Namangan va Andijonda «Regapen» savdogarlari qoʻlga olindi

Namangan va Andijonda «Regapen» sotuvchilari qoʻlga olindi
Namangan va Andijon viloyatlarida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanishiga chek qoʻyildi. Ikkita tezkor tadbir doirasida huquq-tartibot idoralari xodimlari 3 mingdan ortiq «Regapen» tabletkasini musodara qilishdi, gumonlanuvchilardan biri esa yirik turkumni 7,7 ming dollarga sotayotgan vaqtda qoʻlga olindi.
Birinchi hibsga olish Namangan viloyatining Pop tumanida sodir boʻldi. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boʻlimi va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari fuqaroni 938 dona «Regapen» tabletkasini sotayotgan vaqtida qoʻlga olishdi.
Qoʻlga olish chogʻida erkakning yonidan xuddi shu kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasidan yana 1,8 ming dona tabletka topildi. Ular ham ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro ushbu dori vositalarini Fargʻonada oʻzining ilgari sudlangan tanishi bilan birga sotib olgani aniqlandi. Dorilar yetkazib berilgach, ulardan biri tovarni oldindan belgilangan joylarga joylashtirish va saqlanishini taʼminlash bilan shugʻullangan, ikkinchisi esa xaridorlarni izlab, dorilarni sotgan.
Yana bir holat Andijon viloyatining Baliqchi tumanida aniqlandi. «Navroʻz» mahallasida yashovchi fuqaroning uyi koʻzdan kechirilganda, huquq-tartibot idoralari xodimlari 308 dona «Regapen» tabletkasini topishdi. Tekshiruv maʼlumotlariga koʻra, erkak ushbu dori vositasini keyinchalik sotish maqsadida saqlab kelgan.
Ikkala holat boʻyicha ham giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglariga kirmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni noqonuniy muomalaga kiritish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi modda bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.
Bundan avval Qoʻqonda yirik turkumdagi giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari kontrandasiga chek qoʻyilgan edi. Qoʻlga olingan shaxsdan 2,4 kilogramm gashish va 5,6 ming dona «Regapen» tabletkasi musodara qilingan.

