Marsda meduzaga o‘xshash obyekt kameraga muhrlandi

Marsda meduzaga o‘xshash obyektning kameraga muhrlanishi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu holat Curiosity marsoxodi tomonidan bir necha yil avval olingan fotosuratda aks etgan. Naked Science nashrining xabar berishicha, ushbu g‘alati obyekt sayyorada tasvirga tushib qolgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, surat 2023-yil 20-avgust kuni Curiosity’ning o‘ng navigatsiya kamerasi orqali olingan. Unda havoda suzib turgandek ko‘rinadigan shakl mavjud. Obyekt paypaslagichlarga ega gumbazsimon boshni eslatadi.
Eng qiziq jihati shundaki, atigi 13 soniya oldin olingan boshqa bir kadrda bu "meduza" ko‘rinmaydi. Bu holat ba’zi kishilarni Mars yuzasida aqlbovar qilmaydigan tezlikda harakatlana oladigan ulkan umurtqasiz mavjudot bor degan taxmin qilishga undadi.
Ulkan o‘zga sayyoralik meduza gipotezasini to‘liq inkor etib bo‘lmaydi. Biroq, bu kamera defekti bo‘lishi ham mumkin. Astrofizik doktor Jozef Farahning fikricha, g‘alati obyekt kosmik nur kamera sensoriga urilishi natijasida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, tasvir kattalashtirilganda, mukammal darajada bir chiziqqa tizilgan qora piksellar qatori aniq ko‘rinadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu obyektning noodatiy shaklini ham izohlaydi. Qolaversa, bu nazariya atigi 13 soniya oldingi tasvirda ushbu shaklning yo‘qligi faktiga mos keladi. Yana bir gipoteza ham mavjud: EarthSky nashri buni elektron nosozlik yoki ma’lumot uzatishdagi xatolik keltirib chiqargan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Piksel qiymati kamera sensoridan Yerdagi yakuniy tasvir fayligacha bo‘lgan yo‘lda bir nechta nuqtada o‘zgarishi mumkin. Bu ma’lumotlarni o‘qish elektronikasida, bort kompyuterida ma’lumotlarni saqlash vaqtida, tasvirni siqishda, Yerga ma’lumot uzatishda yoki keyingi ishlov berish jarayonida sodir bo‘lishi mumkin.
Avvalroq NASA Oy va Marsdagi hayot simulyatsiyasida bir yil yashash uchun to‘rt nafar ko‘ngilli qidirayotgani haqida xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, Jonson koinot markazida o‘tadigan dastur doirasida ko‘ngillilar sun’iy yaratilgan koinot sharoitida astronavtlar vazifasini bajaradi, ekin yetishtiradi va Mars vaqtiga moslashishni mashq qiladi.

