.