Mahalliy

Namanganda 577 mln so‘mlik hujjatsiz va sifati kafolatlanmagan dori vositalari aniqlandi

Namanganda 577 million so‘mlik hujjatsiz va sifati kafolatlanmagan dori vositalari topildi.

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabariga ko‘ra, Namangan shahrida sanitariya qoidalariga zid ravishda saqlanayotgan va kelgusida sotishga mo‘ljallangan, umumiy qiymati 577 million so‘mdan ortiq bo‘lgan dori vositalari aniqlangan.

Aholi salomatligini himoya qilish maqsadida DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida Namangan shahridagi uylardan biri xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv natijasida 1996-yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan sotish maqsadida sanitariya qoidalariga rioya qilinmagan holda saqlanayotgan dori vositalari borligi aniqlangan.

Jumladan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan 56 turdagi jami 13 184 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Ular orasida "Sefotaksim", "Bifidumbakterin", "Atropin", "Tidomet forte" kabi preparatlar ham mavjud.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu dori vositalari qo‘shni respublika hududidan aylanma yo‘llar orqali olib kirilib, "yashirin ombor" sifatida foydalanilgan xonadonda saqlangan.

Baholash xulosasiga ko‘ra, olib qo‘yilgan dori vositalarining umumiy qiymati 577 million 381 ming so‘mni tashkil etgan.

Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

DXX fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishga chaqirdi. Murojaat qilgan shaxsning ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil fevral oyida Toshkentdagi xonadonda sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 3 milliard so‘mlik dori vositalari yashirin ombori tashkil qilingani aniqlanib, bu dorilar savdosi bilan shug‘ullanuvchilar faoliyatiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.