Mahalliy

Namanganda omborxonalardan qariyb 500 mln so‘mlik noqonuniy dorilar topildi

Namangan viloyatida qariyb 500 million so‘mlik noqonuniy dori vositalari omborxonalardan topildi. Bosh prokuratura huzuridagi departament xabariga ko‘ra, davlat reyestridan o‘tmagan, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan 500 million so‘mdan ziyod dori vositalari aniqlangan.

Departamentning Mingbuloq tuman bo‘limi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda “M.SH.” MCHJ rahbari A.A. va uning sheriklari faoliyati tekshirilgan. Ular Namangan shahrining “Boburshoh” va Davlatobod tumanidagi “Porloq” mahallalarida joylashgan omborxonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotish uchun saqlagani aniqlangan.

Omborxonalardan jami 32 626 quti, 485 turdagi dori vositasi va tibbiy buyum olib qo‘yilgan. Ushbu mahsulotlar orasida davlat reyestridan o‘tmagan, muvofiqlik sertifikati bo‘lmagan va yaroqlilik muddati tugagan mahsulotlar mavjudligi ta’kidlangan. Dori vositalari va tibbiy buyumlarning umumiy qiymati 502,7 million so‘m deb baholangan.

Mazkur holat yuzasidan MCHJ rahbari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini resept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada 2,2 milliard so‘mlik sifatsiz dori vositalari va Namanganda sanitariya qoidalariga zid ravishda saqlab kelingan 577 million so‘mdan ortiq qiymatdagi dorilar aniqlangandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.